Qutb kuni
Qutb kuni - Yerning Shimoliy qutb doirasidan shimolroqda va Janubiy qutb doirasidan janubroqda boʻlgan sohalardagi kun. Bir sutkadan ortiq davom etadi. Bahorgi teng kunlik (21 yoki 22 mart), yaʼni Quyoshning ogʻishi 5=0° ga teng boʻlganda Yerning Shimoliy qutb doirasida Quyosh chiqadi, Qutb kuni boshlanadi va u kuzgi teng kunlikkacha (21 yoki 22 sentabr) davom etadi. Janubiy qutb doirasi ichidagi Qutb kunilari, aksincha, kuzgi teng kunliktn bahorgi teng kunlikkacha davom etadi. Quyoshning ogʻishi orta borishi bilan Shimoliy qutb atrofidagi Qutb kunili sohalar koʻlami ham ortib boradi. Soha Shimoliy qutbdan qancha uzoqda boʻlsa, Qutb kuni shuncha kech boshlanadi va kunning uzunligi shuncha kam boʻladi. Qutblarda Qutb kuni yarim yil davom etadi. Shimoliy yarim sharda Quyoshning ogʻishi maksimal (5=+23°27’) boʻlganda, yaʼni Quyoshning yozgi turish kunlari (21 yoki 22 iyun) Qutb kuni uzunligi ham maksimal boʻladi va Quyosh shu kuni botmaydi. Haqiqatda yuqorida aytilgan hodisa birmuncha boshqacharoq kuzatiladi: 1) Quyoshning chiqishi uning koʻrinma gardishi markaziga nisbatan emas, balki gardishning yuqori chegarasi koʻrinishi bilan aniqlanadi; 2) Yer atmosferasi refraksiyasining taʼsirida Quyosh haqiqiy chiqqan vaqtidan oldin chiqadi va haqiqiy botish vaqtidan keyin botadi; 3) Quyoshning ogʻishi kun davomida oʻzgarib boradi. Bularning hammasi Yerning ikkala yarim sharida sutkalarning yorugʻ qismlarini uzaytiradi va qorongʻi qismlarini qisqartiradi.
Abvusalom Latipov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |