Abbosiy fuqarolar urushi (865—866)
Abbosiy fuqarolar urushi (865—866) | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
Samarradagi anarxiyaning bir qismi | |||||||
9-asr oʻrtalarida Iroq va uning atrofidagi hududlar xaritasi. | |||||||
| |||||||
Raqiblar | |||||||
Muʼtazz (Samarra) | Mustaʼin (Bagʻdod) | ||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Abu Ahmad al-Muvaffaq Kalbatikin at-Turkiy Muhammad ibn Rashid al-Magʻribiy |
Muhammad ibn Abdulloh ibn Tohir Vosif at-Turkiy Bugʻa ash-Sharobiy Abulsaj Devdod | ||||||
Kuchlar | |||||||
19,000 atrofida | Nomaʼlum |
Abbosiylar oʻrtasida boʻlib oʻtgan 865—866-yillardagi fuqarolar urushi. Uni baʼzan Beshinchi fitna deb ham atashadi[1], „Samarradagi anarxiya“si davrida raqib xalifalar Mustaʼin va Muʼtazz oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuv yuz berib, Abbosiylar xalifaligi ustidan boshqaruv kimning qoʻlida boʻlishini aniqlash uchun kurash kechgan. Taxminan bir yil davom etgan urush asosan Bagʻdodni uzoq muddat qamal qilish bilan kechib, Muʼtazzning yagona xalifa boʻlishi bilan yakunlangan. Mustaʼinni tarafdorlari tashlab ketgach, taxtdan voz kechishga majbur boʻlgan. Mustaʼinning hayotini saqlab qolish uchun kafolat berilganiga qaramay, koʻp oʻtmay qatl etilgan.
Urush natijasi Muʼtazzning hokimiyat tepasiga kelishi uchun qoʻllab-quvvatlagan turkiy harbiy tuzilmaning katta gʻalabasi boʻlib, turklarga xalifalik hukumati va harbiylari ustidan hokimiyatni saqlab qolish imkonini bergan. Garchi urushdan oldingi egallab turgan pozitsiyalarini saqlab qolishlariga ruxsat berilgan boʻlsa-da, Mustaʼin partizanlari, yaʼni Tohiriylar oilasi, arab harbiy guruhlari va Bagʻdod fuqarolari taslim boʻlganlaridan keyin markaziy hukumat siyosatidan chetlashib qolishgan. Urush davomidagi aksariyat janglar bo‘lib o‘tgan Markaziy Iroq har ikki tomonning harakatlari tufayli vayron bo‘lgan.
Tarixchi Tabariy urush haqida batafsil ma’lumot bergan[2]. Masʼudiy[3] va Yaʼqubiy[4] kabi boshqa musulmon tarixchilari ham oʻz asarlarida urushni eslatib oʻtganlar.
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xalifa Mutavakkil (847—861) vafotidan keyin oʻgʻillariga xalifalikni meros qilib olish imkonini beradigan vorislik rejasini tuzgan. Unga koʻra, dastlab birinchi oʻgʻli Muntasir, keyin Muʼtazz va uchinchi boʻlib Muʼayyad xalifa boʻlishi kerak edi[5]. 861-yilda Mutavakkil bir guruh turk harbiy ofitserlari tomonidan, ehtimol Muntasirning yordami bilan oʻldirilgan. Muntasirning qisqa hukmronligi davrida (861—862) turklar xalifaga Muʼtazz va Muʼayyadni vorislikdan mahrum qilish boʻyicha bosim oʻtkazishgan. Muntasir vafot etgach, turk zobitlari bir joyga yig‘ilib, o‘lgan xalifaning amakivachchasi Musta’inni taxtga chiqarishga qaror qilishgan[6]. Yangi xalifa taxtga chiqishi bilan Samarrada huquqdan mahrum boʻlgan Muʼtazzni qoʻllab-quvvatlagan yirik gʻalayonga duch kelgan. Qoʻzgʻolonchilar harbiylar yordami bilan bostirilgan, ammo har ikki tomondan yirik talofatlar berilgan. Mustaʼin Muʼtazz yoki Muʼayyad xalifalikka daʼvo qilishlari mumkinligidan xavotirlanib, avval ularni sotib olishga urinib koʻrgan, keyin esa zindonga tashlagan[7].
Muʼtazz tarafdorlari bostirilgach, xalifaning hukmronligi deyarli uzilishsiz 865-yilgacha davom etgan. Hukumatning doimiy ravishda askarlarga maosh toʻlashga qodir emasligi turklar oʻrtasidagi oʻzaro urushlar bilan birga rejim barqarorligiga ham tahdid solgan. 865-yil boshida turk zobitlari oʻrtasida janjal kelib chiqib, tezda umumiy askarlar kurashiga aylandi. Ofitserlardan biri oʻldirilgach, askarlar zoʻravonlik qilishga kirishib, tez orada Samarra koʻchalarida gʻalayon koʻtarishgan. Bunaqa vaziyatga duch kelgan Mustaʼin va ikki oliy martabali turk zobitlari Vosif va Bugʻa ash-Sharabiy Samarradan Bagʻdodga ketishga qaror qilib, u yerga 865-yil fevral oyining birinchi haftasida yetib kelishgan. Ular yetib kelgach, shaharning qudratli Tohiriy noibi Muhammad ibn Abdulloh kutib olib, xalifa uning saroyiga joylashdi[8].
Samarradagi turklar Mustaʼinning shahardan chiqib ketganini bilib, Bagʻdodga boradigan yoʻlni toʻsib qoʻydilar[9]. Keyin turklar delegatsiyasi xalifa huzuriga borib, qilmishlari uchun mag‘firat qilishi va o‘zlari bilan xalifaning Samarraga qaytishini so‘radilar. Mustaʼin turklarga haq toʻlashda davom etishlarini vaʼda qilar ekan, Bagʻdodni tark etishdan bosh tortib, Muhammad ibn Abdulloh bilan birga elchilarni beadabliklari uchun masxara qilishgan. Xo‘rlangan turklar jahl bilan Samarraga qaytib, bo‘lgan voqeani vatandoshlariga aytib berishgach, Mustaʼinni taxtdan tushirishga qaror qilishgan. Askarlar Muʼtazzni zindondan ozod qilib, uni oʻzlarining xalifalari deb tan olishgan. Muʼtazz taklifga rozi boʻlgach, bayʼat tuzilib, Samarradagi koʻplab amaldorlar unga bayʼat qilgan[10].
Harbiy harakatlarning boshlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abbosiylar sulolasining ikki aʼzosi oʻzlarini xalifa deb daʼvo qilishlari tufayli urush muqarrar boʻlib qoldi. Mustaʼin tarafida boʻlgan Muhammad ibn Abdulloh tezda harbiy harakatlarga boshchilik qila boshlagan. U Bag‘doddan Samarraga barcha oziq-ovqat tashuvlarini to‘xtatishni buyurib, Mosul mintaqasidagi ittifoqchilardan ham shunday qilishni soʻradi. Muhammad oʻziga nisbatan doʻstona qoʻmondonlarga kuchlarini safarbar qilishga chaqiruvchi maktublar yuborib, ularni Bagʻdodda ishga yollashni boshladi. Qamalga tayyorgarlik jarayonida shahar mustahkamlanib, ishlar 22-fevralgacha yakunlandi. Anbar atrofidagi ko‘priklar va kanallar vayron bo‘lib, hududni suv bosishi hududda dushman qo‘shinlarining har qanday harakatiga to‘sqinlik qilgan[11]. Muhammad butun xalifalik bo‘ylab soliq idoralariga ham xat yozib, ularning daromadlarini Samarra o‘rniga Bag‘dodga yuborishni buyurgan[12].
O‘z navbatida, Mu’tazz Muhammadga maktub yo‘llab, uni oʻziga bay’at qilishga undagan[13]. Koʻp oʻtmay, Muʼtazz ukasi Abu Ahmadni (boʻlajak Muvaffaq) qoʻshinga qoʻmondon etib tayinlab, unga Mustaʼin va Muhammadga qarshi jang qilishni buyurdi. Kalbatikin at-Turkiy boshchiligidagi besh ming turk va farg‘onalik (faragʻina) askarlar hamda Muhammad ibn Rashid al-Mag‘ribiy boshchiligidagi ikki ming shimoliy afrikalik (mag‘ariba)[14] askardan iborat qo‘shin 24-fevral kuni Samarradan jo‘nab ketgan. Olti kundan keyin ular Ukbaraga yetib kelishib, u yerda Abu Ahmad al-Muʼtazz nomidan namoz oʻqidilar. Turklar va Shimoliy Afrikaliklar Ukbara va Bagʻdod oʻrtasidagi hududni talon-taroj qila boshladilar. Bu esa koʻplab mahalliy aholining oʻz mulklari va dalalarini tashlab ketishlariga sabab boʻldi. 10-mart kuni Abu Ahmad va uning qoʻshini Bagʻdodning sharqiy tarafidagi Shammasiya darvozasi oldiga yetib kelib[15], shaharni qamal qila boshladi.
Strategiya va harbiy kuchlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mustaʼin
[tahrir | manbasini tahrirlash]Har ikki xalifa ham urush davomidagi harbiy amaliyotlarda bevosita qatnashmagan. Mustaʼin jangovar harakatlarni olib borish masʼuliyatini Muhammad ibn Abdulloh zimmasiga topshirish bilan kifoyalangan. Qoʻmondon boʻlgan Muhammad umumiy mudofaa strategiyasini tanlagan. Bag‘doddagi mavqeiga tayangan holda, Muhammad shahar va uning atrofidagi tumanlardan tashqarida har qanday hujum operatsiyalarini o‘tkazishni istamagan. Hatto unga boshqalar tashqarida jang olib borishni maslahat bergan bo‘lsa ham, bunga koʻnmagan. Muhammad shaharga kelishni yoʻlidagi shaharlarni himoya qilishga harakat qilgan boʻlsa-da, Samarraga hujum qilishga urinish haqida hech qanday harakat qilmagan. Bagʻdodda qolib, shaharning taʼminot yoʻllarini ochiq tutib, bir vaqtning oʻzida Samarra uchun oziq-ovqat va soliq tushumlarini toʻxtatib qoʻygan Muhammad Muʼtazz qoʻshinlarini zaiflashtira olishiga ishongan.
Bagʻdodni qamalga tayyorlash uchun katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Shaharning sharqiy va gʻarbiy tomonida devor va xandaqlar qurilgan boʻlib, ularga uch yuz ming dinordan ortiq mablagʻ sarflangan. Devorlarga ballistalar va manjaniqlar oʻrnatilgan. Shahar darvozalari oldiga dushman harakatiga toʻsqinlik qilish uchun moʻljallangan „urush dvigatellari“ joylashtirilgan. Bozor ayvonlari yonib ketmasligi uchun buzib tashlangan. Shahar tashqarisidagi joylar esa hujumchilarni tuzoqqa ilintirish uchun loy holatigacha yumshatib chiqilgan[16]. Jang boshlanganidan bir necha kun oʻtgach, himoyachilar uchun kattaroq joy ochish maqsadida Muhammad devor ortidagi katta maydonni vayron qilishni buyurgan.
Muhammad oʻz ittifoqchilari va Bagʻdod aholisidan iborat koʻplab ishchi kuchi manbalariga ega edi. U yordam soʻrab chaqiruviga quloq soladigan koʻplab doʻstona munosabatdagi harbiy qoʻmondonlarga tayanishi mumkin edi. Urushning dastlabki oylarida Iroq, Jazira, Jibal, Arab—Vizantiya chegarasi va boshqa joylardan bir nechta kichik harbiy guruhlar Bagʻdodga kelgan[17]. Muhammadning jiyani Muhammad ibn Tohir ham ittifoqchisi edi. U koʻplab sharqiy viloyatlarning hokimi boʻlsa-da, oʻsha paytda asosan Tabaristondagi Hasan ibn Zayd qoʻzgʻoloni bilan band edi[18]. Muhammad oʻz askarlari safini kengaytirish uchun Bagʻdodda harbiy safarbarlik oʻtkazib, koʻngillilarni Mustaʼinga xizmat qilishga chaqirgan. Urush boshlangan paytda Makkaga yo‘l olgan bir guruh xurosoniy ziyoratchilardan ham shaharda qolib, jang qilish so‘ralgan. Shahardagi ko‘plab qaroqchilar ham yollangan va qurol-yarog‘ bilan ta’minlangan. Dastlab ularga oʻzlarini himoya qilishlari uchun boʻyra va dushmanga hujum qilish uchun tosh yoki gʻisht qoplari berilgan[19]. Keyinchalik alohida harbiy qismlar tuzildi, boshliqlar tayinlandi va pul toʻlash uchun harbiy roʻyxatga olindi[20]. Atrofdagi arab badaviylari va kurd qabilalari ham Mustaʼin uchun kurashgan[21].
Abbosiylarning odatiy saroy amaliyotiga koʻra[22], Mustaʼin va Muhammad ofitserlar va askarlarga muntazam ravishda sovgʻalar bergan. Tabariyning voqea-hodisalar haqidagi maʼlumotida qo‘mondonlarning xizmatlari uchun mukofotlanganiga oid ko‘plab misollar mavjud. Ularga o‘z qo‘shinlari bilan Bag‘dodga yetib kelishlari, jang maydonidagi alohida xizmatlari yoki muhim missiyaga rahbarlik qilish uchun tanlanganlari holatlardagi kabi bir necha marta sovg‘alar berilgan. Anʼanaviy sharafli liboslar muntazam ravishda berilgan. Boshqa sovgʻalar zargarlik buyumlari, tantanali qilichlar, pullar va qoʻshinlar uchun oshirilgan ajratmalar edi[23].
Muhammad qoʻmondonligi ostidagi qoʻshin miqdori aniq emas, ammo Muʼtazz qoʻshinlaridan ancha koʻp boʻlgan[24]. Muhammadning koʻplab boʻlinmalari tartibsiz boʻlgani sababli, jangdagi xatti-harakatlari har doim ham ishonchli boʻlmagan va buyruqlarni bajarmaganlari uchun koʻpincha intizomiy jazoga tortilgan. Bundan tashqari, koʻplab qoʻshin qoʻmondonlari Mustaʼin uchun bayʼat qilishga tayyor boʻlishsa-da, ularning hammasi ham Muhammaddan buyruqlariga itoat qilishga tayyor emas edi. Bagʻdoddan tashqarida Mustaʼinni qoʻllab-quvvatlovchi harbiy boʻlinmalar mustaqil harakat qilib, oʻz tashabbusi bilan turklarni jalb qilish holatlari ham koʻp.
Muʼtazz
[tahrir | manbasini tahrirlash]Inqiroz boshidanoq Muʼtazz oʻzini qonuniy xalifa sifatida koʻrsatish bilan shugʻullangan. U otasi tirikligida merosxoʻr deb eʼlon qilingan va vorislik tartibiga koʻra, Muntasir vafotidan keyin xalifa boʻlishi kerak edi. 862-yilda xalifalik huquqidan voz kechishga majbur qilingan, agar talabni rad etsa, turklar oʻldirish bilan tahdid qilgan edi. Shuning uchun ham taxtdan voz kechish aktini noqonuniy deb hisoblagan. U, shuningdek, odamlarni Mustaʼinga xizmat qilish qasamini buzmasdan, oʻziga bayʼat qilishlari mumkinligiga ishontirishga harakat qilgan. Muhammad ibn Abdullohga yozgan maktubida buni qanday qilish mumkinligini batafsil tushuntirishga harakat qilgan[13].
Muʼtazz dastlab Samarrada xalifalik daʼvosiga qarshi chiqqanlarga xushmuomala munosabatda boʻlib, agar ular bayʼatdan bosh tortsa, hech kimni qasam ichishga majburlamagan[25]. Biroq, butun imperiya boʻylab joylashgan qoʻmondonlarga yordam soʻrab xat yozgach, tez orada Samarraga qoʻshimcha kuchlar yetib kelgan[26]. Mojaro avj olgani sayin, Mustaʼin lageri aʼzolari Muʼtazz tomonga oʻtib keta boshlagani uchun doimiy ravishda tarafdorlari koʻpayib borgan[27]. Shuningdek, Mustaʼin zobitlarini vasvasaga solishga harakat qilib, ularga takliflar yozdi va agar ular Muʼtazzga bayʼat qilsalar, katta mukofotlar vaʼda qilgan[28].
Muʼtazzning ukasi Abu Ahmad urush boshida Samarra qoʻshinlariga rahbarlik qilgan. Unga xalifa Musta’in va Muhammad ibn Abdullohni mag‘lub etish vazifasini yuklanib, qo‘shinga o‘zi xohlagan tarzda qo‘mondonlik qilish vakolati berilgan[29]. Abu Ahmadning umumiy strategiyasi Bagʻdodni doimiy hujum ostida ushlab turish va shaharga hujum qilish yoki shahar aholisi jang qilish irodasini yoʻqotmaguncha ochlikda saqlash orqali taslim boʻlishiga erishish edi. Shu maqsadda Muʼtazz Bagʻdodga kirishni nazorat qiladigan qoʻshni shaharlarni qoʻriqlash uchun qoʻshinlar yuborgan. Abu Ahmad shaharga yoʻl olgan har qanday taʼminot yuklarini toʻxtatib qoʻyishga harakat qilgan[30]. Abu Ahmadning qamalni boshqarishi Muʼtazz tomonidan qabul qilinmadi. Maʼlumotlarga koʻra, Muʼtazz urush oʻrtasida ukasiga Mustaʼinni taslim boʻlishga majburlashda muvaffaqiyatga erisha olmaganidan shikoyat qilib xat yozgan[31], ammo Abu Ahmad butun mojaro davomida asosiy qamal qiluvchi qoʻshinga qoʻmondonlik qilishda davom etgan.
Muvaffaq/Abu Ahmad qoʻshini qamal boshida taxminan 7000 askar, jumladan Kilbutqin qoʻmondonligi ostidagi 5000 turkiy va fargʻona qoʻshini va 2000 nafar Shimoliy Afrika qoʻshinini tashkil etgan. Samarradan yuborilgan qoʻshimcha qoʻshinlar bilan qisqa vaqt ichida qoʻshin soni 11 000 nafarga yetgan. Biroq yordam kuchlari kelgach, koʻp sonli qoʻshimcha kuchlar halok boʻlgan[32]. Urushning keyingi paytlarida Muhammad ibn Abdullohning josuslaridan biri Bag‘dodning sharqiy va g‘arbiy tomonlarini qamal qilgan qo‘shinlar soni 19 000 kishini tashkil etgani va Mu’tazzning shaharni qoʻriqlash uchun qo‘shimcha kuchlari juda ozligi haqida xabar bergan. Chunki Bagʻdod qamali tufayli Samarrada deyarli askar qolmagan edi[33].
Urushning asosiy voqealari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Urush paytidagi janglar bir yildan ozroq davom etgan. Shimoldagi Jaziradan janubi-sharqdagi Xuziston chegaralarigacha boʻlgan hamma joyda dushmanlik harakatlari sodir boʻlgan[34]. Urushning aksariyat janglari Iroqda, Mustaʼin qarorgoh qilgan Bagʻdod va shahar atrofidagi tumanlarda boʻlib oʻtgan.
Bagʻdod
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Ahmad va uning qoʻshini Bagʻdod darvozasi oldiga kelganidan keyin dastlabki bir necha kun ichida tomonlar bir-birlariga toʻgʻridan-toʻgʻri jang qilishdan tiyilishgan. 14-mart kuni Muhammad ibn Abdulloh dushman qarorgohiga yaqinlashib, samarraliklarni ketishga chaqirib, agar shunday qilsalar, Mustaʼin Muʼtazzni merosxoʻr deb tan olishiga kafolat bergan. Agar ketishdan bosh tortsalar, Muhammad ertasi kuni ertalab urush boshlashni niyat qilganini aytgan[35].
Ertasi kuni samarraliklar sharqiy devor bo‘ylab Shammasiya va Xuroson darvozalariga yaqinlashib, ulardan kuch bilan o‘tishga urindilar. Bag‘dodliklar ularga javoban o‘qlar, manjaniqlar va ballistalardan o‘q uzib, hujumchilarga katta talofat yetkazishdi. Xuroson darvozasida turklar oʻq otish maydoniga artilleriya qismini yuqori koʻtarishga harakat qilishdi, ammo nomuntazam va tartibsiz Bagʻdod qoʻshinlarining zarbasi dushmanni oʻz pozitsiyasidan siqib chiqargan. Kun oxiriga kelib, samarraliklar oʻz qarorgohiga qaytib ketishdi. Har ikki tomondan ham janglarda yuzlab qurbonlar berilgan[36].
20-mart kuni Samarradan yuborilgan 4000 nafar turklar, shimoliy afrikaliklar va fargʻonaliklardan iborat ikkinchi qoʻshin Bagʻdodning gʻarbiy tomoni yaqiniga yetib kelib, Fif va Qatrabul darvozalari yaqinida qarorgoh qurgan. Ertasi kuni ertalab Muhammad ibn Abdulloh koʻplab piyoda va otliq qoʻshinlarni yangi qoʻshinlarga qarshi jang qilish uchun yuborgan. Dastlab samarraliklarning qoʻli baland kelib, bagʻdodliklarni Fif darvozasi yaqinidagi tor hududga siqib chiqara oldilar. Tez orada Bag‘dodning qo‘shimcha kuchlari yetib kelib, birlashgan kuchlar samarraliklarni ortga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Tashabbusni qoʻlga kiritgan himoyachilar samarraliklarni Bagʻdod kuchlari pistirmada turgan hududga chekinishga majbur qilishgan. Bu vaqtda Samarra kuchlari chekinishni toʻxtatib, qoʻshinlar jon saqlash uchun qocha boshladi. Koʻpchilik Dajla boʻylab Abu Ahmad qarorgohiga suzib oʻtishga harakat qilgan, ammo daryo boʻylab patrullik qilayotgan qayiqlar ularni qoʻlga olgan. Qolganlari shimolga qochib, baʼzi askarlar Samarraga qaytib ketishgan.
Qatrabbul darvozasi uchun boʻlgan jang Bagʻdodliklarning katta gʻalabasi edi. Shaharning gʻarbiy tomonida joylashgan toʻrt ming samarralikdan ikki ming nafari oʻldirilgan, ulardan bir qanchasining boshlari Bagʻdod atrofida osib qoʻyilgan va yana koʻplari asir olingan[32]. Magʻlubiyat haqidagi xabar Samarrada gʻalayonga sabab boʻlgan. Aftidan, koʻpchilik bu jangni Muʼtazz qoʻshinlari zaifligidan dalolat deb qabul qilgan[37]. Muhammad ibn Abdulloh zafarli yurishni davom ettirishdan bosh tortgan. Oʻz ustunligini taʼminlash va qochib ketayotgan askarlarni taʼqib qilish masalasidagi maslahatchilar kengashini rad etgan. Jangdan keyingi yagona buyrugʻi gʻalaba toʻgʻrisida bayonot tuzish va uni Dumaloq shahardagi Jama masjidida oʻqish boʻlgan[38]. Bu orada o‘sha kuni jangda qatnashmagan Abu Ahmad qo‘shini sharqiy tomonda qarorgoh qurgan. Natijada shaharni qamal qilish davom etgan.
Qatrabbul darvozasi uchun boʻlgan jangdan soʻng qamal amalda boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Butun bahor va yozning oxirlarida samarraliklar va bag‘dodliklar shaharning mudofaa istehkomlari atrofida muntazam ravishda bir-birlari bilan to‘qnash kelib, bir-birlariga ko‘p talofatlar yetkazishsa-da, hech bir tomon yaqqol ustunlikka erisha olmagan[39]. Ikkala tomon ham shaharga olib boruvchi yo‘llarni nazorat qilish uchun kurash olib borgani sababli keyingi oylarda janglar Bag‘dodga qo‘shni tumanlarga ham tarqalgan. Samarraliklar himoyachilar uchun yetkazilayotgan ta’minot miqdorini cheklay oldilar, lekin Bag‘dod qo‘shinlarining shaharga kirib-chiqishiga to‘sqinlik qila olmadilar.
Bag‘dod atrofidagi beboshliklar sentyabr oyining boshigacha toʻxtamagan. Biroq 8-sentyabr kuni ertalab shaharning ikki qismida joylashgan Samarra qo‘shinlari shahar istehkomlariga yirik hujum uyushtirgan. Sharqiy tarafdagi samarraliklar Shammasiya darvozasiga hujum qilgan bo‘lsa, g‘arbiy tarafdagi turklar va shimoliy afrikaliklar dastlabki mudofaa chizig‘ini chetlab o‘tib, Anbar darvozasi tomon yurishga muvaffaq bo‘lgan. Anbar darvozasidagi himoyachilar g‘aflatda qoligan boʻlishlariga qaramay, qattiq qarshilik ko‘rsatdilar, ammo oxir-oqibat chekinishga majbur bo‘lganlaridan soʻng, Anbar darvozasiga o‘t qo‘yilgan. Shundan soʻng, samarraliklar Bagʻdodga kirib, shaharning Harbiya kvartaliga tarqalib, oʻzlari kirgan hududlarga oʻt qoʻyishgan. Samarraliklar oʻtgan mahallalar aholisi jon saqlash uchun qochib ketishgan. Samarralik qoʻshinlar esa shaharning oʻzlari bosib olgan qismlariga bayroqlar oʻrnatdilar.
Hujumga javoban Muhammad ibn Abdulloh oʻz qoʻmondonlarini yigʻib, shaharning gʻarbiy tomonidagi darvozalarga odamlarni yuborgan. Bagʻdod kuchlari samarraliklar bilan toʻqnashib, ularning koʻp qismini oʻldirgandan soʻng, darvozalarga qaytarishga muvaffaq boʻlishgan. Jang tushgacha davom etgan. Himoyachilar nihoyat samarraliklarni darvozadan haydab chiqarishga muvaffaq boʻlib, ularni oʻz qarorgohlariga chekinishga majbur qilishgan. Samarraliklar yorib oʻtgan devordagi joylarni taʼmirlash buyurilgan. Shaharning sharqiy tomonidagi hujum ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bagʻdodliklar hujumchilarni ortga qaytarishga muvaffaq boʻlishgan. Gʻarbiy tarafdagi janglarda boʻlgani kabi, Shammasiya darvozasi uchun boʻlgan jangda ham koʻplab Bagʻdod va Samarra askarlari halok boʻlgan[40]. Hujum muvaffaqiyatsizlikka uchragach, samarraliklar qamalni davom ettirishgan.
Qamal kuzgacha davom etar ekan, Muhammad oʻz leytenantlari bilan vaziyatdan chiqish uchun rejasini ishlab chiqqan. Devorlar boʻylab manjaniqlar va ballistalar harakatga tayyorlanib, noyabr oxirida shahar darvozalari ochilgan. Shundan soʻng butun Bagʻdod qoʻshini shahardan chiqib, kamon va artilleriya oʻrnatilgan qayiqlari bilan Dajla boʻylab yuqoriga tomon suzgan. Ular Samarra qo‘shiniga hujum qilib, mag‘lub etib, qochishga majbur qilgan. Samarra harbiy lageri talon-taroj qilingan va oʻldirilganlarning boshlarini kesib tashlay boshlashgan. Abu Ahmad harakati bilan qoʻshinlar qayta toʻplanishi natijasida Samarra mavqei saqlanib qoldi. Xuddi shu vaqtda Bagʻdodliklar qoʻshinida nazorat susayib, hujumi toʻxtab qolgan. Tez orada samarraliklar oʻz qarorgohlariga, bagʻdodliklar esa shaharga qaytishgan[41].
Nahravon
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nahravon shahri Bagʻdodning sharq tomonida joylashgan edi. Shaharning ahamiyati shundaki, u Bagʻdoddan Xurosonga boradigan yoʻlning boshi boʻlib[42], Xurosonni Muhammad ibn Abdullohning jiyani boshqargan. Shaharni kim nazorat qilayotgan boʻlsa, ikkala hudud oʻrtasidagi qatnovni toʻxtatishi yoki ruxsat berishi mumkin edi.
Bag‘dod qamali boshlanishidan oldin Muhammad ibn Abdulloh turklardan himoyalanish uchun Nahravonga besh yuz piyoda va otliq qo‘shin yuborgan. Keyinchalik, mazkur qoʻshinni kuchaytirish uchun yana yetti yuz nafar askar shaharga yuborilgan. 19-mart kuni, Abu Ahmad Bag‘dodga yetib kelganidan to‘qqiz kun o‘tib, turk qo‘shinlari Nahravonga yo‘l olgan. Mudofaachilar turklar bilan ochiq maydonda toʻqnashishga qaror qilishgach, jang boshlangan. Tez orada turklar ustunlikka erisha boshlagach, himoyachilar chekinib, Bag‘dodga qochib ketishgan. Mudofaachilardan 50 nafari jangda halok bo‘lgan. Turklar esa Samarraga himoyachilar tashlab ketgan taʼminot va qurol-yarog‘lar va askarlarning boshlarini jo‘natishgan. Turklar g‘alaba qozongach, Xuroson yo‘li ustidan nazorat o‘rnatdilar va shu bilan Bag‘dod va Xuroson o‘rtasidagi qatnov to‘xtatilgan. Muhammad magʻlubiyatdan xabar topgach, Hamadonda joylashgan qoʻshinlarni eslab, ularga Bagʻdodga qaytishni buyurgan[43].
Muhammad Nahravonni qaytarib olishga hech qanday urinish qilmagan boʻlsa-da, mojaro davrida shaharda hayot qiyinligicha qolgan. Jangdan soʻng bir necha kun ichida Jibaldagi xizmatdan qaytgan bir guruh samarraliklar Nahravonga kirgan. Aniq sabablarga koʻra, Samarra qoʻmondoni qoʻshinlarga shaharni talon-taroj qilishni buyurgan. Shundan so‘ng askarlar mahalliy aholiga hujum qila boshlagani tufayli fuqarolarning aksariyati qochishga majbur bo‘lgan[44].
Anbar va Qasr ibn Hubayra
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bagʻdodning gʻarbida, Furot boʻyida joylashgan Anbar Abbosiylar davrida yirik shahar boʻlgan[45]. Harbiy harakatlar boshlanganda Muhammad ibn Abdulloh shahar noibiga mudofaaga tayyorgarlik koʻrishni buyurgan. Shahar atrofidagi ariq va ko‘priklar buzilib, atrof katta botqoqlikka aylantirilgan. Bahor oʻrtalarida Anbar qoʻmondoni bir necha ming badaviy askardan iborat qoʻshin toʻplab, Muhammadga qoʻshimcha kuch soʻrab murojaat qilgan. Muhammad zudlik bilan yana mingdan ortiq otliq va piyoda askarlarga shaharga jo‘nashni buyurgan[46].
Bu orada Samarrada Anbarga hujum qilish rejasi ishlab chiqilgan Tez orada Muʼtazz shaharni egallash uchun Muhammad ibn Bugʻa boshchiligidagi turk va shimoliy afrikaliklardan iborat qoʻshin yuborgan. Anbardagi mudofaa ikki guruhga boʻlingan, qoʻshimcha kuchlar shahar tashqarisida, badaviylar ichkarida joylashgan. Samarra qoʻshini Anbar yaqiniga yetib kelgach, kutilmaganda qoʻshimcha kuchlar bilan toʻqnashib, tezda ularning ustiga yurishgan. Himoyachilardan baʼzilari jang qilishgan, lekin tez orada qochib ketishgan. Askarlarning koʻplari oʻldirilgan yoki asir olingan. Shahar qoʻmondoni qoʻshimcha kuchlar qochib ketayotganini koʻrgach, lavozimini tark etishga qaror qilgan. Qoʻmondon askarlari bilan daryoning narigi tomoniga o‘tib, ponton ko‘prigini buzib, Bag‘dodga qaytib ketgan[47].
Anbar hech qanday himoyaga ega emasligi sababli, aholisi shartlar asosida taslim boʻlishga qaror qilishgan. Anbarliklarga xavfsizlik kafolati berilgandan soʻng, turklar va shimoliy afrikaliklar shaharga kirishgan va odamlarga oʻz ishlari bilan shugʻullanishga ruxsat berishgan. Biroq ertasi kuni askarlar Raqqadan kelgan yuklarni qo‘lga olib, shaharni talon-taroj qila boshladilar. Ular qoʻlga olingan mahbuslar bilan birgalikda oʻldirilganlarning boshlarini Samarraga joʻnatib, Furot va Bagʻdod oʻrtasidagi suv yoʻlini toʻsishga urinishgan[48].
Anbarning magʻlubiyatga uchragan qoʻshinlari Bagʻdodga yetib kelgach, Muhammad shaharni qaytarib olishni buyurgan. Furot daryosining narigi sohilidagi Qasr ibn Hubayraga bir guruh qo‘shin yuborilib, oldinga yurish buyrug‘ini kuta boshladi. Bu orada Bagʻdodda mingdan ortiq kishilik qoʻshin yigʻilib, qoʻshinga Husayn ibn Ismoil qoʻmondonligi ostida toʻgʻri shaharga borish va u yerda joylashgan Samarra garnizonini magʻlub etish buyurilgan. Qoʻshinlar maoshi bilan bogʻliq muammo tufayli kechikishdan soʻng, armiya iyun oyi oxirida joʻnab ketgan[49].
Bagʻdod qoʻshini joʻnab ketishi bilan turklar va shimoliy afrikaliklar hujumiga uchragan. Hujumchilar qoʻshin Anbarga yetib borishiga toʻsqinlik qilishga uringan. Qattiq qarshiliklarga qaramay, bagʻdodliklar turklar qoʻriqlayotgan kanalda koʻprik qurib, qarshilik koʻrsatishga muvaffaq boʻlishdi, ammo oʻn ikki kundan keyin ham Anbarga yetib bora olmadilar. Oxir-oqibat Husayn qo‘shinida ayg‘oqchilari bo‘lgan turklar qoʻshin qarorgohida pistirma qoʻyishga muvaffaq bo‘ldilar. Bog‘dod qo‘shini hujumchilarga katta talofat yetkazganiga qaramay, tez orada tartibsizlikka uchrab, ko‘plab askarlar Furot daryosida halok bo‘lgan yoki cho‘kib ketgan. Otliqlar qochib ketishgan va ofitserlar vaziyat ustidan nazoratni yo‘qotganlarini payqagach, ortga chekinishgan. Keyin turklar dushman qarorgohini talon-taroj qilib, bir qancha askarlarni asirga oldilar. Janglar natijasida har ikki tomonda ham yuzlab qurbonlar va yaradorlar bor edi[50].
Magʻlubiyatga uchragan qoʻshin qoldiqlari iyul oyining birinchi haftasida shahar chekkasida qarorgoh qurib, Bagʻdodga chekinishgan. Muhammad Husaynni Bagʻdodga kiritmaslik va shaharni zudlik bilan tark etmagan Husaynning har qanday odamini kaltaklash va maosh bermaslikni buyurgan. Mustaʼin ham qarorgohdagi askarlarga maktub yoʻllab, ularni muvaffaqiyatsizliklari uchun jazolagan hamda ularni itoatsizlik va isyonkorlikda ayblagan. Husaynga oʻz odamlarini toʻplab, Anbarni qaytarib olish uchun yana bir harakat qilish buyurilgan. Iyul oyi oʻrtalariga kelib Husayn qoʻshinlari tayyor boʻlib, ikkinchi marta shaharni qaytarib olish uchun yoʻl olgan[51].
Husaynning ikkinchi yurishi ham birinchisi kabi muvafaqqiyatsiz boʻlgan. Bagʻdod va Anbar oʻrtasidagi hududni himoya qilgan turklar Bagʻdod qoʻshiniga yana hujum qilgan. Husayn bir necha kun ular bilan kurash olib borgan, ammo oxir-oqibat turklar yengib, qoʻshin qanotlarida joylashgan qoʻriqchilarni magʻlub etishga muvaffaq boʻlishgan. Ular Husayn qoʻshiniga hujum qilgach, tezda uning odamlarini magʻlub etib, qarorgohini bosib olishgan. Husaynning oʻzi qayiqda daryo orqali qochishga muvaffaq boʻlgan, ammo uning yuzlab odamlari o'ldirilib, 170 kishi, shu jumladan bir necha ofitserlar asirga olingan. Husayn va boshqa omon qolganlar Bag‘dodga qaytishgan[52]. Shu bilan Anbarni qaytarib olishga boshqa urinishlar bo‘lmagan.
Muhammad qoʻshinlari qoʻriqlagan boshqa g'arbiy shahar Qasr ibn Hubayra koʻp oʻtmay turklar qoʻliga oʻtgan. Anbar fath qilinganidan so‘ng Samarra qo‘shini Qasr ibn Hubayra tomon yo‘l olgan. Ularning maqsadi u yerda joylashgan Bag‘dodliklarni quvib chiqarish edi. Shahar qoʻmondoni shaharni qarshilik ko'rsatmasdan turklarga topshirib, qochishga qaror qilgan[53].
Madaʼin
[tahrir | manbasini tahrirlash]Madaʼin Bagʻdodning janubida, Vosit yoʻnalishida, qadimgi Fors imperiytasi markazlari Ktesifon va Selevkiya oʻrtasida joylashgan bir qator aholi punktlari[54]. 21-aprelda Muhammad ibn Abdullohning buyrugʻi bilan uch ming otliq va piyoda askar boʻlinmasi Abul-Saj Devdod boshchiligida Bagʻdoddan Madaʼinga joʻnagan. U hududga yetib kelib, o‘z askarlarini joylashtirgan. Keyinroq Muhammadga xat yozgach, qoʻshimcha kuchlar yuborilgan[55].
Yoz faslida Madaʼin yaqinida turklarning kuchlari paydo boʻla boshladi. Abul-Saj bunga javoban janubga, Jarjaraya tumaniga borib, avgust oyida u yerdagi turklar kontingentini magʻlub etib, ularning qoʻmondonini oʻldirgan[56]. Oktyabr oyida Jarjaraya yaqinida turklar bilan yana jang qilib, ularning koʻp qismini oʻldirgan yoki asir olgan. Ushbu gʻalabalarga qaramay, Abul-Saj jang paytida oʻz qoʻshinlarining harakatlaridan qoniqish hosil qilmagan. Muhammad unga yordam berishi uchun koʻproq qoʻshimcha kuchlar yuborishni rejalashtirgan. 23-oktyabrda qo‘shimcha kuchlar yo‘lga chiqqan va kun bo‘yi yurib, shahar oldiga yetib kelgan vaqtda turklar qo‘shini ham Madaʼinga yetib kelgan.
Ikki tomon oʻrtasida jang boshlangan, ammo turklar shahar devorida yoriq topib, undan shaharga oʻtishga muvaffaq boʻlgach, himoyachilar tezda chekingan. Himoyachilar tartibli chekinishga harakat qilishgan. Piyodalar qayiqlarda daryo boʻylab harakatlanishgan, otliqlar esa ularni himoya qilgan, ammo turklar ularni bilan jang qilishda davom etib, qoʻshimcha kuchlar qoʻmondoni tartibsizlikda halok boʻlgan. Madaʼin himoyasi barbod boʻlgach, omon qolganlar Abul-Saj qarorgohiga yoʻl olgan. Muhammad jang natijasidan gʻazablanib, Madaʼinda jang qilganlarning bir nechtasini uy qamogʻiga olishni buyurgan[57].
Urushning yakuni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bag‘dod qamali davom etar ekan, o‘z samarasini bera boshlagan. Asta-sekin oziq-ovqat va pul tanqis boʻlib, aholi oʻrtasida norozilik paydo boʻla boshlagan. Avgust oyidayoq Abbosiylar oilasining bir guruh aʼzolari Muhammad ibn Abdullohga maoshlari toʻlanmayotganidan shikoyat qilishgan[58]. Shahardagi ahvol yomonlashgani sari Muhammad asta-sekin qurol kuchi bilan gʻalaba qozonish imkonsiz ekaniga amin boʻlgan. Noyabr oxiriga kelib, Mustaʼinning xabari yoki ruxsatisiz Muʼtazz bilan Mustaʼinning taslim boʻlishi boʻyicha muzokaralar boshlagan.
Muhammad va Muʼtazz oʻzaro muzokaralarni boshlashgan vaqtda Muhammadning dushmanga qarshi pistirmasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Jangdan keyin Muʼtazz Muhammadni yomon niyatdagi ishi uchun tanqid qilib, Samarra qoʻshini qamalni kuchaytirgan. Tez orada shaharda resurslar kamayib ketgan. Muhammadning saroyi oldiga olomon to‘planib, “ochlik!” deb hayqirgan va muammolarini hal qilishni talab qilgan. Muhammad vaʼdalar bilan olomonni tinchlantirish asnosida Muʼtazzga tinchlik taklifini yuborgan. Taklifga ijobiy javob berilib, 8-dekabrdan boshlab Abu Ahmad lagerining vakili Muhammad bilan yakkama-yakka uchrashib, mojaroga barham berishni muhokama qila boshlagan[59].
Qamal dekabr oyigacha davom etar ekan, Bagʻdod aholisi yanada gʻazablana boshlagan. 16-dekabr kuni piyodalar va aholining bir qismi to‘planib, askarlar o‘z maoshlarini talab qilgan, aholi esa oziq-ovqat narxining keskin oshib ketganidan shikoyat qilgan. Muhammad ularni vaqtincha tarqalishga koʻndira olgan, biroq ikki kundan so‘ng shaharda g‘alayonlar boshlanib, qiyinchilik bilan bostirilgan. Bu orada Muhammad va Abu Ahmad oʻrtasidagi muzokaralar davom etgan. Muhammad Abu Ahmad qarorgohiga elchilar yuborgan, samarralik harbiy asirlar ozod qilingan. Dekabr oyining oxirlarida ikki tomon oʻrtasida Mustainni taxtdan agʻdarish boʻyicha vaqtinchalik kelishuvga erishilgan. Shundan soʻng, Abu Ahmad shahardagi taqchillikni bartaraf etish uchun oziq-ovqat va yem-xashak ortilgan beshta kema joʻnatgan[60].
Bagʻdod fuqarolari Muhammad Mustaʼinni taxtdan agʻdarishga rozi boʻlganini bilgach, jahl bilan saroy oldida yigʻilgan. Mustaʼinga sodiqlik va Muhammadning taslim boʻlishi natijasida samarraliklar shaharni talon-taroj qilishlari mumkinligidan qoʻrqqan fuqarolar saroy darvozalariga hujum qilib, soqchilarga qarshi kurashgan. Muhammad namoyishchilarni tinchlantirish uchun xalifa bilan birga saroy darvozasi tepasida koʻrinish bergan va u hali ham xalifa ekanligi, ertasi kuni ertalab juma namozini oʻqishda imomlik qilishi haqida olomonga vaʼda bergan. Ertasi kuni, 28-dekabrda xalifa namozga kela olmagan. Bunga javoban Muhammadning qo‘l ostidagilarga tegishli uylar talon-taroj qilingan. Olomon yana Muhammadning saroyiga yaqinlashib, Mustaʼinni yana ommaga koʻrsatishga majbur qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay xalifa Muhammadning saroyidan chiqib, shahardagi boshqa qarorgohga ko‘chib o‘tgan[61] va 866-yil 2-yanvarda Qurbon hayiti namozini o‘qigan[62].
Muhammad, o‘z navbatida, xalqni hali ham Musta’in manfaatini ko‘zlab ish tutayotganiga ishontirishga harakat qilgan[63], shu bilan birga Abu Ahmad bilan taslim bo‘lish shartlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirgan. 7-yanvar kuni Muhammad va Abu Ahmad Shammasiya darvozasi oldida shaxsan uchrashgan. Ularning ikkalasi davlat daromadlarining uchdan ikki qismi turklarga, uchdan bir qismi Muhammad va Bagʻdod armiyasiga taqsimlanishi boʻyicha kelishib olgan. Mustaʼin askarlar maoshining bir qismi uchun javobgar boʻlishi kerak edi[64]. Ertasi kuni Muhammad Mustaʼinning huzuriga borib, uni taxtdan voz kechishga koʻndirmoqchi boʻlgan. Avvaliga Mustaʼin qatʼiyan rad etgan, ammo turk zobitlari Vosif va Bugʻa Muhammad taraf ekanliklarini aytishgach, isteʼfoga chiqishga rozi boʻlgan[65].
Mustaʼinning taxtdan voz kechish shartlariga koʻra, unga Hijozdan mulk berilishi, Makka va Madina shaharlari oʻrtasida sayohat qilishi uchun ruxsat berilishi kerak edi. 12-yanvar kuni Muhammad bir guruh qozi va huquqshunoslarni Mustaʼin oʻz ishlarini ishonib topshirganiga guvohlik berish uchun olib kelgan. Taxtdan voz kechish shartlarini olgan delegatlar Samarraga yuborilgan. U yerda Muʼtazz hujjatni shaxsan imzolab, shartlarga rozi boʻlgan. Delegatlar 24-yanvar kuni Musta’inning Mu’tazzga bay’at qilishi uchun yuborilgan bir guruh emissarlar hamrohligida hamda imzolangan hujjat bilan Bag‘dodga qaytgan[66]. 25-yanvar, juma kuni Mu’tazz Bag‘doddagi masjidlarda xalifa sifatida tan olingan[67].
Oqibat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Urushning natijasi birinchi navbatda asosiy muammolarni hal qilish uchun hech narsa qilmagan. Davlatning daromadlari hamon askarlarning maoshlarini toʻlash uchun yetarli emas edi[68]. Bu esa qoʻshinlar oʻrtasida zoʻravonlik holatlarini keltirib chiqargan. Harbiylar davlat ishlarini toʻliq nazorat qilishni talab qilishda davom etgan va xalifa ularning hokimiyatini zaiflashtirishga urinishi dushmanlik bilan qarshi olingan. Natijada hukumat tez orada urushdan oldingi beqarorlik holatiga qaytgan.
Urush, hech bo'lmaganda, iqtisodiy jihatdan xalifalik uchun halokatli boʻlgan[69]. Har ikki tomon uchun oʻz tashviqoti xarajatlari, jumladan, askar va ofitserlarning maoshlarini toʻlash va urush davridagi boshqa harajatlar juda ulkan boʻlgan. Anbar atrofidagi kanallarning toʻsib qoʻyilishi mintaqada uzoq muddatli iqtisodiy tanazzulni keltirib chiqargan[70]. Koʻplab talon-tarojlar va odamlarni oʻz dalalaridan majburan haydash xalifalikdagi eng boy viloyatning hosildorligini cheklagan[71]. Bu esa davlat uchun qoʻshimcha moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Bagʻdod vayron boʻlgan. Shaharning sharqiy qismi urush davrida koʻrgan zararidan keyin hech qachon toʻliq tiklanmagan[72]. Shahar ichidagi aholi bir necha oy davomida yetarli taʼminotsiz qolgan, narxlarning oshishi va ochlik odatiy holga aylangan[73]. Urushdagi qurbonlar sonini aniqlash qiyin. Chunki qurbonlar haqida toʻliq maʼlumotlar keltirilmagan, lekin qurbonlar hech boʻlmaganda minglab odamlarni tashkil etgan[74].
Taxtdan voz kechish shartlariga qaramay, Mustaʼinning Hijozga ketishi uchun ruxsat berilmay, aksincha, Vositga koʻchirilgan[75]. 866-yil oktyabr oyida Mustaʼinga Samarraga borish buyurilgan, ammo 17-oktyabrda shahar yaqiniga yetib kelgach, uni oʻldirish uchun yuborilgan bir guruh odamlar tomonidan ushlab turilib, tez orada qatl etilgan[76].
Muʼtazzning urushdan keyingi xalifaligi qisqa boʻlish bilan birga shiddatli kechgan. Urushdagi gʻalabasiga hissa qoʻshgan ukalari Abu Ahmad va Muʼayyad 866-yilda zindonga tashlangan, Muʼayyad qisqa vaqtdan keyin vafot etgan. Bu orada, harbiylar oʻrtasida ichki janglar yana avj olgan. Koʻplab zobitlar, jumladan, Vosif va Bugʻa halok boʻlgan. Nihoyat, xalifaning harbiylarga pul to‘lashga qodir bo‘lmagani tufayli 869-yilning iyulida turk, shimoliy afrika va farg‘onalik askarlardan iborat guruh Muʼtazzni taxtdan voz kechishga majbur qilib, bir necha kundan so‘ng yomon muomala tufayli vafot etgan[77].
Uzoq muddatli mojarodan foyda koʻrgan Abbosiylar oilasining yagona aʼzosi Abu Ahmad edi. U turk rahbariyati bilan mustahkam aloqalar oʻrnatib, bu munosabatlar, ehtimol, keyingi yili Muʼtazz uni qamoqqa olganda oʻlimga hukm qilishiga toʻsqinlik qilgan[78]. Qamoqqa olinib, keyinchalik surgun qilinishiga qaramay, hukumatdagi kuchli shaxs boʻlib qolgan va 869-yilda xalifalik uchun daʼvogar boʻlishi mumkin edi[79]. 870-yilda Muʼtamid taxtga chiqqanidan keyin Abu Ahmad hech qachon rasman xalifa boʻlmagan boʻlsa-da, Muvaffaq unvoni bilan imperiyaning amaldagi hukmdori boʻlib qolgan[80]. Turklar bilan yaqin aloqalari tufayli davlatning bosh harbiy qoʻmondoni boʻlgan. Oʻgʻli Muʼtazid 892-yilda xalifa boʻlgan. Muʼtaziddan keyingi barcha Abbosiy xalifalari uning avlodi boʻlgan.
Mustaʼinning magʻlubiyati natijasida Samarra xalifalik poytaxti boʻlib qolgan. Bu jarayon 892-yilgacha, yaʼni Muʼtazid xalifaligi davrida davom etgan. Shundan keyin xalifalar qarorgohi Bagʻdodga koʻchgan[81].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Bonner, p. 310
- ↑ Saliba (1985) pp. 33-63, 66-108
- ↑ Mas'udi, pp. 363-7
- ↑ Ya'qubi, p. 610
- ↑ Bosworth, "Mu'tazz," p. 793
- ↑ Bosworth, "Muntasir," p. 583
- ↑ Saliba (1985) pp. 6-7
- ↑ Saliba (1985) pp. 28-31, 34
- ↑ Saliba (1985) p. 33
- ↑ Saliba (1985) pp. 34-9
- ↑ Saliba (1985) pp. 39-42
- ↑ Shaban, p. 82; Saliba (1985) p. 41
- ↑ 13,0 13,1 Saliba (1985) pp. 41-2
- ↑ On this term see Gordon, p. 38 and n. 260
- ↑ Saliba (1985) pp, 43-6
- ↑ Saliba (1985) pp. 40-1
- ↑ Saliba (1985) pp. 59, 62, 67, 71, 76
- ↑ Bosworth, "Tahirids," pp. 102-3
- ↑ Saliba (1985) p. 41
- ↑ Saliba (1985) p. 66
- ↑ Saliba (1985) pp. 46-7, 75-6
- ↑ Stillman, pp. 42-3
- ↑ Saliba (1985) pp. 43, 46, 49, 59, 62, 67, 69, 71-2, 75, 77-8, 90
- ↑ Kennedy, "Muslim World," p. 279
- ↑ Saliba (1985) pp. 38-9
- ↑ Saliba (1985) pp. 42-3
- ↑ Saliba (1985) pp. 86-7
- ↑ Saliba (1985) pp. 89-90
- ↑ Saliba (1985) p. 43
- ↑ Saliba (1985) pp. 58-9, 76
- ↑ Saliba (1985) p. 73
- ↑ 32,0 32,1 Saliba (1985) pp. 48-9
- ↑ Saliba (1985) p. 72
- ↑ Saliba (1985) p. 74-5, 87
- ↑ Saliba (1985) pp. 45-6
- ↑ Saliba (1985) p. 47
- ↑ Saliba (1985) p. 61
- ↑ Saliba (1985) p. 50
- ↑ Saliba (1985) pp. 59-61, 63, 66-70, 72, 90-1
- ↑ Saliba (1985) pp. 91-2
- ↑ Saliba (1985) pp. 95-6
- ↑ Le Strange, "Lands" p. 61
- ↑ Saliba (1985) pp. 47-8
- ↑ Saliba (1985) p. 59
- ↑ Le Strange, "Lands," pp. 65-6
- ↑ Saliba (1985) pp. 75-6
- ↑ Saliba (1985) pp. 76-7
- ↑ Saliba (1985) p. 79
- ↑ Saliba (1985) pp. 77-80
- ↑ Saliba (1985) pp. 80-2
- ↑ Saliba (1985) pp. 82-4
- ↑ Saliba (1985) pp. 84-6
- ↑ Saliba (1985) p. 93
- ↑ Wheatley, p. 402 n. 78
- ↑ Saliba (1985) p. 75
- ↑ Saliba (1985) p. 87
- ↑ Saliba (1985) pp. 93-4
- ↑ Saliba (1985) pp. 87-8
- ↑ Saliba (1985) pp. 96-7
- ↑ Saliba (1985) pp. 97-8
- ↑ Saliba (1985) pp. 99-102
- ↑ Saliba (1985) p. 104
- ↑ Saliba (1985) p. 102
- ↑ Shaban, p. 84; Saliba (1985) pp. 104-5
- ↑ Saliba (1985) pp. 106-7
- ↑ Saliba (1985) pp. 106-8
- ↑ Saliba (1985) p. 113
- ↑ Saliba (1985) p. 143
- ↑ Saliba, p. xii
- ↑ Kennedy, "Muslim World," pp. 277-8
- ↑ Waines, p. 300. For Iraq's status as the chief source of revenue for the caliphate, see Levy, p. 317
- ↑ Le Strange, "Baghdad," pp. 247, 313-4
- ↑ Gordon, p. 96
- ↑ Saliba (1985) p. 49 contains the largest casualty count of a single battle, at 2,000
- ↑ Saliba (1985) p. 115
- ↑ Saliba (1985) pp. 132-3
- ↑ Bosworth, "Mu'tazz," pp. 793-4
- ↑ Saliba (1985) pp. 131-2
- ↑ Waines (1992) p. 4
- ↑ Kennedy, "Muwaffak," p. 801
- ↑ Christensen, p. 93; Northedge, p 696
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bonner, Michael „The waning of empire, 861–945“, . The New Cambridge History of Islam, Volume 1: The Formation of the Islamic World, Sixth to Eleventh Centuries. Cambridge: Cambridge University Press, 2010 — 305–359-bet. ISBN 978-0-521-83823-8.
- Bosworth, C.E. (1993). "Al-Muntasir". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VII: Mif–Naz (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. ISBN 978-90-04-09419-2. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Al-Muntasir&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Bosworth, C.E. (1993). "Al-Mu'tazz Bi 'llah". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VII: Mif–Naz (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. ISBN 978-90-04-09419-2. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Al-Mu%27tazz+Bi+%27llah&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Bosworth, C.E. „The Tahirids and Saffarids“, . The Cambridge History of Iran, Volume 4: From the Arab Invasion to the Saljuqs. Cambridge: Cambridge University Press, 1975. ISBN 0-521-20093-8.
- Christensen, Peter. The Decline of Iranshahr. Denmark: Museum Tusculanum Press & the Author, 1993. ISBN 87-7289-259-5
- Gordon, Matthew S. The Breaking of a Thousand Swords: A History of the Turkish Military of Samarra (A.H. 200-275/815–889 C.E.). Albany, NY: State University of New York Press, 2001. ISBN 0-7914-4795-2
- Kennedy, H. (1993). "Al-Muwaffak". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VII: Mif–Naz (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. ISBN 978-90-04-09419-2. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Al-Muwaffak&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Kennedy, Hugh. When Baghdad Ruled the Muslim World: The Rise and Fall of Islam's Greatest Dynasty. Cambridge, Massachusetts: Da Capo Press, 2004. ISBN 0-306-81480-3
- Le Strange, Guy. Baghdad During the Abbasid Caliphate. From Contemporary Arabic and Persian Sources. Oxford: Clarendon Press, 1900. OCLC 257810905.
- Le Strange, Guy. The Lands of the Eastern Caliphate: Mesopotamia, Persia, and Central Asia, from the Moslem Conquest to the Time of Timur. New York: Barnes & Noble, Inc., 1905. OCLC 1044046.
- Levy, Reuben. Orientalism: Early Sources, Volume XII: The Social Structure of Islam. 1957. New York, NY: Routledge, 2000. ISBN 0-415-20910-2
- Al-Mas'udi, Ali ibn al-Husain. Les Prairies D'Or, Tome Septieme. Trans. C. Barbier de Meynard. Paris: Imprimerie Nationale, 1873.
- Northedge, Alastair. "Samarra." Medieval Islamic Civilization, Volume 2. Ed. Josef W. Meri. New York, NY: Routledge, 2006. ISBN 0-415-96691-4
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXXV: The Crisis of the ʿAbbāsid Caliphate: The Caliphates of al-Mustaʿīn and al-Muʿtazz, A.D. 862–869/A.H. 248–255, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1985. ISBN 978-0-87395-883-7.
- Shaban, M.A. Islamic History, A New Interpretation, Volume 2: A.D. 750-1055 (A.H. 132-448). Cambridge: Cambridge University Press, 1976. ISBN 0-521-21198-0
- Stillman, Yedida Kalfon. Arab Dress from the Dawn of Islam to Modern Times, A Short History. Ed. Norman A. Stillman. Leiden: Koninklijke Brill NV, 2003. ISBN 90-04-13593-6
- Waines, David. "The Third Century Internal Crisis of the Abbasids." Journal of the Economic and Social History of the Orient, Volume XX. Ed. Claude Cohen and W.F. Leemans. Leiden: E. J. Brill, 1977.
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXXVI: The Revolt of the Zanj, A.D. 869–879/A.H. 255–265, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1992. ISBN 978-0-7914-0763-9.
- Wheatley, Paul. The Places Where Men Pray Together: Cities in Islamic Lands, Seventh through the Tenth Centuries. Chicago: The University of Chicago Press, 2001. ISBN 0-226-89428-2
- Al-Ya'qubi, Ahmad ibn Abu Ya'qub. Historiae, Vol. 2. Ed. M. Th. Houtsma. Leiden: E. J. Brill, 1883.
- Urushlar
- 860-yillar ziddiyatlari
- Abbosiylar xalifaligi davrida Iroq
- Osiyo davlatlari va xalqlari ishtirokidagi vorislik urushlari
- Abbosiylar xalifaligi davrida Bagʻdod
- 9-asr Abbosiylar xalifaligida
- Afrika davlatlari va xalqlari ishtirokidagi vorislik urushlari
- 865-yil
- 866-yil
- Bagʻdod qamallari
- Samarra tarixi
- Iroqdagi fuqarolik urushlari