Oyrot xonligi
Oyrot xonligi (Jungʻor xonligi) — Jungʻoriyadagi oʻrta asr davlati (1635—1758). Ili vodiysida yashayotgan oyrotlarning choʻros ulusi vakili Botur xuntayji rahbarligida Yorkend xonligidan ajralib chiqishi natijasida barpo etilgan. Xon oʻrdasi Ili vodiysida joylashgan. Oyrot xonligi maʼmuriy jihatdan 4 ulusga (choʻros, derbet, xoʻshout va xoʻyt) boʻlingan. Har bir ulusning boshligʻi tayji (xon, knyaz) hisoblangan. Tayjilar xonlik hukmdori — Xuntayji (Ulugʻ xon)ga bevosita itoat qilgan. Oyrot xonligi 1641 yil Tibetga yurish qilib, u yerdagi hokimiyatni agʻdarib, taxtga budda dini yetakchisi Dalaylamani oʻtqazdi. 1688—90 yillarda oyrot xoni Galdan (1671—97 yillar hukmronlik qilgan) Chingizxon saltanatini tiklash maqsadida Moʻgʻulistonga yurish qilgan. Bundan xavotirga tushgan Xitoydagi Sin imperiyasi (1644—1911) moʻgʻullarni qoʻllab-quvvatlab, Oyrot xonligiga qarshi oʻzi ham kurash boshlagan. 1695 yil yozida Gʻarbiy Moʻgʻulistondagi hal qiluvchi jangda xi-toyliklar gʻalaba qilgan va Moʻgʻulistonni egallab olgan.
Galdan vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan Sevan Rabdan (1697—1727) va uning oʻgʻli Galdan Seren davri (1727— 45)da Oyrot xonligi qayta kuchaygan. Ular Sin imperiyasi bilan tinchlik aloqalarini oʻrnatish va tashqi siyosatdagi faollikni Gʻarb tomonga qaratish hamda Yorkend xonligi ustidan oyrotlar oʻrnatgan nazoratni kuchaytirish siyosatini olib borgan. Biroq, Sin imperiyasi Moʻgʻulistonda oʻrnashib olgach, Oyrot xonligiga qarshi kurash boshlagan, jumladan, 1717 va 1731 yillarda 2-marta katta qoʻshin bilan harbiy yurish qilgan. Ammo, bu yurishlar magʻlubiyat bilan tugagan. Oyrotlar birinchi marta Oltoy tomondan, ikkinchi marta Tibet tomondan aylanib oʻtib, Xitoy qoʻshini avangardini orqa tarafdan uzib qoʻyish xiylasini ishlatib, kam kuch bilan katta armiya ustidan gʻolib chiqib Sin imperiyasi rejalarini barbod etgan. Sin hukumati Oyrot xonligi bilan sulh bitimi tuzishga majbur boʻlgan (1741).
18-asr oʻrtalarida Oyrot xonligida ichki ziddiyatlar kuchaygan. Hokimiyat talashuvchi kuchlar ichida Sin hukumati yordamida maqsadga erishmoqchi boʻlgan shaxslar paydo boʻlgan. Amursana Sin sulolasi uchun maqbul shaxs deb topilgan. Ammo, u Sin sulolasining Oyrot xonligini butunlay yoʻqotishga qaratilgan maxfiy rejasidan bexabar boʻlgan.
1755 yil bahorda Sin imperiyasi Oyrot xonligi ga qarshi 50 ming kishilik qoʻshin bilan urush boshlagan. Qoʻshin avangardiga Amursana bosh boʻlgan. Oyrot xonligi yoʻq qilingan, lekin Amursanaga taxt berilmagan, u maxfiy koʻrsatma bilan Pekinga chaqirtirilgan. Aldanganini bilib qolgan Amursana oʻzini xon deb eʼlon qilib, Sin saltanatiga qarshi kurash boshlagan, biroq magʻlubiyatga uchrab Rossiya hududiga qochib oʻtib, musofirliqda vafot etgan. Oyrot xonligining soʻnggi xoni Davatsi Pekinga olib ketilib zindonga tashlangan. Shunday qilib, Oyrot xonligi yarim asr davomida Sin imperiyasining hujumiga qarshi turib, uning Turkistonga bostirib kelishiga yoʻl qoʻymagan. Oyrot xonligi barham topgandan keyingi ichki va tashqi vaziyat Sin imperiyasiga Sharqiy Turkistrndan nariga oʻtishga imkon bermagan. 1758-yil Yorkend xonligi ham yoʻq qilingan. Shundan keyin Oyrot va Yorkend xonliklari hududida Sin hukumati tomonidan harbiy-maʼmuriy tuzum oʻrnatilgan.
Abdulahad Xoʻjayev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |