Kontent qismiga oʻtish

Jun gazlama

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Jun gazlama — jun tolasidan toʻqiladigan mato. Toza junli va yarim junli xillari boʻladi. Toza J. g .lar 100% jun ipdan toʻqiladi. Junli kiyim-kechaklarning tashqi koʻrinishini yaxshilash maqsadida jun tarkibiga 6—10% gacha (umumiy ogʻirligiga nisbatan) paxta ipi, viskoza, sunʼiy ipak, shtapel tolasi va b. aralashtirilgan gazlama ham toza J. g . jumlasiga kiritiladi. Yarim junli gazlamalar tarkibida 85% gacha tabiiy yoki sunʼiy jun boʻladi. Iplarning sifatiga qarab J. g .lar, asosan, kamvol va movut gazlamalarga boʻlinadi. Kamvol gazlamalar yuqori va oʻrta raqamli jun ipdan toʻqiladi. Kamvol gazlama sirti tekis, koʻpincha, tuksiz pishiq, yengil, changni oʻziga kam oladi, undan tikilgan kiyim chidamli boʻladi, taxi tez buzilmaydi, chang va b. iflosliklardan oson tozalanadi. Erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari tikish uchun ishlatiladi. Koʻylakbop, kostyumbop, shimbop, paltobop va maxsus kamvol gazlamalar bor. J. g .lardan kiyim-kechak, adyol, roʻmol, gilam va b. mahsulotlar ham tayyorlanadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil