Ob-havo
Ob-havo — biror joy yoki hudud atmosferasidagi meteorologik elementlarning uzuluksiz oʻzgarishlari majmui, atmosferaning muayyan tabiiy jarayonlarga bogʻliqholati. Bu jarayonlar atmosferada Quyosh energiyasi oqimi va Yer yuzasining oʻzaro taʼsiridagi fizik jarayonlar natijasida sodir boʻladi. Odatda, Ob-hovo. deganda Yer yuzasidagi ob-havo tushuniladi. Biroq aviatsiya, xalq xoʻjaligi faoliyati rivojlanishi bilan erkin atmosfera ob-havosi tushunchasi ham tobora kengayib bormokda. Inson faoliyatining barcha jabhalari ob-havo bilan uzviy bogʻliq. Ob-havo toʻxtovsiz oʻzgarib turadi. Maʼlum joyning aniq bir vaqtdagi ob-havosi meteorologik elementlar (temperatura, havo namligi, bulut, yogʻin miqdori, shamol tezligi va yoʻnalishi, qor boʻroni, momaqaldiroq, tuman va hokazo) bilan tavsiflanadi. Ob-havoda Yerning oʻz oʻqi atrofidagi harakatiga bogʻliq boʻlgan davriy oʻzgarish, shuningdek, asosan, havo oqimlarining almashinishiga bogʻliq boʻlgan nodavriy keskin oʻzgarishlar sodir boʻlib turadi. Atmosferadagi havoning gorizontal harakati vertikal harakatidan bir necha marta katta boʻlishiga qaramay, ob-havoning oʻzgarishida gorizontal harakat bilan bir vaqtda vertikal harakat ham katta rol oʻynaydi: bulutlarning hosil boʻlishi va yogʻin-sochin miqdori, doʻl hosil boʻlishi, asosan, havoning vertikal harakatiga bogʻliq. Xalq xoʻjaligining qariyb hamma tarmoqlarini ob-havoning kelgusidagi holati qiziqtiradi.
ÕRTA OSIYO hududida yilning sovuq davrida moʻʼtadil kengliklardagi havo frontlarining Gʻarbiy tarmogʻidagi siklonik faoliyati rivojlanadi, bu esa ob-havoning iliqtipini vujudga keltiradi. Arktikadan chiqadigan (sovuq tipidagi ob-havo) sovuq havo massalarining bostirib kirishi tez-tez takrorlanib turadi. Arktikadan keladigan sovuq havo massalari koʻpincha haroratning ancha pasayib ketishiga sabab boʻladi, jan. rayonlarda qor qoplami boʻlmasada, sovuq —30, —35° ga yetadi. Bu esa tuproqning muzlashiga va ekinlarni sovuqurib nobud boʻlishiga olib keladi, bahor oxirlarida sovuq havo oqimining bostirib kelishi natijasida harorat keskin pasayib, yerning ustki qatlami muzlaydi, bu esa unib chiqqan ekin nihollari va gullayotgan mevali daraxtlar uchun juda xavflidir. Yogʻinlarning eng koʻp qismi bahor (mart-aprel) da yogʻadi.
Yilning issiq davrida Oʻrta Osiyo hududi havo qattiq isib va qurib ketadigan, kontinental tropik havo shakllanuvchi markaz hisoblanadi. Chekka janubiy rayonlarda kunduzgi maksimal temperatura 45—50° gacha yetadi, havoning nisbiy namligi 5% boʻldi. Ob-havoning ochiq, quruq va issiq kelishi qumli tuproqlarning qurib ketishiga va shamolda koʻp miqdordagi qizigan changlar havoga koʻtirilib, haroratning yanada ortishiga sabab boʻladi. Kopetdogʻ togʻ oldi rayonlarida va Gʻarbiy Tyanshanda tez-tez janub tomondan ekinlarni nobud qiluvchi quruq issiq shamol garmsel esadi; Amudaryoning yuqori qismida sovuq havo massasining Turon pasttekisligi chegarasiga bostirib kirishidan oldin, janubi-gʻarbiy tomondan mahalliy afgʻon shamoli esadi. Havoning nisbiy namligi past boʻlganda yuqori haroratning bevosita taʼsiri natijasida ekinlar soʻliydi va qovjiraydi. Sugʻoriladigan maydonlarda temperatura yuqori boʻlgan (38—40° dan oshmagan) davrda ekinlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Atmosfera hodisalarini zamonaviy asbob-uskunalar (Yer sunʼiy yoʻldoshlari, hisoblash mashinalari, raketalar, radiozondlar, samolyotlar va hokazo) yordamida oʻrganish, uning kelajak rivojini aniklaydigan usullarning takomillashishiga olib kelmokda.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |