Kontent qismiga oʻtish

Qadimgi Misr dini

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Qadimgi Misr dini — “Nom”larning rahnamo xudolariga siginishga asoslangan. Mil. av. IV asrda qabilalar “nom”lar deb atalgan.
Har bir qabila o‘z xudosiga ibodat qilish, uni e’zozlash bilan bir qatorda o‘sha xudo bilan qandaydir jihat bilan bog‘liq muayyan hayvonni ham e’zozlagan va unga sig‘ingan. Masalan, Elefantinda - qo‘yga, Denderada - sigirga, Siutda- chiyabo‘riga, Germopolda - ibis (laylakka o‘xshash uzun oyoqli qush) va pavianga (ittumshuq maymun), al-Fayyum vodiysida- timsohga, Bubastisda esa mushukka sig‘inilgan. Janubiy Misrning qadimiy birlashishiga asos bo‘lgan Nexenda kalxat ayol xudosi, unga yaqin joylashgan Naxabda suv nilufari, Shimoliy Misr birlashuvining qadimiy markazi Butoda muqaddas ilon, qo‘shni Pe jamoasida esa asalari ilohiylashtirilgan.
Mazkur holdan kelib chiqqan holda, deyarli barcha mahalliy rahnamo-xudolarga hayvon-odam shaklini berish kelib chiqqan. Masalan, mushuk keyinchalik mushuk boshli Bastet xudosiga, lochin - Gor xudosiga aylangan. Shuningdek, Tot ibis boshli, Anubis it boshli, Sobek timsoh boshli, Soxmet urg‘ochi sher boshli, Xatxor xudosi sigir boshli qilib tasvirlangan. Ko‘rinib turibdiki, Qadimgi Misr dinlarida ko‘proq totemistik unsurlar saqlanib qolgan.
Misr xudolari orasida Nexebt, Xatxor, Neyt, Soxmet, Neftida kabi ko‘p sonli ayol xudolar ham mavjud bo‘lgan.
Misrning birlashish davridan avvalroq butun Misrning umumiy xudolari kulti vujudga kelganligini kuzatish mumkin. Agar biron-bir qabila Misrning birlashtirilishida asosiy o‘rinni egallasa, o‘sha qabilaning xudosi umumdavlat ma’budiga aylangan.
Umumiy xudolar orasida eng qadimiylaridan biri G’or xudosi bo‘lib, avval unga Iyerakonpol va Edfuda sig‘inganlar. Bu mintaqadan chiqqan podshoxdar Misrning ilk birlashtiruvchilari bo‘lganlar (1-2-sulola; mil. av. to‘rtinchi ming yillikning oxiri). Ular o‘z qabilaviy xudolarini umummisr quyosh xudosiga aylantirdilar.
Mamlakat poytaxti Memfisga ko‘chirilgach (3-sulola; mil. av. 3000 y. atrofi) Misrning asosiy rasmiy xudosi Ptax nomli mahalliy xudo bo‘lib qoldi. Mil. av. 2700 yillar atrofida 5-sulola hokimiyat tepasiga kelgach esa On (Geliopol) shahri bilan bog‘liq bo‘lgan Atum (Ra) xudosi Misrning oliy xudosiga aylandi. 11-12-sulolalar davrida (mil. av. 2100-1800 y.) juda ham mashhur bo‘lmagan Amon xudosi umummisr xudolarining asosiysiga aylandi va oldingi oliy xudo Ra bilan birlashib Amon-Ra shaklini oldi.Mamlakatning birlashtirilishi natijasida mahalliy xudolar ham ikkinchi darajali ma’budlarga aylanganlar. Germopol xudosi Tot (Ibis) olimlar va kotiblar rahnamosiga, Siut xudosi Anut narigi dunyo hukmdoriga, Latopolning ayol xudosi urush xudosiga, Koptos xudosi Min ajnabiylar rahnamosiga aylandi va hokazo.
Qadimgi Misrda podshoh - fir’avnlarning ilohiylashtirilish holatlarini kuzatish mumkin.Mamlakatni birlashtirgan Gor xudosiga sig‘ingan qadimiy podshoxdar o‘zlarini xudolarining panohida deb hisoblaganlar va hatto, o‘zlarini uning nomi bilan ataganlar. 5-sulola davridan boshlab, fir’avn quyosh xudosi Raning o‘g‘li deb sanaladigan bo‘ldi. Podsholarni xudoning o‘g‘li deb bilish milodning boshlarigacha davom etgan. Podshohning o‘zi asosiy diniy marosimlarni shaxsan ijro qilgan: ibodatxonalarga asos solgan, uning yolg‘iz o‘zi xudoga atalgan qurbonliklarni ado etgan. Ruhoniylar faqatgina podshoh nomidangina ish yuritganlar. Fuqarolar uning huzurida yer o‘pib ta’zim qilganlar, podshoh nomini aytish taqiqlangan, diniy ramzlarda uning surati aks ettirilgan. Bularning hammasi podshoh nasabining xudoga tegishli deb e’tiqod qilinganidan darak beradi.
Qadimgi Misrda dafn marosimlari asta-sekin taraqqiy etib bordi. Avvalda o‘lgan odam jasadini yonboshlatib, ba’zi ashyolar bilan birga ko‘mganlar. Ba’zan jasad bo‘laklarga bo‘lib ko‘milgan. Vaqto‘tishi bilan, ayniqsa, podshoxdar dafn rasm-rusumlari o‘zgarib borgan. Sag‘analar bora-bora keng va murakkab uslubda qurila boshlagan. Avval yerdan ozgina yuqori ko‘tarilgan piramida shaklida, keyinroq esa baland piramida shaklini olgan. Vafot etgan podshohning jasadi mumiyolanib dafn etilgan. Keyinchalik podshoh mulozimlari, so‘ngroq o‘rta tabaqa kishilari ham mumiyolanadigan bo‘lgan. Mumiyolashning murakkab texnologiyasi tobora rivojlanib borgan. Mumiyolash ruhoniylar tomonidan bajarilgan. Ular bu ishda juda mohir bo‘lganlar. Mana shuning uchun ham ular tomonidan mumiyolangan jasadlar bugungi kunga qadar saqlanib kelmoqda.
Qadimgi Misrda jasadlarning mumiyolanishi o‘limdan keyingi hayotga bo‘lgan ishonchdan darak beradi. Qadimgi misrliklar e’tiqodlariga ko‘ra, odam o‘lishi bilan uning jasadidan uning nomi (ren), ruhi (ba), joni (ka) chiqib ketadi. Ka-insonning joni jasadning taqdiri bilan bog‘liq hisoblangan. Ka o‘lmas emas, agar jasad kerakli anjomlar bilan qo‘shib dafn etilmasa, “ka” ochlik va chanqokdan o‘lishi mumkin. Agar turli sehrli duolar yozib qo‘yilmasa, “ka”ni narigi dunyodagi maxluqlar yeb qo‘yishi mumkin. Jasad yaxshilab mumiyolanib, uzoq saqlansa yoki hech bo‘lmasa, uning ustixoni qancha uzoq saqlansa, ruhi ham shuncha uzoq yashaydi.
Misrliklarning esxatologik tasavvuriga ko‘ra, oliynasab, boy kishilar o‘lgandan keyin narigi dunyoda farovon hayot kechiradilar. Ushbu tasavvurlar haqida 6-sulola vakillari sag‘analarida aks ettirilgan suratlar xabar beradi. Bu kabi farovon hayotga, ularning fikricha, bu dunyoda ham farovon hayot kechirganlar yetishgan yoki bunday hayotga sehr-jodu bilan erishish mumkin bo‘lgan. Misrliklar qadimgi e’tiqodida marhumlar rahnamolari bo‘lgan xudolar haqida tasavvurlar mavjud bo‘lgan.O‘rta podshoxlik davrida o‘lganlar ruxlari ustidan hukm chiqarish haqidagi tasavvurlar paydo bo‘lgan. Bu ta’limotlar piramidalar matnlarida uchramaydi. Ular Osiris xudosini ruhlar ustidan hukm qiluvchi xudo sifatida ta’riflaganlar.Qadimgi Misr dinlari tarixida sehr-jodu katta o‘rinni egallagan. Bizgacha yetib kelgan yozma va tasviriy manbalar, ashyoviy dalillar xalq hayotining turli sohalarida Misr tarixining barcha bosqichlarida sehrgarlikdan keng foydalanilganligidan dalolat beradi. Jumladan, tibbiyot bilan bog‘liq davolash-himoyalash sehrgarligi bunga yaqqol misoldir. Misr tibbiyoti, xususan, dorishunosligi nisbatan yuqori o‘rinda turgan va ularning barchasi sehrgarlik tasavvurlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Undan tashqari, ob havo sehrgarligi ham amalda ko‘p qo‘llangan. Mana shunday marosimlardan biri Raning dushmani Apopga qarshi Fiva ibodatxonasi ruhoniylari doim quyosh porlab turishi uchun har kuni sehrgarlik marosimlarini o‘tkazar edilar[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 441-445.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.