Muslim ibn Hajjoj
Muslim ibn Hajjoj, imom Muslim (817 yoki 821—Nishopur — 875) — muhaddis, imom. Imom Buxoriydan keyingi hadis ilmining bilimdoni. Fiqhdan ham yaxshi xabardor boʻlgan. Yoshligida koʻp mamlakatlarga safar qilgan, jumladan, Hijoz, Misr, Suriya, Iroqda boʻlgan. Ulamolarning qayd etishlaricha, u 300 mingdan ziyod hadisni oʻrganib chiqib, ulardan 12 mingtasini ishonchli (sahih) deb topgan va oʻzining "as-Sahih" ("Sahihi Muslim") asariga kiritgan. Toʻplam musannaf shaklida tuzilgan.
Mazmunan uni "Sahihi Buxoriy"ning oʻzginasi deyish mumkin, lekin u boshqa manbalarga asoslanib yozilgan. Muslim ibn Hajjoj isnodga alohida ahamiyat bergan. Kitob 52 boʻlimdan iborat, boʻlimlarning har birida oʻziga tegishli hadislar toʻplangan (masalan, dinning 5 arkoni toʻgʻrisidagi, nikohga doir, meros qoidalariga bagʻishlangan, qurbonlikka oid, paygʻambarlar va sahobalar toʻgʻrisidagi, oxirat haqidagi, axloqqa oid va tibbiy mazmundagi hadislar). Tarixiy va biografik mazmundagi hadislar bu kitobning boy manba sifatidagi qiymatini oshiradi. "As-Sahih" kitobi shariat boʻyicha qoʻllanma vazifasini oʻtashi lozimligi nazarda tutilgan. Bu asar ahli sunna nazdida 6 ta mashhur sahih kitobning ikkinchisidir.
Muslim ibn Hajjoj bundan tashqari fiqhga oid asarlar va muhaddislarga bagʻishlangan biografik toʻplamlar yaratgan, lekin yozganlari saqlanib qolmagan, bizgacha birgina "as-Sahih" asari yetib kelgan. [1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |