Kontent qismiga oʻtish

Yer yadrosi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
2 - Yer mantiyasi, 3 - Yer yadrosi

Yer yadrosi — Yerning markaziy eng chuqur geosferasi. Ye. ya.ning yuqori chegarasi 2900 km chuqurliqda, radiusi qariyb 3500 km. Yerning markazida temperatura 5000°, zichlik qariyb 12,5 ming t/m3, bosim 361 GPa gacha. Ye. ya.ning yuqori chegarasida boʻylama toʻlqinlarning tarqalish tezligi keskin sakrab 13,7 dan 8,1 km/sek gacha kamayadi va aksincha Yerning markazi atrofida 11,2 km/sek gacha koʻpayib boradi. Ye. ya.ning tuzilishi, fizik xossalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar geofizika tadqiqot metodlaridan foydalanib olingan. Ye. ya. tashki va ichki yadro (subʼyadro)dan iborat. Subʼyadroning radiusi 1300 km chamasida. Tashqi yadroda koʻndalang seysmik toʻlqinlar tarqalmaydi. Shuning uchun ham tashqi yadro suyuq boʻlsa kerak deb taxmin qilinadi. Tashqi yadrodan ichkisiga oʻtishda boʻylama toʻlqinlar koʻndalang toʻlqinlarni qoʻzgʻatib yuboradi. Shu bois ichki yadro qattiq boʻlsa kerak deb faraz qilinadi. Ye. ya.ning tarkibi toʻgʻrisida yagona fikr yoʻq. Baʼzi olimlar Ye. ya. temir va nikeldan iborat deyishsa, boshqalari metallashgan silikatlardan, uchinchi guruh olimlar esa temir oksidlaridan tashkil topgan deb hisoblaydilar. Geofizik maʼlumotlar va eng kuchli bosim sharoitida bajarilgan tajribalardan olingan maʼlumotlar asosida Ye. ya. ehtimol nikel va oltingugurt aralashmali temirdan tashkil topgan deb faraz qilinadi. Yer magnit maydonining paydo boʻlishini tashqi yadrodagi mexanik-elektromagnit jarayonlari bilan bogʻlaydilar.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil