Kontent qismiga oʻtish

Poetika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Poetika (yun. poietike — poetik sanʼat) — badiiy asarlarda ifoda vositalari tizimi haqidagi fan, eng qad. adabiyotshunoslik fani. Keng maʼnoda P. adabiyot nazariyasi tushunchasiga toʻgʻri keladi. Adabiyot nazariyasi sifatida P. adabiy tur va janrlar xususiyatini, oqim va yoʻnalishlar, uslub va metodlarni oʻrganadi hamda badiiylik darajasi oʻrtasidagi ichki bogʻlanish va oʻzaro munosabat qonuniyatlarini tadqiq etadi.

P. 3 tarkibiy qismdan iborat: umumiy P., tavsifiy (xususiy) P., tarixiy P. Umumiy P. har qanday asarning badiiy vositalari va qurilish qonuniyatlarini janrga, adabiy tur va jinslarga qarab muallif niyatining mujassamlanish usullarini tadqiq etadi. Tavsifi y P. ayrim olingan bir muallif asarlarining yoki davrlar va yoʻnalishlarning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlaydi. Tarixi y P. badiiy vositalar taraqqiyotini (obrazli ifodalar, shakllar, qofiyalar) va kategoriyalarni (badiiy qilib berilgan zamon, makon, ritm) oʻrganadi.

"P". termini dastlab Aristotelning "Poetika" asarida qoʻllangan. Bu asar badiiy asar va uning tiliga oid nazariy masalalarni yoritishda dastlabki asarlardan hisoblanadi. Asarda yunon adabiyotidagi ilk realizm nazariyasi haqida maʼlumot berilgan. Buyuk vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy ham ushbu asar taʼsirida "Shoirlar sanʼati qonunlari haqida risola"sini yozgan. Realistik adabiyotning klassitsizm bosqichi haqidagi nazariy masalalar fransuz olimi va shoiri N. Bualonnng "Poetik sanʼat" asari (1674)da yoritildi. Bualo bu asarida klassitsizm poetikasi asoslarini yaratdi, bu oqim uchun xos boʻlgan xususiyatlarni ochib berdi va ularni badiiy ijod qonuniyatlari sifatida talqin qildi. Klassitsizm nazariyasining dogmatik gʻoyalariga qarshi kurashda fransuz yozuvchisi va faylasufi D. Didroning "Dramatik poeziya haqida" (1758), G. Lessingning "Gamburg dramaturgiyasi" (2 j.li, 1767—69) asarlari vujudga keldi. Bu asarlarda ijodda erkinlik, hayotiy haqiqat masalalari, hayotni dinamik tarzda tasvirlash talablari nazariy asoslandi.

Musulmon Sharqi adabiyotida P. 3 qismdan: 1) ilmi aruz, 2) ilmi qofiya, 3) ilmi badiʼdan iborat maxsus fan sifatida shakllangan va bu fanning mazkur yoʻnalishlari boʻyicha koʻplab ilmiy asarlar yaratilgan (Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balogʻa", Atoulloh Husayniyning "Ba-doiʼ ussanoyiʼ" va boshqalar).

Adabiy-badiiy mezonlar, yaʼni P.ning muayyan qonun-qoidalari ayrim adabiy yoʻnalish, oqim va maktablarda, alohida xalqlarda (tasavvuf sheʼriyati P.si, xalq dostonchiligi P.si, maʼrifatparvarlik adabiyoti P.si, Sharq adabiyoti P.si, uzbek adabiyoti P.si kabi), hatto buyuk qalam sohiblari ijodida pishgan, puxta ishlanib, sayqal topgan (Navoiy P.si, Bobur P.si, Qodiriy P.si va boshqalar).

Uzbek filologiyasi tarixida P. boʻyicha dastlabki kuzatishlar "Qutadgʻu bilig" (Yusuf Xos Xojib), "Devonu lugʻotit-turk" (M. Koshgʻariy) asarlaridan boshlangan. Sheʼr nazariyasini rivojlantirishda Navoiyning "Muhokamat ul-lugʻa-tayn", "Mezon ul-avzon", Boburning "Muxtasar" asarlari muhim rol oʻynadi. Adabiyot va sanʼatning yuksak badiiyligi, goyaviyligi uchun kurash borgan va bo-rayotgan keyingi davrlarda uzbek adabiyotshunoslari ham P. masalalarini tadqiq etishga katta eʼtibor berdilar. Navoiy ijodi P.sini oʻrganishda V. Zohidov, M. Shayxzoda, A. Hayitmetov, Yo. Isoqov va boshqalarning tadqiqotlari, Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahxrr romanlari P, si boʻyicha M. Qoʻshjonov, U. Normatov va boshqalarning, uzbek sheʼriyati P.si haqila O. Sharafiddinov va boshqalarning tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega. Uzbek folklori namunalari P.si ham tadqiq etilmoqda.

Sultonmurod Olim.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil