Kontent qismiga oʻtish

Qoratepa (majmua)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qoratepa — budda gʻor ibodatxonalar majmuasi (milodiy IIII asrlar)[1]. Eski Termizning shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Bu tepalikda Kushonlar podsholigi davridagi buddist monastir majmuasi joylashgan. Majmua xarobalari Markaziy Osiyoda rivojlangan buddizmining eng muhim yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Monastir faoliyati davomida jamoa tarkibida masangkhik rohiblari ham boʻlgan.

Qoratepaning yuqori qismida joylashgan ayvon galereyasi perimetri boʻylab ochiq hovlidan iborat. Fasadning bir qismida yuqori qismini gʻor bilan bogʻlaydigan oʻtish yoʻllari joylashgan edi. Qoratepaning shimoliy qismini katta minomyotli tepa ibodatxonasi egallab olgan. Topilmalar Termizning qadimgi dunyoning boshqa shaharlari bilan madaniy aloqalarini koʻrsatadi[2]

Arxeologik tadqiqotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlab 1926—1928-yillarda Moskvadagi Sharq xalqlari madaniyati davlat muzeyi ekspeditsiyasi tomonidan ochgan. 1937-yilda M. Y. Masson va Y. G. Pchelina tadqiqot ishlarini amalga oshirgan. 1960-yillarda arxeolog B. Y. Staviskiy arxeologik qazish ishlari olib borgan. Keyinchalik Oʻzbekiston—Yaponiya qoʻshma arxeologiya ekspeditsiyasi ish olib borgan.

Obida 3 ta tabiiy, yumshoq, loy tepalik ustida qurilgan. Har birida 3-5 tadan rohib yashashi uchun moʻljallangan koʻp sonli viharalar barpo etilgan. Har bir vihara kvadrat maydon shaklda boʻlib, uning markazida stupa boʻlishi kerak edi. Bu vixaralarning barchasi devor bilan oʻralgan va atrofiga binolar qurilgan. Bir tomonida yashirin platforma tunnellariga yoʻllar ochilgan. Vixaralarning gʻor qismlari ikki xil tuzilishga ega boʻlgan. Birinchisi tepalikka chuqur kirib boradigan oddiy gʻorlar boʻlsa, boshqasi reja asosida qurilgan yopiq kvadrat shaklini eslatuvchi yoʻlaklar hamda ularning markazida joylashtirilgan kichik hujra boʻlgan. Tashqi platformada tepalikning yuqori qismiga olib boradigan zinapoya boʻlgan, u yerda ibodatxonaning ikkinchi qavati binolari joylashgan.

Inshootlarning egallagan umumiy maydoni 8 ga dan ziyod. Janubiy doʻnglikda 15 dan ziyod gʻor majmuasi mavjud boʻlgan. Gʻarbiy doʻnglikdagi gʻor majmuasi 5 dan ortiq gʻorga ega boʻlgan. Shimoliy doʻnglikning sharqiy qismini yer yuzasida joylashgan monumental majmua egallagan, gʻarbiy qismini esa yer yuzasiga qurilgan uncha hashamatli boʻlmagan ibodatxonalar band qilgan.

Qoratepadagi hamma imoratlar turli vaqtlarda barpo etilgan. Keyinchalik, qolganlari avvalgilariga yondosh qilib qurilgan, soʻng ular bilan bir vazifani bajarishgan. Hammasi bir necha bor taʼmirlangan va tarhi oʻzgartirilgan. Ibodatxonalar yoki boshqa muqaddas joylar ichi mavzuli (syujetli) va naqshinkor bezak, loyganch, ganch, tosh haykali bilan bezatilgan.

Gʻor ibodatxonalarini qurish qoidalari hindlardan oʻzlashtirilgan. Ammo keyinroq qurilganlarini rejalashda baqtriylarning meʼmoriy usullari ustun turadi.

Qoratepadagi dastlabki buddaviy ibodat inshootlari, aftidan, milodiy 1-asrda qurila boshlagan. Qoratepaning eng gullagan davri milodiy 1—3-asrlarga toʻgʻri kelib, bu paytda ibodatxonalar koʻplab qurila boshlangan, avvalgilari esa yangilangan hamda bezatilgan. Bu jarayonda kushonshohlar, ularning noiblari, shahar hokimlari va badavlat shaharliklarning homiyligi hamda madadi muhim oʻrin tutgan.

Qoratepadan topilgan, bagʻishlov bitiklari boʻlgan sopollar bu holatni aniq koʻrsatadi. Bitiklarga koʻra, Qoratepadagi ayrim majmuotlar Kxadevakavixara — Podsho monastiri, Vxara Gulavxara vxad — Gulavxara oʻgʻli (Gondafar) Viharasi, Okavixara deb nomlangan. Qoratepa bitiklarida rohiblardan Buddashir, Buddxamitra, Jivananda ismlari eslatib oʻtilgan. Boy erkak va ayol homiylar qiyofasi rasmlarda hamda haykallarda saqlanib qolgan. Qoratepadan koʻplab budda haykallari topilgan[3].

Vayron etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Milodiy 3-asr oxiriga kelib Qoratepa majmualari inqirozga yuz tutdi yoki vayron etildi. Bu, sosoniylarning Kushon davlatiga qilgan harbiy yurishlari bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Ayrim majmuotlar xonalariga otashkadalar oʻrnatilgan. Ayni mahalda Qoratepa majmuotlarining muayyan qismi milodiy 4-asr oxiri — 5-asr boshigacha ishlab turgan. Milodiy 4-asrdayoq Qoratedagi koʻplab tashlandiq xonalar va gʻor ibodatxonalaridan qabr sifatida foydalanilgan, soʻng kirish joylari xom gʻisht bilan urib yuborilgan.

Eng dastlabki qabrlar yonida kushon-sosoniy tipidagi tangalar, Peroz tangalari va unga taqlidan zarb qilingan tangalar uchraydi, keyingi qabrlarda esa milodiy 5—6-asrlardagi Termiz hukmdorlari tangalari topilgan, ularning bir tomonida langar surati tasvirlangan. 7-asrdan 12-asrgacha Qoratepadagi yarim koʻmilgan ayrim xonalar va gʻorlardan zohidlar foydalanishgan.

Qoratepadan topilgan rasmlar, haykallar va boshqa dekorativ-amaliy sanʼat buyumlari kushonlar davridan Tarmita — Termizda oʻziga xos anʼana va yoʻnalishga ega boʻlgan alohida badiiy maktab boʻlganidan dalolat beradi. Bu maktab kushonlar davrida Baqtriya badiiy madaniyatininggina emas, balki butun antik madaniyatning rivojlanishida katta rol oʻynaydi.

Qazish paytida Qoratepadan Kushon podsholigi davriga oid sopol idishlar, kosa va koʻzachalar, mis chaqalar, ohaktoshdan ishlangan meʼmorlik detallari, plitalar, sopol chirogʻdonlar topilgan. Topilmalar ichida 70 dan ortiq sopol idish siniqlariga hindcha bitilgan yozuvlar (kharoshthi va brahma yozuvlari) va devorlarga chizilgan kushon-baqtriya hamda fors-pahlaviy yozuvlari aniqlangan[4].

Taʼmirlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoratepda qurilgan monastrda taʼmirlash boʻyicha sust urinishlar 4—5-asrlarda amalga oshirilgan. Bunda hududdagi haykallar qayta taʼmirlangan, yangi devor rasmlari yaratilgan (bir rangda chizilgan va avvalgilaridan sifat jihatidan past boʻlgan). Ibodatxonaga Hindistondan koʻplab ziyoratchilar kelishadi. V asrdan keyin ibodatxona nihoyat toʻliq vayronaga aylanadi, uning xarobalari esa qabriston sifatida ishlatila boshlanadi. Xarobalardagi topilgan qoldiqlarning koʻrinishidan, 8-asrda tashlandiq vixarada nasroniy monastiri faoliyat yuritganligi aniqlangan[5].

  1. „Surxondaryoning arxeologik yodgorliklari“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
  2. „Ancient Termiz“. unesco. Qaraldi: 08-2023.
  3. „Qoratepa“. meros.uz. Qaraldi: 08-2023.
  4. "Qoratepa (majmua)" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. Mkritchev T. K. Meditatsiya na buddiyskiy monastir[sayt ishlamaydi]//Vostochnaya kolleksiya, № 3/2001.