Ubayt Asatov
Ubayt Asatov | |
---|---|
Buxoro viloyati Ijroiya qoʻmitasi raisi | |
Oʻtmishdoshi | Sharif Xayrullayev |
Vorisi | Alisher Toshkenboyev |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Siyosiy partiyasi | KPSS |
Mukofotlari |
Ubayt Asatov — davlat va siyosat arbobi, iqtisod fanlari doktori. Buxoro va Navoiy viloyatlari ijroiya qoʻmitasining raisi. KPSS aʼzosi.
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ubayt Asatov 1936-yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tugʻilgan. 1954-yilda Toshkent uzumchilik va mevachilik texnikumini tamomlagan. 1956-yildan boshlab Buxoro tumanidagi 8-bogʻdorchilik-uzumchilik sovxozida katta agronom sifatida ish boshlaydi. 1962-yilda Toshkent qishloq xoʻjalik institutini agronomlik fakultetini bitirgan. 1970-yilda KPSS MK huzuridagi Moskva Oliy partiya maktabini tamomlagan.
1956-yildan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ishlarda faoliyat boshlagan. 1956—1985-yillarda 8-sonli „Sadvinsovxoz“ katta agronomi, Buxoro tuman komsomol qoʻmitasi birinchi kotibi, Buxoro viloyat komsomol qoʻmitasi birinchi kotibi, viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi, Kogon tumani Navoiy shahar Xalq deputatlari Kengashlari ijroiya qoʻmitasi raisi, Kogon sovxozi direktori, Kogon tuman partiya qoʻmitasi birinchi kotibi, rais oʻrinbosari, xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi[1], xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi kabi masʼul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 1972-yilda iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini oladi. Uning 40 dan ortiq ilmiy ishlari Oʻzbekistondagi gazeta va jurnallarda nashr etilgan.
Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining 9-, 10- va 11-chaqiriqlari deputati etib saylangan. KPSS XXVI syezdi delegati.
Ubayt Asatov Buxoro va Navoiy viloyatlari ijroiya qoʻmitasining raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan davrda Qiziltepa tumanidagi Oʻrtachoʻl massivini oʻzlashtirish, yangi oʻzlashtirilgan yerlarda sovxozlar tashkil qilish, yangi hududlarda sugʻorish uchun kanallar qazdirish, sugʻoriladigan ekin maydonlarini irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash maqsadida bir qancha ishlarni amalga oshirgan. 1985-yilda Asatov qatagʻon qurboni boʻldi. „Paxta ishi“ tufayli Moskvadan yuborilgan T.Gdlyan va V.Ivanov boshchiligidagi guruh tomonidan 1985-yil 22-sentyabrda qamoqqa olingan. 1986-yilning 22-oktyabrida 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Oʻzbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov topshirigʻi bilan Oʻzbekiston Oliy sudi Prezidiumi 1990-yil 7-sentyabrda Asatov ishini qayta koʻrib chiqadi. Dastlabki 13 yillik muddat 7 yilga tushirilgan. Ubayt Asatov 7 yillik jazo muddatini oʻtagandan soʻng, 1991-yilning 20-martida ozodlikka chiqarilgan[2]. Shundan soʻng Buxoro tibbiyot institutida ishlay boshlagan. Institutda prorektor yaʼni, iqtisod va kapital qurilish boʻyicha maslahatchi lavozimida faoliyat yuritgan. Afsuski, Ubayt Asatov 1993-yil 8-sentyabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumanining oʻzi tugʻilib oʻsgan Mahallai Qozi qishlogʻida 56 yoshida vafot etgan. Qabri Bibika boʻtpoʻsh qabristonida. Ubayt Asatov oʻlimidan keyin 1996-yil 20-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining qarori bilan oqlangan.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ubayt Asatov oilali, 8 farzandi: 4 oʻgʻil va 4 qizi bor.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Список депутатов Верховного Совета Узбекской ССР 10 созыва“. Qaraldi: 25-iyul 2023-yil.
- ↑ Р. Мақсудов, Қ.Ражабов. Қизилтепа тумани: кеча ва бугун. Sahhof 2021 — 167-bet. ISBN 978-9943-66-65-1-1.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Deputati Verxovnogo Soveta Uzbekskoy SSR: Desyatiy soziv. (Kratkie biograficheskie svedeniya). — T.: Uzbekiston, 1981. — S. 115.
- Asatov