Kontent qismiga oʻtish

Dublin

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Dublin — Irlandiya poytaxti. Irlandiya orolning sharqida, Liffi daryosining Dublin qoʻltigʻiga quyilish yerida joylashgan. Aholisi 953 ming kishi (1996, shahar atrofi bilan). Iqlimi dengiz iqlimi. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 15— 17°, yanvarniki 5°, yiliga 842 mm yogʻin yogʻadi. Dublin toʻgʻrisida dastlabki maʼlumot Irlandiya manbalarida 291 yildan uchraydi. 9-asrdan Dublinni normannlar bosib olgan. 1170-yilda ingliz-normann feodallari qoʻliga oʻtdi. 1922-yildan mamlakat poytaxti. Dublin mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Transport yoʻllari tuguni, Irlandiya dengizi sohilidagi mamlakatning eng yirik porti. Xalqaro aeroport bor. Dublin porti orqali chetga chorva mollari, goʻsht, teri va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chiqariladi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari — oziq-ovq-at (pivo pishirish, viski tayyorlash, goʻsht konserva va b.) va yengil sanoat. Toʻqimachilik (17-asrdan poplin toʻqish bilan mashhur), tikuvchilik, koʻn-teri, jut korxonalari bor. Kimyo, kemasozlik, mashinasozlik (elektrotexnika, priborsozlik, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi), qurilish sanoati tarmoqlari rivojlangan. Meʼmoriy yodgorliklardan Dublin qasri — hozirgi Adliya saroyi (13-asr), Kraystcherch cherkovi (1038), Sent-Patrik sobori (1190), ratusha (1769) va boshqa saqlangan. Dublin universiteti (1591), Milliy universitet, Qirollik musiqa akademiyasi, kutubxonalar, muzeylar, hayvonot bogʻi, Milliy galereya (1864), teatrlar bor.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil