Kontent qismiga oʻtish

Chorboq suv ombori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Chorboq suv ombori
Morfometriya
Maydoni 37 km²
Sigʻimi 2 km³
Sohil chizigʻining uzunligi 94 km
Xarakteristikasi
Toʻldirilgan yili 1970
Toʻgʻon balandligi 168 m
Havzasi
Quyiladigan irmoqlar Piskom, Koʻksuv, Chatqol, Novalisoy, Chimyonsoy
Oqib ketadigan irmoqlar Chirchiq
Joylashuvi
Hudud Toshkent viloyati
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 41.6375/70.0333

Chorvoq suv ombori Toshkent viloyatining shimolida, Boʻstonliq tumanida joylashgan suv ombori, viloyatni suv va gidroenergiya bilan taʼminlovchi irrigatsion inshootdir. U Chirchiq daryosi boʻyida, Gʻarbiy Tyan-Shanning Ugom va Chatqol togʻ tizmalari oraligʻida Piskom va Chatqol daryolarining qoʻshilish joyidan bir oz pastroqda joylashgan. Suv havzasi maydoni 3200 km²[manba kerak].

Suv ombori Chorvoq GESdagi 168 metr balandlikdagi tosh toʻgʻondan hosil boʻlgan[1]. Suv omborining hajmi taxminan 2 km³. Suv omborining suv yuzasi maydoni 37 km² dan ortiq, qirgʻoq chizigʻining uzunligi yuz kilometrga yaqin. Yozda suv ombori sathi sezilarli darajada pasayadi, chunki uning suvi Chirchiq vodiysida irrigatsiya va sugʻoriladigan dehqonchilik uchun ishlatiladi.

Suv omborida zogʻora, qora baliq, gulmoyi, sig, pelyad kabi baliq turlari mavjud.

2020-yil 10-iyuldan boshlab suv omborida motorli suv transporti harakati taqiqlanadi. „Maxsus vazifalarni bajarishga vakolatli vazirlik va idoralar“ ushbu taqiqdan mustasno. Motorsiz suv transportidan yoki muqobil energiya manbalari orqali harakatlanadigan transport vositalaridan foydalanishga ruxsat beriladi[2][3].

Umumiy maʼlumotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suv ombori qirgʻoqlarida koʻp sonli pansionatlar, dam olish zonalari va yozgi bolalar sport-sogʻlomlashtirish oromgohlari joylashgan. Chorboq suv omborining atrofida uning qirgʻogʻida joylashgan aholi punktlarini bogʻlaydigan halqa yoʻli mavjud.

Koʻksuv daryosining suv omboriga quyilish joyidan uncha uzoq boʻlmagan joyda Burchmulla qishlogʻi joylashgan. Qishloq Sergey Nikitinning „Brichmulla“ qoʻshigʻi (sheʼr muallifi Dmitriy Suxarev) orqali mashhurlikka erishgan. Suv ombori qirgʻogʻida Bogʻiston, Yangiqoʻrgʻon, Yusufxona, Sijjak va boshqa aholi punktlari ham joylashgan.

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chorboq suv ombori hududida Oʻzbekistondagi eng qadimiy tarixiy va arxeologik yodgorliklarni uchratish mumkin. Jumladan, suv omboridan uncha uzoq boʻlmagan joyda, Paltau daryosi boʻyida Mustye davrining ibtidoiy odamlari yashagan joy – Obirahmat gʻori joylashgan[4]. Chorboq suv ombori yaqinida (Xoʻjakent qishlogʻida) Chinor nomli gʻor boʻlib, u yerda qadimgi odamlarning qoyatosh rasmlari koʻp.

Shuningdek, suv ombori qirgʻogʻida joylashgan qiziqarli tarixiy joy – Bogʻiston qishlogʻi boʻlib, u oʻz davrining ikki buyuk insoni tugʻilgan maskan hisoblanadi. Ulardan biri shayx Xovand Tohur (Shayxontohur), XIII asrda shu yerda tugʻilgan. Toshkentdagi maqbarasi shaharning asosiy tarixiy va meʼmoriy diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi. Ikkinchisi shayx Ubaydulloh Ahror – ona tomondan shayx Xovand Tohurning uzoq avlodi. Ubaydulloh Ahror soʻfiylikning buyuk ustozi va XV asrda mintaqa musulmon ruhoniylariga rahbarlik qilgan, naqshbandiya tariqa namoyondalaridan.