Saam tili
Saam tili – fin-ugor tillaridan biri, boltiqboʻyi tillariga yaqin turadi. Norvegiya, Shvetsiya, Finlandiya mamlakatlarining shimoliy qismida, RF ning Kola yarim orolida tarqalgan. Saam tilida 50 mingdan ortiq kishi soʻzlashadi. Saam tilining 2 lahjasi bor: gʻarbiy (Norvegiya va Shvetsiyada, Finlandiyaning bir qismida) va sharqiy (Finlandiyaning bir qismida va Kola yarim orolida). Mazkur mamlakatlarning har birida Saam tilining oʻziga xos adabiy shakllari mavjud.
Saam tilida unli va undoshlar bir necha darajadagi choʻziqlikka ega, undosh fonemalar soni anchagina, urgʻu soʻzlarning birinchi boʻgʻiniga tushadi. Koʻpchilik shevalarida ikkilik sonning boʻlishi Saam tilining oʻziga xos morfologik xususiyatidir. Otlar 8 ta kelishik boʻyicha turlanadi.
Saam tili Norvegiya, Shvetsiya va Finlandiyada XVII asrdan beri lotin grafikasi asosidagi yozuvga ega, boshlangʻich maktablarda Saam tili oʻqitiladi. Kola yarim oroli saamlari 1930—37 yillarda lotin grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanganlar; oʻtgan asrning 80*-yillarida rus grafikasi asosidagi yozuv qayta tiklanib, maktablar uchun alifbe va lugʻatlar nashr etilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |