Kontent qismiga oʻtish

Pari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Pari – Sharq xalqlari folklorlarida keng tarqalgan mifologik obraz; maʼshuqa timsolining ideallashgan shakli; goʻzallik ramzi. Dastlab „Avesto“da payrika shaklida uchraydi. Rivoyatlarga koʻra, parilar Koʻhi Qof togʻi yaqinidagi Eram bogʻida yashaganlar, oʻz shohi va saltanatiga ega boʻlishgan, ularni gʻayritabiiy kuchlar – devlar qoʻriqlagan. Ertaklarda parilar nihoyatda goʻzal, aqlli, donishmand, latofat va nazokat egasi sifatida taʼriflangan. U sehrli xususiyatlarga ega boʻlib, oʻrni kelganda turli qiyofaga kira oladi, oʻzining adolatli harakati, toʻgʻri va aniq maslahatlari bilan qahramon gʻalabasiga imkon yaratadi („Oypari“, „Guliqahqahpari“, „Xurshid bilan Laylo“, „Odilbek bilan Xurram“ kabi). „Goʻroʻgʻli“ turkumi dostonlarida parilar vafodor ayol, doʻst, maslahatgoʻy, aqlu farosatda, jasoratda va obroʻda koʻpincha erkaklardan ham qolishmaydigan, ular bilan birga jangga kirib, qahramonlik koʻrsata oladigan obraz sifatida tasvirlangan. Folklor asarlarida parilar hayoti orqali inson turmushining ideal manzaralari aks etgan. Parilar obrazi mumtoz adabiyotda ham koʻp uchraydi (masalan, Alisher Navoiy gʻazallarida).

  • Afzalov M. I., Uzbek xalk, ertaklari haqida, T., 1964; Razzoqov H. va boshqa, Uzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi. T., 1980.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil