Kontent qismiga oʻtish

Muʼtazz

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muʼtazz
المعتز
Xalifa
Moʻminlar amiri

Muʼtazzning oltin dinori. Hijriy 253-yilda (867-yil) Samarqandda zarb etilgan
Abbosiylar xalifaligining 13-xalifasi
Saltanat 866-yil 25-yanvar — 869-yil 13-iyul
Oʻtmishdoshi Mustaʼin
Davomchisi Muhtadiy
Tugʻilishi tax. 847
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 869-yil iyul/avgust (22 yoshda)
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Dafn etilgan joy
Turmush oʻrtogʻi Fatima Xotun binti al-Fath ibn Xoqon
Farzandlari Abdulloh ibn al-Muʼtazz
Toʻliq nomi
Abu Abdulloh Muhammad ibn Jaʼfar al-Mutavakkil al-Muʼtazz billoh
Sulola Abbosiylar
Otasi Mutavakkil
Onasi Qabiha
Dini Sunniylik (Islom)

Abu Abdulloh Muḥammad ibn Jaʼfar (arabcha: أبو عبد الله محمد بن جعفر); (847 —869-yil 16-iyul), hukmdorlik nomi al-Muʼtazz billoh (المعتز بالله, „Xudo tomonidan quvvatlangan kishi“) sifatida mashhur, Abbosiylar xalifaligida „Samarradagi anarxiya“ deb nomlangan ichki beqarorlik davrida 866-yildan 869-yilgacha abbosiylar xalifasi boʻlgan.

Dastlab otasi Mutavakkilning uchta merosxoʻri orasida ikkinchi boʻlgan Muʼtazz ukasi Muntasir taxtga oʻtirgandan soʻng merosxoʻrlik huquqidan voz kechishga majbur boʻlgan. Amakivachchasi Mustaʼin xalifaligi davrida xavfli raqib sifatida koʻrilib, qamoqqa tashlangan. 866-yil yanvarida Mustain va Samarradagi turk harbiylari oʻrtasida boʻlib oʻtgan fuqarolar urushi vaqtida ozod qilingan va xalifalikka erishgan. Muʼtazz turk qoʻshini ustidan xalifa hokimiyatini tiklashga qatʼiy qaror qilsa-da, bu borada juda kam muvaffaqiyatga erishgan. Vazir Ahmad ibn Isroilning yordami bilan turklarning yetakchi sarkardalari Vosif at-Turkiy va Bugʻa as-Sagʻirni hokimiyatdan chetlatib, oʻldirishga muvaffaq boʻlgan. Biroq, Bagʻdoddagi Tohiriylarning tanazzulga uchrashi xalifani turklarga qarshi kurashuvchi rolidan mahrum qilgan. Turkiy qoʻmondon Solih ibn Vosif bilan yuzma-yuz boʻlib, oʻz qoʻshinlarining talablarini qondirish darajasida pul topa olmay qolgan xalifa taxtdan agʻdarilgan va yomon muomala natijasida bir necha kundan soʻng, 869-yil 16-iyulda vafot etgan.

Hukmronligi davrida Misrda Tuluniylar va Sharqda Safforiylar muxtor sulolalarining paydo boʻlishi, Hijoz va Tabaristondagi Aliylar qoʻzgʻolonlari, Quyi Iroqdagi buyuk Zanj qoʻzgʻolonlarining dastlabki harakatlari, shuningdek, xalifalikning markaziy hokimiyati tanazzulining choʻqqisi va markazdan ayirmachilik tendensiyalarining avj nuqtasi kuzatilgan.

Yoshlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]
9-asr Abbosiy xalifalarning shajara daraxti

Boʻlajak Muʼtazz xalifa Mutavakkilning (h. 847–861) sevimli choʻrisi Qabihadan tugʻilgan[1]. 849-yilda Mutavakkil uch oʻgʻlini merosxoʻr etib tayinlab, ularni imperiya viloyatlarini boshqarish va daromadlari uchun masʼul etib tayinlagan. Katta oʻgʻli Muntasir birinchi voris boʻlib, Misr, Jazira va poytaxt Samarradan ijara haqi olgan. Muʼtazzga Sharqdagi Tohiriy noibning mulklarini nazorat qilish vazifasi yuklangan. Suriyaga esa Muʼayyad boshchilik qilgan[2]. Biroq, vaqt oʻtishi bilan Mutavakkilning fikri Muʼtazz foydasiga oʻzgargan. Xalifa sevimli maslahatchisi Fath ibn Xoqon va vazir Ubaydulloh ibn Yahyo ibn Xoqon maslahati bilan Muʼtazzni birinchi voris etib tayinlash va Muntasirni vorislikdan chetlashtirish haqida oʻylay boshlagan. Ikki shahzoda oʻrtasidagi raqobat siyosiy sohadagi keskinlikda ham aks etgan. Chunki Muʼtazzning vorisligini anʼanaviy Abbosiy elitalari qoʻllab-quvvatlagan boʻlishi mumkin. Muntasirni esa turk va Magʻariba qoʻriqchi qoʻshinlari qoʻllab-quvvatlagan[3][4].

861-yil oktabrda turk sarkardalari xalifaga suiqasd uyushtirishga kirishgan. Tez orada otasi bilan munosabatlari yomonlashgan Muntasir ularga qoʻshilgan yoki hech boʻlmaganda soʻzsiz qoʻllab-quvvatlagan. 5-dekabr kuni Ramazon oyi oxiridagi juma namoziga imomlik qilish masalasida Muntasir Muʼtazz foydasiga chetlab oʻtilgan. Namoz oxirida otasining maslahatchisi Fath va vazir Ubaydulloh Muʼtazzning qoʻl va oyoqlarini oʻpib, saroyga qaytishda unga hamrohlik qilishgan. 9-dekabr kuni Mutavakkil, Muntasirga nisbatan qilingan boshqa xoʻrliklar qatorida, toʻngʻich oʻgʻliga oʻldirish bilan tahdid qilgan[5][6]. Natijada 10-dekabrdan 11-dekabrga o‘tar kechasi turklar Mutavakkil va Fathni o‘ldirgandan soʻng, Muntasir xalifa bo‘lgan[7][8]. Muntasir deyarli darhol ukalari oʻziga bayʼat qilishlari uchun odam yuborgan[9]. Shunday qilib, vazir Ubaydulloh Mutavakkilning vafotidan xabar topgach, Muʼtazzning uyiga borgan, biroq shahzodani uyidan topa olmagan. Muʼtazzning tarafdorlari, jumladan, abna ad-davla va boshqa bir necha ming kishi ertalab toʻplanib, vazirni saroyga bostirib kirishga undaganlarida, Ubaydulloh „bizning odamimiz ularning qoʻlida“ deb rad javobini bergan[10]. Mutavakkilning o‘ldirilishi 870-yilgacha davom etib, „Samarradagi anarxiya“ deb atalgan va Abbosiylar xalifaligini halokat yoqasiga olib kelgan notinch davrni boshlab bergan[11].

Turk qoʻmondonlari Vosif at-Turkiy va Bugʻa as-Sagʻirning bosimi ostida Muʼtazz va Muʼayyad 862-yil 27-aprelda vorisliklaridan voz kechgan[12]. Biroq, Muntasir 862-yil iyun oyida oʻz oʻrniga voris tayinlashga ulgurmasdan vafot etgan[13]. Shundan soʻng turklar hukumat ustidan nazoratni kuchaytirib, yangi xalifalikka Muntasirning amakisi Mustaʼinni (h. 862—866– ) tanlashgan[13]. Yangi xalifa darhol Samarrada Muʼtazzni qoʻllab-quvvatlagan yirik gʻalayonga duch kelgan. Qoʻzgʻolonchilar orasida „bozor toʻpolonchilari“ bilan bir qatorda shokiriylar qoʻshinlarining yollanma askarlari ham bor edi. Qo‘zg‘olonni Mag‘ariba va Ushrusaniyya kuchlari bostirgan bo‘lsa-da, har ikki tomondan talofatlar ko‘p edi[14]. Mustaʼin Muʼtazz yoki Muʼayyad xalifalikka daʼvo qilishlari mumkinligidan xavotirlanib, birinchi navbatda ularga yillik 80 000 oltin dinor miqdorida subsidiya taklif qilib, sotib olishga harakat qilgan. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, ularning mol-mulki musodara qilingan. Tabariyning so‘zlariga ko‘ra, Muʼtazzning mulki o‘n million dirhamga baholangan. Oʻzlari esa Bugʻa as-Sagʻir nazorati ostida Javsaq saroyining xonalaridan biriga qamoqqa tashlangan[15].

Muʼtazz Abdulloh ibn Abdullohga sovgʻalar joʻnatmoqda. Tarixi Alfi qoʻlyozmasidan. tax. 1592–1594-yillar

Turkiy rahbarlar oʻrtasidagi raqobat 865-yilda boʻlinishni yuzaga keltirgan. Mustain, Vosif va Bugʻa Samarradan Bagʻdodga ketib, 865-yil 5/6-fevralda shaharga yetib kelishgan. Shaharda ularga koʻplab tarafdorlar qoʻshilib, shaharning Tohiriy hokimi Muhammad ibn Abdulloh ibn Tohir bilan ittifoq tuzib, shaharni mustahkamlashni boshlashgan. Turklarning asosiy qismi esa Samarrada qolgan. Samarradagilarning mavqeiga ushbu koalitsiya tahdid solgani sababli Muʼtazzni ozod qilib, xalifa deb eʼlon qildilar. 24-fevralda Muʼtazz ukasi Abu Ahmadni (boʻlajak Muvaffaq) qoʻshin boshligʻi etib tayinlab, Bagʻdodni qamal qilish uchun yuborgan[16][17][18]. Abu Ahmad qamalda yetakchi rol o‘ynagan. Natijada turk harbiylari bilan yaqin va doimiy aloqalar o‘rnatishga muvaffaq boʻlgan. Bu esa keyinchalik ukasi Muʼtamid (h. 870–892) bilan birga xalifalikning virtual regentiga aylanishiga imkon bergan[19].

Qamal 865-yil dekabrigacha davom etdi. Bunda hokimiyatdan mahrumlik, oʻz tarafdorlariga toʻlash uchun pul yo'qligi va qamal natijasida yuzaga kelgan narxlarning oshishi Mustaʼin rejimini qoʻllovdan mahrum qildi. Natijada Muhammad ibn Tohir qamalchilar bilan muzokaralar boshlab yuborib, kelishuvga erishgan. Mazkur kelishuv boʻyicha imperiya daromadlarini bo‘lishish masalasida o‘zaro murosaga erishilgan. Jumladan, turklar va Samarraning boshqa qoʻshinlari yillik davlat daromadining uchdan ikki qismini oladigan, qolgan qismi esa Ibn Tohir va uning Bagʻdoddagi qoʻshinlariga beriladigan boʻlgan. Kelishuvning bir qismi sifatida Mustain yillik 30 000 dinor nafaqa evaziga taxtdan voz kechishi kerak edi[20]. Shunday qilib, 866-yil 25-yanvarda Bagʻdod taslim boʻlganidan keyin Muʼtazz rasman yagona, qonuniy xalifa boʻlgan[1].

Garchi turklar tomonidan taxtga chiqarilgan bo‘lsa-da, Muʼtazz qobiliyatli hukmdor ekanligini isbotlagan. O‘z hokimiyati va mustaqilligini tiklashga bel bog‘lagan[21]. Mutavakkil davrida o‘z kotibi bo‘lgan Ahmad ibn Isroilni vazir etib tayinlagan[1][22]. Muʼtazz tezda har qanday raqibini chetlashtirgan. Shunday qilib, Mustaʼinga berilgan xavfsizlik vaʼdasiga qaramay, 866-yil oktyabr/noyabr oylarida Muʼtazz uni Samarradagi Katulda oʻldirgan[1]. Xuddi shu tarzda ukasi Muayyadni ham oʻlimga hukm qilgan. Hatto uni vorislik huquqidan yana voz kechishga majbur qilgan[1]. Nihoyat, Abu Ahmad dastlab fuqarolar urushida gʻalaba qozonishdagi roli uchun xalifa tomonidan katta hurmat bilan kutib olingan boʻlsa-da, Muayyad bilan birga qamoqqa tashlangan. Biroq, harbiylarning yordami uning hayotini saqlab qolgan. Oxir-oqibat uni ozod qilib, Bagʻdodga qaytishga ruxsat berilishiga qadar Basraga joʻnatishdi[23]. Keyin xalifa kuchli turk qo‘mondonlari Vosif at-Turkiy va Bug‘a as-Sag‘irni nishonga olgan. 866-yil oxirida ularga qarshi dastlabki harakat armiya qarshiliklari tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchrab, har ikkisi oʻz lavozimlariga tiklangan[24]. Keyingi yili Vosif qarzlarini toʻlashni talab qilib qoʻzgʻolon koʻtargan turk qoʻshinlari tomonidan oʻldirilgan. Bugʻa esa 868-yilda xalifaning buyrugʻiga binoan qamoqqa olinib, qatl etilgan. Yana bir qudratli turk qo‘mondoni Muso ibn Bug‘a al-Kabir ayni vaqtda Hamadonga surgun qilingan[21][25].

Ushbu muvaffaqiyatlarga qaramay, xalifa davrning asosiy muammosi, yaʼni qoʻshinlarga toʻlash uchun daromad tanqisligini bartaraf eta olmagan. Xalifalikning moliyaviy qiyinchiliklari Muʼtazzning taxtga chiqishi bilan ham ayon boʻlgan edi. Taxtga oʻtirish marosimi xarajatlari qoʻshinlar uchun oʻn oylik toʻlov mablagʻlari yetishmasligi sababli ikki barobar kamaytirilishi kerak boʻlgan. Ayni shu sabab Bagʻdoddagi Mustaʼin rejimini agʻdarishga ham yordam bergan[20]. Fuqarolar urushi va undan keyingi umumiy anarxiya vaziyatni yanada ogʻirlashtirgan. Chunki chekkaroq viloyatlar u yoqda tursin, hatto Bagʻdod atrofidan keladigan daromadlar ham toʻxtab qolgan[26]. Natijada, Muʼtazz Bagʻdodda Ibn Tohir bilan qilgan kelishuvini bajarishdan bosh tortib, uni oʻz tarafdorlarini taʼminlashga undagan. Bu shaharda tartibsizliklar keltirib chiqarib, Tohiriylar hokimiyati mavqeining tezda pasayishiga olib kelgan[27]. Bagʻdoddagi gʻalayon Muʼtazz tomonidan yanada kuchaytirilgan. Xalifa 869-yilda Ibn Tohirning ukasi va vorisi Ubaydullohni ishdan boʻshatib, uning oʻrniga ancha qobiliyatli ukasi Sulaymonni tayinlagan[28]. Bunday holda, bu siyosat faqat xalifani Samarra askarlariga nisbatan foydali qarshi pozitsiyadan mahrum qilishga xizmat qilib, turklarga avvalgi kuchlarini qayta tiklashga imkon bergan[21].

Natijada, 869-yilga kelib turk boshliqlari Solih ibn Vosif (Vosif at-Turkiyning oʻgʻli) va Baykbak yana oʻz oʻrniga qaytib, Ahmad ibn Isroilning chetlatilishini taʼminlashgan[28]. Nihoyat, turk qo‘shinlarining moliyaviy talablarini qondira olmagan Muʼtazz iyul oyi o‘rtalarida saroy to‘ntarishi natijasida taxtdan ag‘darilgan. U qamoqqa olinib, oʻta yomon munosabat natijasida uch kundan keyin, 869-yil 16-iyulda vafot etgan[28]. Muʼtazzdan keyin taxtga Muhtadiy chiqqan[28].

Muʼtazz o‘z mavqeini mustahkamlash va harbiylar ustidan nazoratni tiklashga harakat qilganiga qaramay, hukmronlik davri beqarorlik va ishonchsizlik bilan ajralib turgan va harbiylarni oʻziga bo‘ysundira olmagan. Markazdagi bu zaiflik xalifalik viloyatlarida allaqachon namoyon boʻlgan markazdan qochish tendensiyalarini yanada rivojlantirgan[28]. Iqtidorli turkiy sarkarda Ahmad ibn Tulun 868-yilda Misr noibi etib tayinlangach, avtonom Tuluniylar sulolasini barpo etishga kirishgan. 905-yilda Abbosiylar qoʻliga oʻtgan boʻlsa-da, Tuluniylar rejimi firʼavnlar davridan keyin birinchi marta Misrni alohida siyosiy birlik sifatida tashkil qilgan edi. Qayta tiklangan Abbosiylar hukmronligi beqaror boʻlgan. 935-yilda boshqa mahalliy sulola — ixshidiylar hokimiyatni qoʻlga olgan. 969-yilda Abbosiylarning raqiblari boʻlgan Fotimiylar xalifaligi mamlakatni bosib olgan[29]. Sharqda Aliylar qoʻzgʻolonlari Tohiriylar hukmronligini zaiflashtirib, Tabaristonda Hasan ibn Zayd boshchiligida Zaydiylar davlatining barpo etilishiga olib keldi. Shu bilan birga, Yaʼqub ibn Lays as-Saffor zaiflashib borayotgan Tohiriylarga qarshi hujum boshladi. Bu esa uni xalifalikning sharqiy viloyatlari ustidan nazorat oʻrnatishiga olib kelib, hatto 876-yilda xalifalik taxtini egallash uchun muvaffaqiyatsiz urinish ham boʻlgan[28][30]. Poytaxtga yaqin hududdagi Xorijiylar qoʻzgʻolonlari shimolda Jazirani larzaga keltirgan. Janubda esa Basra atrofida buyuk Zanj qoʻzgʻolonining ilk harakatlari boshlangan[28].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Bosworth 1993, s. 793.
  2. Kennedy 2004, s. 167.
  3. Gordon 2001, s. 82.
  4. Kennedy 2004, s. 169.
  5. Kraemer 1989, ss. 171–173, 176.
  6. Kennedy 2004, ss. 168–169.
  7. Kraemer 1989, ss. 171–182, 184, 195.
  8. Kennedy 2006, ss. 264–267.
  9. Kraemer 1989, ss. 197–199.
  10. Kraemer 1989, ss. 182–183.
  11. Kennedy 2004, ss. 169–173.
  12. Kraemer 1989, ss. 210–213.
  13. 13,0 13,1 Kennedy 2004, s. 171.
  14. Saliba 1985, ss. 3–5.
  15. Saliba 1985, ss. 6–7.
  16. Saliba 1985, ss. 28–44.
  17. Kennedy 2001, s. 135.
  18. Kennedy 2004, ss. 171–172.
  19. Kennedy 2001, ss. 149ff..
  20. 20,0 20,1 Kennedy 2001, ss. 138–139.
  21. 21,0 21,1 21,2 Kennedy 2004, s. 172.
  22. Kraemer 1989, s. 164.
  23. Kennedy 2001, s. 149.
  24. Saliba 1985, ss. 122–124.
  25. Bosworth 1993, ss. 793–794.
  26. Kennedy 2001, s. 138.
  27. Kennedy 2001, s. 139.
  28. 28,0 28,1 28,2 28,3 28,4 28,5 28,6 Bosworth 1993, s. 794.
  29. Bianquis 1998, ss. 86–119.
  30. Bosworth 1975, ss. 102–103, 108ff..
Muʼtazz
Tavalludi: 847 Vafoti: 869
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Abbosiylar xalifaligi xalifasi
866 — 869
Keyingisi