Gipotoniya
Gipotoniya (yunoncha gipo… va tonos – taranglik) – toʻqima, aʼzo va sistemalarning boʻshashuvi, yaʼni tonusi (tarangligi)ning pasayishi. Yurak-tomir sistemasining tonusi pasayganda qon bosimi past boʻladi. Gipotoniya koʻpincha qon bosimining pasayganligini ifodalaydi (90/60 mm simob ustunidan past). Qon bosimining normal holati yoshga, geografik mintaqaga qarab bir oz farq qilishi mumkin (tropik va subtropik mamlakatlarda yashaydigan kishilarning qon bosimi shimoliy hududlardagilarga nisbatan pastroq boʻladi). Sport (ayniqsa ogʻir atletika) bilan muntazam shugʻullanadigan yigit-qizlarda, ogʻir jismoniy ish qiladigan kishilarda, balet artistlarida Gipotoniya yillab, baʼzan esa umrbod davom etishi mumkin. Bunday kishilar oʻzlarini yaxshi sezadilar va bemalol ishlayveradilar. Bu fiziologik Gipotoniya boʻlib, dori-darmonning hojati yoʻq. Patologik Gipotoniya esa turli infeksion kasalliklar, zaharlanish, och yurish yoki yaxshi ovqatlanmaslik, shuningdek, endokrin bezlar kasalligi natijasida yuzaga keladi. Gipotoniya koʻpgina kasalliklarning boshlanish belgilaridan boʻlishi yoki vegetativ nerv sistemasi faoliyatining izdan chiqishi sababli mustaqil kasallik sifatida avj olishi mumkin. Gipotoniyada bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, uyqu buzilishi, jizzakilik, qon bosimining birday past turishi va b. kuzatiladi. Gipotoniya odatda, surunkali kechib, vaqt-vaqti bilan, ayniqsa qish-bahorda, shuningdek, ruhiy hayajon yoki noqulay tashqi omillar (ob-havo keskin oʻzgarganda) taʼsirida qaytalanib turadi. G.ning oldini olish uchun mehnat va dam olishni toʻgʻri uyushtirish, dam olish kunlari yaxshi hordiq chiqarish, badan tarbiya bilan shugʻullanish, vitaminlarga boy taomlarni kundalik ovqat ratsioniga kiritish kerak. Gipotoniya belgilari paydo boʻlganda vrach kardiolog yoki terapivtga murojaat qilib, davolanish lozim. Davo asosan kasallikka sabab boʻlgan omillarni bartaraf etishdan iborat. Qon bosimini koʻtaradigan va quvvatga kirgizadigan dorilar, shuningdek, sanatoriya va kurortlarda davolanish tavsiya etiladi. Jismoniy mashqlar bilan shugullanish Asosan kardiosport(yurak kardiosi) bilan shugullanish yurak mushaklari tonusini normal holatda ushlash, karonar qon tomirlarda uchrashi mumkin bolgan organizm uchun yod bolgan mahsulotlar toplanishini oldini oladi, markaziy va pereferiyadagi qon tomirlarni oʻtkazuvchanligini oshiradi. Zararli odatlardan vos kechish kerak spirtli ichimliklar tamaki mahsulotlari va boshq. Kun davomida 2-3km piyoda yurishni tavsiya qilaman. Bunda yurakni umuman organizmni kislorodga bolgan ehtiyoji qondiriladi. Bu esa oʻz navbatida organizmda uchrashi mumkin bolgan gipotoniyaga olip keluvchi kasalliklarni oldini olgan boladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil