Kontent qismiga oʻtish

Markazit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Markazit

Markazit (fors, margashishe — kolchedan), nursimon kolchedan — sulfidlar sinfiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi FeS2. Qoʻshimchalar tarzida, koʻpincha, Ni, As, Sb, Ti, Co va boshqa mavjud. Metalddek yaltiroq. Rangi jezsimonsariq, yuzasi kulrang-yashil tovlanadi. Rombik sistemada kristallanadi, kristallari taxtachasimon, ustunsimon, qoʻshaloq, nayzasimon, baʼzan taroqsimon. Koʻpincha, murakkab agregatlar — birikkan holda, kurtaksimon va oqiq hosilalar koʻrinishida, ayniqsa, pirit bilan koʻproq uchraydi. Qattiqligi 6,0—6,5, zichligi 4,9 g/ sm3. Moʻrt. Alohida kon hosil qilmaydi. Piritdan kristall shakllari bilan farq qiladi. Gidrotermal konlarda pirit, pirrotin va boshqa sulfidlar bilan birga hosil boʻladi. M. choʻkindi jinslarda, asosan, koʻmirli, ayniqsa, qoʻngʻir koʻmirli qumtosh gillar orasida konkretsiya va noaniq shaklli donalar hosil qiladi. Oʻzbekistonda koʻproq Angren kumir konida, kamroq oltin konlari (Muruntov va boshqalar), grafit (Toshqazigan), skarnlisheyelitli (Ingichka, Langar, Qoʻytosh va boshqalar), polimetalli, kolchedanli (Uchquloch, Xondiza va boshqalar) konlarda tarqalgan. Sulfat kislota olishda ishlatiladi. Koʻmir va oʻtga chidamli gillarda zararli qoʻshimcha hisoblanadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil