Tegin
Tegin, takin (turkiycha) 1) hunlar davrida yabgʻudan keyingi 2 oliy darajali mansab; 2) Gʻarbiy va Sharqiy Turk xoqonligida (6—8-asr) hukmdor — qagʻan (xoqon)dan keyingi 2 oliy lavozim, yaʼni taxt vorisi, qomondon.
Ayni chogʻda davlat boshligʻi farzandlari — xonzodalar ismiga qoʻshib aytiladigan sharafli unvon. (mas., Qultegin, Yoʻllugʻ tegin va boshqalar); 3) Qoraxoniylar saltanatida T. — xonzoda, muayyan mulkka egalik qilgan, harbiy harakatlarda qoʻshinni boshqargan. Sharqiy Turk davlatlari (uygʻurlar va qoraxoniylar)da T. "xonzoda" maʼnosida moʻgullar bosqiniga qadar mavjud boʻlgan; 4) Somoniylar, Gʻaznaviylar va Saljuqiylar lashkarida uzoq muddat xizmat qilish evaziga yuksak martabalarga erishgan gʻulom. Xususan, Mahmud Gʻaznaviyning otasi — Sabuktegin suboshi — lashkarboshi darajasigacha koʻtarilgan. Xorazmshoxlar bobokaloni Anushtegin dastlab saljuqiy Bilgateginning gʻulomi boʻlgan. Somoniylar qoʻshinida keyinchalik sipohsolar unvonini egallagan Alptegin ham turk gʻulomlaridan boʻlgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |