Kontent qismiga oʻtish

Referendum

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Referendum (lotincha: referendium) bu fuqarolarning davlat, viloyat yoki mahalliy koʻlamda eng muhim masalalar boʻyicha ovoz berish yoʻli orqali oʻz fikrlarini bevosita bildirishlaridir. Umumxalq ovoz berish yoʻli bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim birmasalalarni hal qilish shakli. Bevosita demokratiyaning muhim vositasi. Referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, referendum oʻtkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar roʻyxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala — qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlar, shaxslar vakolatlari (prezident muddatlari misol),mamlakat, xalqaro maqomiga taalluqli yoki ichki siyosatiga oid biron bir savol qoʻyiladi. Saylov natijalari majoritar tizim boʻyicha ham, proporsional tizim boʻyicha ham aniqlanishi mumkin boʻlsa, referendum natijalari faqat majoritarizm (mutlaq koʻpchilik ovozini hisoblash) tamoyillari asosidagina aniqlanishi mumkin. Referendum ning oʻziga xos shakli plebissit hisoblanadi. Ayrim mamlakatlar (Mas, Fransiya)da plebissit referendumga nisbatan birmuncha kengroq tushuncha hisoblanadi. Baʼzi mamlakatlar (Mas, AQSH)da esa plebissit bilan referendumni farqlamaydilar. Hozirgi zamon davlatlarining konstitutsiyaviy huquqi referendum va uni oʻtkazishning turli xil koʻrinishlarini nazarda tutadi. Referendumlar butun davlat hududida oʻtkaziladigan umumilliy referendum va alohida federatsiya subʼyektlari yoki maʼmuriyhududiy birliklarda oʻtkaziladigan mahalliy referendumga boʻlinadi. Konstitutsiyaga yoki qonunlarga taallukdi referendum oʻtkazilishi mumkin. Birinchi holda yangi konstitutsiya loyihasi yoki konstitutsiyaga qilinadigan oʻzgartirish va tuzatishlar boʻyicha referendum oʻtkazilsa, ikkinchi holatda qonun loyihasi yoki kuchga kirgan qonun boʻyicha referendum oʻtkaziladi. Huquqiy ahamiyati jiqatdan maslahat referendumlari (xalq soʻrovi deb ham ataladi) va hal qiluvchi referendumlar boʻladi. Maslahat referendumlari biron bir masala yuzasidan saylovchilarning irodasini aniqlab olish boʻyicha oʻtkazilib, ana shu asosida davlatning boshqa organlari qaror chiqaradi (bunday referendumlar Shveysariya, Ispaniyada oʻtkaziladi). Hal qiluvchi referendumlarda biron-bir masala uzilkesil qaror chiqarish uchun saylovchilar ovoziga qoʻyiladi. Shuningdek, majburiy va fakultativ referendumlar boʻladi. Referendumlar oʻtkazish zarurati konstitutsiya yoki boshqa konstitutsiyaviyhuquqiy hujjatda koʻrsatilgan boʻlsa (Mas, konstitutsiya oʻzgartiriladigan holda) majburiy referendum oʻtkaziladi. Fakultativ referendumlar tegishli davlat organi yoki saylov korpusi irodasiga bogʻliqholda oʻtkaziladi.

„Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrsida“gi qonun (dastlab 1991-yil 18 noyabrda qabul qilingan, 2001-yil 30 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan)ga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining referendumi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarini qabul qilish maqsadlarda jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻladi va faqat referendum yoʻli bilan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin. Referendum Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida oʻtkaziladi. Referendumni oʻtkazish tashabbusi bilan: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenta chiqishi mumkin. Referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan (18 yoshga toʻlgan) Oʻzbekiston fuqarolari umumiy sonining kamida 5 foizini tashkil etgan fuqarolar imzosi toʻplangan (bunda imzo chekkan fuqarolar miqdori har bir maʼmuriyhududiy tuzilma boʻyicha bir tekis va mutanosib ravishda taqsimlangan) boʻlsa; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari aʼzolarining uchdan ikki qismining ovozi bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining asoslantirilgan talabi bilan referendum oʻtkazilishi mumkin. Kuyidagi masalalar referendum predmeti boʻlishi mumkin emas: Oʻzbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini oʻzgartirish; Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti va soliklar; amnistiya va afv etish; jamoat tartibini, aholi sogʻligʻi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar oʻtkazish; Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish; mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish. Referendum yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi tarixida 1marta 1991-yil 29 dekabrda referendum boʻlgan. Bu referendumda „Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida“ UzR Oliy Kengashining 1991-yil 31 avgustdagi Konstitutsiyaviy qonuni toʻgʻri qabul qilinganligini Oʻzbekiston xalqi bir ovozdan maʼqulladi. 2002-yil 27 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasida 2 palatalik parlamentni shakllantirish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga oʻzgartirishga bagʻishlangan referendum boʻlib oʻtdi. Bu referendumlar Oʻzbekistonda demokratiya mustahkamlanib borayotganini koʻrsatadi[1].

Referendum — bevosita demokratiyaning muhim instituti boʻlib, umumdavlat hamda har bir fuqaro uchun muhim boʻlgan qarorlarni qabul qilinishida jamiyatning qatnashishini taʼminlaydi. Referendumning oʻtkazilish jarayonining qoida va shartlari har bir davlatning konstitutsiyasi va qonunchiligi tomonidan belgilanadi.

  1. Akmal Saidov, Davron Ahmedov.; OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil