Kontent qismiga oʻtish

Lima

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

LimaPeru poytaxti. Mamlakatning muhim iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi. Tinch okean sohilida joylashgan. And togʻlari etagida. Iqlimi tropik choʻl iqlimi. Oʻrtacha temperaturasi avgustda 16°, fevralda 23°. Yiliga 40 mm yogʻin yogʻadi. Aholisi 7,4 mln. kishi (2000). L.ga 1535-yilda ispanlar asos solgan. Uch asr davomida ispanlarning Janubiy Amerikadagi mustamlakalarining markazi va Peru vitseqirolligining poytaxti boʻlgan. 1821-yildan Peru Respublikasining poytaxti. 1881—83 yillarda Chili qoʻshinlari okkupatsiya qilib turgan.

Transport yoʻli va avtomobil yoʻllarining yirik tuguni. L.dan Pan-Amerika shossesi oʻtgan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. L. shahar atrofi va Kalyao bilan birga namlakatdagi ishlab beruvchi sanoat mahsulotining 80% ni beradi. Asosiy sanoat tarmoqlari: toʻqimachilik, oziqovqat, metallsozlik, kimyo, neftni qayta ishlash sanoatlari. Tayyor qismlardan avtomobil va elektr asboblari ishlab chiqarish korxonalari bor. Universitetlar, jumladan, SanMarkoye universiteti (1551), 3 ta Fanlar akademiyasi, muzeylar, milliy kutubxona, teatrlar, rasadxona, botanika bogʻi va boshqa bor. Meʼmoriy yodgorliklaridan Torre Tagle saroyi (1795), sobor (1572—1797), prezident saroyi va boshqa saqlangan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil