Kontent qismiga oʻtish

Senaki

Koordinatalari: 42°16′8″N 42°4′45″E / 42.26889°N 42.07917°E / 42.26889; 42.07917
Vikipediya, erkin ensiklopediya

Senaki (gruzincha: სენაკი ; Mingrelian) – Gruziya gʻarbida joylashgan Samegrelo-Zemo Svaneti viloyatidagi shaharcha. Shahar 42°16′8″N 42°4′45″E / 42.26889°N 42.07917°E / 42.26889; 42.07917 koordinatalari atrofida Texura va Tsivi daryolari orasida, dengiz sathidan 28-38 metr balandlikda joylashgan.

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulxan-Saba Orbelianining soʻzlariga koʻra, „Senaki“ (სენაკი) nomi gruzin tilida „kichik xona“ yoki „kapel“ degan maʼnoni anglatadi[1]. Shahar 1935—1976 yillar oraligʻida shahar gruzin bolshevik inqilobchisi Mixail Tsxakaya sharafiga „Mixa Tsxakaya“ deb nomlangan[2]. 1976-yilda ism „Tsxakaya“ ga soddalashtirildi. 1989-yildan keyin shaharga asl nomi qaytarildi.

"Senaki" geografik nomi birinchi marta XVII asrda Tekxura daryosining oʻng qirgʻogʻidagi eski savdo shaharchasi va bosh cherkoviga nisbatan paydo boʻlgan. Tarixan, bu shahar Kutaisi gubernatorligidagi Senaki uyezdining maʼmuriy markazi boʻlgan. Poti-Tbilisi temir yoʻl liniyasi qurilishi boshlanganidan keyin (1872), markaz avvalgi oʻrnidan 5km uzoqlikda boʻlgan hozirgi joyiga koʻchirildi. Senaki 1924-yilda bolsheviklarga qarshi qoʻzgʻolonning muhim markazlaridan biri, shuningdek, 1998-yilgi Gruziyadagi harbiy qoʻzgʻolonning markazi hisoblangan. Shahar Sovet Ittifoqi davrida muhim harbiy havo bazasi vazifasini bajargan. Gruziya armiyasining ikkinchi piyoda brigadasi hozir xuddi shu shaharda joylashgan. Baza 2005-yildan keyin NATO standartlariga javob berish uchun yangilandi. Shahar 2008-yilda Janubiy Osetiya urushi paytida ham jang maydoni boʻlgan[3].

Demografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Senaki panoramasi

Tarixan Senaki aholisining katta qismi gruzinlar boʻlgan monoetnik shahar sifatida tanilgan. 2002-yilgi davlat aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, umumiy aholining 98% etnik gruzinlar tashkil qilgan. Senaki aholisi haqidagi eng qadimgi rasmiy maʼlumotlar 1897-yilgi aholini roʻyxatga olishda shakllangan va 1248 kishini (927 – erkak, 321 – ayol) tashkil etgan. 1950-1970-yillar Senakining rivojlanishi uchun muhim davr boʻldi va aholining oʻsishiga ham taʼsir koʻrsatdi. 2014-yilgi aholini roʻyxatga olishda shahar aholisi 21 596 kishi (Abxaziyadagi koʻchmanchilar bilan birga) deb qayd etilgan[4]. Bugungi kunda Senakida gruzinlar (99,4%), ruslar (0,19%), armanlar (0,18%), ossuriyaliklar (0,11%) va boshqalar (0,12%) yashaydi. Sovet davrida shaharda koʻplab yahudiylar ham yashashgan boʻlib, ular 1970-yillarning oxirida shaharni tark etishgan.

Senaki – Tbilisi-Poti va Tbilisi-Zugdidi temir yoʻl liniyalarining muhim stantsiyasi. Shuningdek, u xalqaro va milliy ahamiyatga ega boʻlgan bir qancha yoʻllarni bogʻlaydi. Joylashuvi tufayli Senaki Samegrelo-Zemo Svaneti mintaqasining yetakchi iqtisodiy va savdo markazlaridan biri hisoblanadi. Shaharda Sovet Ittifoqi davrida mashinasozlik, gilamchilik, gʻisht zavodlari mavjud boʻlgan; u yerda vino, choy va sitrus mevalarni qayta ishlash rivojlangan. Senaki shahrida hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan kichik va oʻrta sanoat tarmoqlariga bir qancha agromahsulotlar (yongʻoq, dafna, choy, sut, makkajoʻxori)ni qayta ishlash zavodlarini, yogʻoch va asfalt ishlab chiqarishni kiritishimiz mumkin. 2016-yil iyun oyida shahar yaqinida Evro 4 standartidagi sement ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi. Senaki shahrida ishlab chiqarilgan sement ham mahalliy, ham eksport bozorlariga moʻljallangan[5]. Senaki shahridan 3km uzoqlikda Menji kurorti joylashgan. Sovet davrida bu mashhur suv kurorti boʻlib, bugungi kunda unga jiddiy zarar yetgan va tashlandiq ahvolga kelgan.

Madaniyat va taʼlim

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Senaki sanʼat galereyasi

Tarixan Senaki shahri mintaqaning muhim madaniy-maʼrifiy markazlaridan biri hisoblangan. 1879-yilda Gruziya teatri tashkil etilganidan ikki yil oʻtgach, birinchi spektakl Senakida boʻlib oʻtgan. Gruziyadagi birinchi zodagon maktablaridan biri 1884-yilda Senakida (hozirgi Dzveli Senaki) ochilgan. Bu maktabda taniqli gruzin yozuvchilari, akademiklari va jamoat arboblari, jumladan Saymon Janashiya, Konstantin Gamsaxurdiya, Arnold Chikobava tahsil olgan.

Arxitektura va diqqatga sazovor joylar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Senaki poezd stantsiyasi

Shaharning muhim diqqatga sazovor joylaridan biri barokko uygʻonish uslubida qurilgan Davlat teatri (meʼmor Vaxtang Gogoladze) hisoblanadi. Teatr Gruziya madaniy merosining bir qismi boʻlib, 2018-yildan beri teatrda qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, shahar qizil gʻishtli uylar bilan bezatilgan koʻchalari bilan mashhur. Shaharga yaqinida, „Archangel tepaligi“ deb ataladigan joyda, 1908-yilda rohib Aleks Shushaniya (Senakeli nomi bilan atalgan) tomonidan qurilgan tarixiy cherkovni koʻrish mumkin. Cherkov Gruziyada Sovet Ittifoqi davrida yopilmagan kam sonli cherkovlardan biri edi. Shahar shimolida turli xil maʼnaviy va tarixiy diqqatga sazovor joylar joylashgan: Teklati monastiri, Shxefi qal’asi va Sakalandarishvilo istehkomi. Senaki yaqinida qadimiy arxeologik va tarixiy joy Nokalakevi (Arxeopolis, Tsixe-Godji) ham mavjud. Turli manbalarga koʻra (masalan F. Diobua de Monpereoux) afsonaviy Kolxiya shahri „Aia“ va keyin Lazika poytaxti (gruzincha: ეგრისის სამეფო) „Tsixegoji“ aynan shu yerda joylashgan edi[6].

Yillik tadbirlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Egrisoba (gruzincha: ეგრისობა) – Senakidagi asosiy yillik tadbir va ommaviy festival. Festival, asosan, kuzning oʻrtalarida nishonlanadi. „Egirosoba“ birinchi marta 1989-yilda oʻtkazilgan va keyinchalik 2014-yilda qayta tiklangan.

Qardosh shaharlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. „სენაკი - ქრისტიანობის ლექსიკონი“. Nplg.gov.ge. Qaraldi: 2019-yil 2-sentyabr.
  2. Rusistika. The Association, 1990. 
  3. „Civil.Ge | Russian Troops in Senaki“. Old.civil.ge. Qaraldi: 2019-yil 2-sentyabr.
  4. „Unsere Artikel Uploads“. Ecmicaucasus.org. 2020-yil 28-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 2-sentyabr.
  5. „Georgia to build US700m cement plant in Senaki - Cement industry news from Global Cement“. Globalcement.com. Qaraldi: 2019-yil 2-sentyabr.
  6. „Nokalakevi Archaeological Museum-Reserve - Travel in Georgia“. 2017-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 10-avgust.
  7. „Twin Cities“. Rakvere. 2013-yil 14-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 30-aprel.