Kontent qismiga oʻtish

Paleogen sistemasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Paleogendan yoʻnaltirildi)

Paleogen sistemasi (DAVRI) (yun. palaios — qadimgi va genos — tugʻilish, yoshi) — Yer tarixi kaynozoy eratermasinint boshlanish davri. P. s taxminan 65—66 mln. yil muqaddam boshlanib, 40—42 mln. yil davom etgan. Paleogen sistemasi yotqiziqlari Yer yuzida keng tarqalgan boʻlib, Amerika, Yevropa, Shim. Amerikaning anchagina qismini qoplab yotadi. Paleogen sistemasida yirik tektonik harakatlar boʻlib oʻtgan. Shim. va Jan. Amerikaning gʻarbiy qismida Kordilyera va And togʻlarining koʻtarilishi davom etgan. Ularning atrofida (togʻ oldi bukilmalarida) qalin vulkanogen va terrigen qatlamlari toʻplangan. Yevropa bilan Afrika oraligʻida, shuningdek, Osiyoning jan. qismida yastanib yotgan yirik geosinklinal sistema mavjud boʻlib, hozirgi Pireney togʻlaridan Myanmagacha boʻlgan hududni egallagan. Paleogen sistemasining 2yarmida burmalanish va togʻlar hosil boʻlgan, natijada Oʻrta dengizning jan. va shim. sohillari boʻylab togʻli orollarning 2 zanjiri vujudga kelgan. Paleogen sistemasida Afrikaning sharqiy chekkalari boʻylab meridianal yoʻnalgan yirik grabenlar — Sharqiy Afrika siniqlar zonasi paydo boʻlgan. Uzoq Sharq hududida Tinch okean geosinklinal mintaqasi rivojlangan. Yuqoridagi regionlardan tashqari, Kichik Osiyo, Bolqon yarim orol, Grenlandiya, Yaponiya, Kamchatka va boshqa joylarda vulkan harakatlari boʻlganligi qayd etilgan. Paleogen transfessiyasi Shim. yarim sharning koʻp joylarida, ayniqsa, eotsen oxirida maksimal darajaga yetgan. Bu vaqtda Sharqiy Yevropa platformasining jan. qismi, Turon va Gʻarbiy Sibir plitalari, Zakavkazye, Oʻrta va Jan. Yevropa, Afrikaning shim. va boshqa joylarni suv bosgan. Oligotsen boshlarida boʻlgan tektonik harakatlar dengiz regressiyasiga (Oʻrta Yevropa, Karib dengizi, Meksika qoʻltigʻi va boshqalardan tashqari) olib kelgan. Bu davrda kontinental iqlim hukmron boʻla boshlagan. Geosinklinal havzalarda flishlar, oligotsendan boshlab dengiz molasslari shakllangan. Oʻrta dengiz havzalarida Paleogen sistemasiga xos nummulit va lepidotsiklin ohaktoshlari toʻplangan. Platformalarda karbonatli gil, glaukonit va kvarsli qum, opoka, trepel, spongolit, shuningdek, gil yotqiziklari hosil boʻlgan. Oligotsen havzalarida mergel, dolomit va ankerit konkretsiyali gillar keng tarqalgan. Atlantika, Tinch va Hind okeanlarining tubida karbonatli, baʼzan terrigen gillar toʻplangan. Kontinental yotqiziqlar orasida koʻmirli choʻkindi va qizil rangli gillar koʻp uchraydi. Paleogen sistemasining quruqlikdagi faunasi boʻr sisshemasinnkkdan keskin farq qiladi. Paleogen sistemasi boshlarida sudralib yuruvchilar (dinozavrlar, uchuvchi kaltakesaklar va dengiz kaltakesaklari — ixtiozavr va pliozavrlar)ning koʻpchiligi qirilib ketgan. Bu davrda hozirgi amfibiyalar yashagan, suyakli baliqlar koʻp boʻlgan. Paleogen sistemasida sut emizuvchilar keng tarqalib, paleotsenda ular ibtidoiy holda boʻlgan, eotsendan boshlab esa hasharotxoʻrlar, kemiruvchilar, primatlar, yirtqich hayvonlar, tuyoqlilar, hartumlilar, kitsimonlar va boshqa paydo boʻla boshlagan. Paleogen sistemasida yalangʻoch urugʻlilar oʻsgan, yopiq urugʻli oʻsimliklar ham koʻpaygan. Paleotsen va quyi eotsenda yopiq urugʻli oʻsimliklar keng tarqalgan, keyinchalik yoʻqolib ketgan. Oʻzbekistonda Paleogen sistemasi yotqiziqlari Fargʻona, Surxon va Zarafshon vodiylari, Hisor, Nurota, Zirabuloq-Ziyovuddin, Zarafshon va Turkiston togʻ tizmalarining etaklari va yon bagʻirlarida, Ustyurt va Qizilqum choʻlida koʻpgina hududni ishgʻol qiladi. Paleogen sistemasi yotqiziqlari oolitli dolomit, ohaktosh, qumtosh, giltosh, kvars qumlari, bentonit hamda vulkanli togʻ jinslaridan tarkib topgan. Oʻzbekistonning quruqlik landshaftida past boʻyli, ignabargli, gulli daraxtlar taraqqiy etgan. Paleogen sistemasi yotqiziklarida foydali qazilmalardan neft va gaz, qoʻngʻir koʻmir, marganets, temir, boksit, fosforit bor. Oʻzbekistonda Paleogen sistemasi yotqiziklaridan neft va gaz, fosforit, kaliy, paligorskit, kvarsli qumlar, bezak toshlar, gips-angidrid kabi qurilish ma-teriallari va boshqa topilgan. Paleogen sistemasi yotqiziklarini Oʻzbekistonda geologlar V. I. Popov, S. X. Mirkamolova, O. M. Akramxoʻjayev, M. 3. Zokirov, M I. Egamberdiyev va boshqa oʻrganishgan. Stratigrafik jihatdan Paleogen sistemasi paleotsen, eotsen va oligotsen boʻlimlariga, boʻlimlar esa yarus, svita, qatlamlarga boʻlinadi. Akramxodjayev A.M., Egamberdiyev M. i dr., Litologiya, stratigrafiya i neftegazonosnost Yujnogo i Zapadnogo Uzbekistana, T., 1971; Fatxullayev Gʻ., Husanov S, Tarixiy geologiya va paleontologiya asoslari, T., 2002.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil