Kontent qismiga oʻtish

Yashirin iqtisodiyot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yashirin iqtisodiyot, xufiya iqtisodiyot — ishtirokchilar tomonidan oshkora olib borilmaydigan, davlat va jamiyat tomonidan nazorat qilinmaydigan, soliqlar toʻlanmaydigan, rasmiy davlat statistikasida qayd etilmaydigan iqtisodiy jarayonlar, iqtisodiy faoliyat turlari. Yashirin iqtisodiyot oshkora payqab boʻlmaydigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash, isteʼmol jarayonlari — iqtisodiy munosabatlar boʻlib, uning negizida ayrim kishilar yoki kishilar guruhi manfaatlari yotadi. Yashirin iqtisodiyot dunyoning deyarli hamma mamlakatlarida mavjud.

YA.i. murakkab koʻp bosqichli hodisa, uning tur va shakllari xilmaxil. Yashirin iqtisodiyot maqsadi, faoliyati va iqtisodiyijtimoiy oqibatlariga koʻra bir necha turlarga boʻlinadi: 1) jinoiy iqtisodiy faoliyat. Bu mutlaqo maʼn etilgan, qonun yoʻli bilan taʼqib etiladigan ishlar bilan shugʻullanish, mas, narkobiznes, pornobiznes, qurol biznesi va hokazo; 2) gʻayriqonuniy, gʻayriiqtisodiy usullar bilan daromadlarni qayta taqsimlab oʻzlashtirib olish, mas, oʻgʻirlik, bosqinchilik, reket, poraxoʻrlik; 3) ikkilamchi iqtisodiyot — kishilarga zarar keltirmaydigan, ular uchun naf beradigan, lekin rasman ruxsat etilmagan va davlat roʻyxatidan oʻtmagan iqtisodiy faoliyat. Ularga yashirin tadbirkorlik, 1—2 va 5—10 kishi band boʻlgan yashirin kichik korxonalar faoliyati kiradi. Yashirin tadbirkorlik xizmati koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, qurilish, savdo, kiyimkechak ishlab chiqarishda keng tarqalgan; 4) rasman ruxsat etilgan faoliyat bilan birga qoʻshimcha ravishda yashirin ishlab chiqarishga qoʻl urish, ochiq ishlaydigan korxonalarda qoʻshimcha ravishda hisobga kirmagan mahsulot chiqarib, uni yashirin sotish; 5) mansabni suiisteʼmol qilish va korrupsiyaga asoslangan iqtisodiy xattiharakatlar. Bular jumlasiga davlat idoralaridagi poraxoʻrlik, yashirin lobbizm, mansabdan foydalanib subsidiyalar olishni kiritish mumkin; 6) qalbakilashtirilgan iqtisodiy faoliyat, bu iqtisodiyot davlat sektoriga xos boʻlib, davlatni aldashga qaratiladi. Buning eng yaqqol namunasi davlat sektoridagi qoʻshib yozishlar, qilinmagan ishlar uchun davlatdan haq olish va boshqalar Yashirin iqtisodiyot dagi ijtimoiy zararli faoliyat davlat tomonidan qatʼiyan taqiqlanadi, hamma choralar bilan unga qarshi kurash olib boriladi, ijtimoiy foydali faoliyatning (norasmiy boʻlsada kishilar talabehtiyojlarini qondiradi) oshkoralikka chiqishi iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantiriladi.

YA.i. miqyosi yashirin iqtisodiy aylanma, yaʼni ruxsat etilmagan tovar va xizmatlarni yaratish va ularni sotish hajmi bilan belgilanadi. Aylanma xufiyona boʻlganidan uning aniq hisobkitobi boʻlmaydi. Buning oʻrniga uni taxminan baholash usuli qoʻllanadi. Ayrim hisobkitoblarga koʻra, oʻtgan asr oxirlarida Yer yuzidagi yashirin iqtisodiy aylanma 8 trln. dollarga yoki jahon yalpi mahsulotining 27,5% ga teng boʻlgan. BiroqYa.i. miqyosi turli mamlakatlarda farqlanadi. Yashirin iqtisodiyot eng rivojlangan mamlakatlarga Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari kiradi. Mas, 1999-yil Misr va Nigeriyada u yalpi ichki mahsulotning 70% ga teng boʻldi. Yashirin iqtisodiyot hissasi eng kam boʻlgan mamlakat Osiyoda Yaponiya (1—2%), Gʻarbiy Yevropada Shveysariya hisoblanadi. MDH mamlakatlarida Yashirin iqtisodiyot darajasi oʻrtacha. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida, mas, AQSH va Italiyada Yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi hissasi tegishlicha 6,4 va 11,4% ni tashkil etdi (1997).

21-asrga kelib iqtisodiyotining globallashuvi oqibatida Yashirin iqtisodiyot milliy doiradan chiqib xalqaro darajaga koʻtarildi. Yashirin iqtisodiyot globallashuvi bu bir mamlakatdagi Yashirin iqtisodiyot boshqa mamlakatga koʻchirilishida, nojoʻya biznes ishlari bilan shugʻullanuvchi xalqaro firmalarning paydo boʻlishida koʻrinadi. Bunga misol qilib xalqaro narkobiznesni, yashirin qurol savdosini, ishchi kuchining yashirin migratsiyasini uyushtirishni, offshor zonalar orqali gʻayri qonuniy yoʻllar bilan topilgan pulni "halollab" olish kabilarni koʻrsatish mumkin. Bular xalqaro hamjamiyatga katta xatar tugdiradi. Pulni chet mamlakatga yashirin chiqarib "halollab" olishga qarshi kurash maqsadlarida xalqaro hamjamiyat maxsus tashkilot — Xalqaro moliyaviy harakatlar guruhini tashkil etgan (36 mamlakat aʼzo; 2000).

Ahmadjon Oʻlmasov, Sharifjon Qobilov.