Mustaqillik maydoni
Mustaqillik maydoni | |
---|---|
41°18′40″N 69°15′45″E / 41.31111°N 69.26250°E | |
{{{tuman_turi}}} | Yunusobod |
Asos solingan | 1930-yil |
Avvalgi nomlari | Qizil maydon, I. Lenin nomidagi maydon |
|
Mustaqillik maydoni – Toshkentning markaziy maydoni. Poytaxt aholisining ommaviy tantanalari va boshqa tadbirlar oʻtkaziladigan joy. Oʻzbekiston, Navoiy va Sharof Rashidov koʻchalari oraligʻida, Anhor kanali sohilida joylashgan. Maydon perimetral tarzda qurilgan. 1917-yilgacha Sobor maydoni, 1917–66-yillarda Qizil maydon, 1966–91-yillar Lenin nomidagi maydon, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1992-yildan Mustaqillik maydoni deb atala boshlagan[1]. Ansambl meʼmoriy uslub va koʻlami jihatidan yaxlit turli maʼmuriy binolardan iborat. Bir necha marta rekonstruksiya qilingan. Hukumat uyining dastlabki loyihasi (1931, meʼmorlar V. Arxangelskiy, A. Petlina va A. Sidorov) oʻrta asr mahobatli meʼmoriy shakl yoʻnalishida (serustunli, ravokli, mayda gumbazli) boʻlgan. Keyinchalik mumtoz va milliy meʼmoriy anʼanalar oʻzlashtirilgan holda order tizimi yoʻnalishi amalga oshirilgan (meʼmorlar A. Boboxonov, V. Volchak, S. Polupanov) va zamonaviylik ruhi berilib qayta ishlangan (1946, 1954–65). Hozirgi kunda bu binolar oʻrnida yangi bino barpo etilishi loyixalashtirilmoqda.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1865-yilda Toshkent Rossiyaga qoʻshib olingandan soʻng shaharning rus maʼmuriyati Anhor kanalining narigi tomonidagi eski shahardan yangi Yevropa shahrini qurishga kirishdi. Yangi shahar qurilishi reja asosida amalga oshirilgan boʻlib, unda shahar koʻcha va maydonlarining markaziy-radial tartibi koʻzda tutildi.
Anhorning chap qirgʻogʻida, Toshkent qoʻrgʻonining va eski shaharning Qoʻymas darvozasi roʻparasida Turkiston general-gubernatorining keng bogʻli „Oq uy“ binosi qad rostlagan edi.
„Oq uy“ oldidagi maydon „Sobor maydoni“ nomini oldi, keyinchalik gubernator saroyi oldidagi maydonning narigi tomonida Spaso-Preobrajenskiy sobori qad rostladi.
1930-yillarning boshlarida hokimiyat qarori bilan sobor buzib tashlandi va maydonga „Qizil maydon“ nomi berildi.
1930-yilda Toshkentni umumiy rekonstruksiya qilish rejasiga muvofiq, general-gubernatorlik uyi oʻrnida meʼmor S.Polupanov loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti binosi qurildi.
1934-yil 24-yanvarda Oʻzbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qoʻmitasining Qizil maydonda, Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti binosi oldida V. I. Lenin haykali oʻrnatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi[2]. Moskvalik haykaltarosh B. D. Korolev[3] loyihasi boʻyicha yaratilgan yodgorlikning ochilishi 1936-yil 15-noyabrda Oʻzbekiston Sovetlarining navbatdan tashqari VI qurultoyi delegatlari ishtirokida boʻlib oʻtdi[4]. 1936-yilda V. I. Lenin haykal oʻrnatilgan va 1975-yil haykal qayta ishlangan.
1952–1954-yillarda Toshkentning Qizil maydoni rekonstruksiya qilindi. Rekonstruksiya jarayonida Oʻzbekiston SSR Vazirlar Soveti binosiga oʻzbek milliy meʼmorchiligi binolariga xos elementlar bilan oʻzgartirish kiritildi. Haykaltarosh B. D. Korolev loyihasi tomonidan yasalgan yodgorlik Urganch shahriga koʻchirildi. Oʻzbekiston SSR Vazirlar Soveti binosi oldida esa 1956-yil 30-aprelda haykaltarosh M. G. Manizer tomonidan V. I. Lenin haykali oʻrnatildi[5].
1956-yilda Toshkentdagi Qizil maydon V. I. Lenin maydoni nomi bilan oʻzgartirildi.
1965-yilda maydonning janubiy tomonida, Leningrad koʻchasi boʻylab joylashgan uylar oʻrnida Oʻzbekiston SSR Vazirlar Sovetining „beton-shisha“ uslubidagi yangi zamonaviy binosi qurila boshlandi. 1967-yilda meʼmorlar (B. Mezentsev loyiha rahbari, A. Yakushev, B Zaritskiy, E. Rozanov, L. Adamov, V. Shestopalov va Yu. Korostelev) binoni qurib bitkazishdi. Maydon yangi meʼmoriy va badiiy dizaynga ega boʻldi[6].
1966-yil Toshkent zilzilasidan keyin maydon tubdan qayta rekonstruksiya qilingan (meʼmorlar S. Odilov, L. Adamov va boshqalar). Choʻziq suv havzasiga ega boʻlgan baland terrasa va uning pastidagi sharshara maydonni baland va past sathlarga ajratadi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Lenin qaykali olib tashlandi, oʻrniga 1992-yilda Mustaqillik va ezgulik monumenti oʻrnatildi. Maydonda maʼmuriy binolar (OʻzR Vazirlar mahkamasi, Fizkultura va sport davlat qoʻmitasi, sanʼatshunoslik instituti, 20 qavatli vazirliklar joylashgan bino va boshqalar) bor. 1999-yil 16-fevral voqeasidan keyin Mustaqillik maydonidagi vayron boʻlgan maʼmuriy binolar qayta qurilib, atrofi obodonlashtirildi.
Mustaqillik maydonidagi koʻndalang yoʻlka Xotira maydoniga olib boradi. Xotira maydonidagi yodgorlik mahalliy meʼmorlik anʼanalari asosida ayvon va serhasham qator ustunlar bor. Devorlariga kitob sahifalari shaklida 1941–45-yillar urushida halok boʻlgan oʻzbek oʻgʻlonlarining roʻyxati berilgan. Urushda halok boʻlganlar xotirasiga „Motamsaro ona“ haykali oʻrnatilgan va uning oldida mangu olov yonib turadi.
Mustaqillik maydoni yaqinida, „Mustaqillik maydoni“ metro bekati joylashgan. Maydon turli daraxt va gullar bilan koʻkalamzorlashtirilgan[7].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 5-sentyabrdagi Farmoni Qaralgan sana=17.10.2024“ (http://press.natlib.uz/).
- ↑ Dannoe reshenie prinimalos vo ispolnenie postanovleniya II sʼezda Sovetov SSSR, proshedshego v yanvare 1924 goda v Moskve, ob uvekovechivaniya pamyatiya V. I. Lenina.
- ↑ „КОРОЛЕВ, БОРИС ДАНИЛОВИЧ | Ensiklopediya Krugosvet“ (ru). www.krugosvet.ru. Qaraldi: 2023-yil 15-noyabr.
- ↑ Osnovnoy ideey, voploщennoy skulptorom B. D. Korolyovim v pamyatnike i opredelyavshey sootvetstvuyuщuyu kompozitsiyu monumenta, bila ideya pokazat Lenina-oratora. Osobennostyu kompozitsii B. D. Korolyova bila tverdaya postanovka figuri Lenina-oratora naryadu s porivistostyu dvijeniy, virajennoy v ustremlennoy vpered ruke i sootvetstvuyuщey postanovke korpusa Lenina.
- ↑ Figura V. I. Lenina, stoyaщego na postamente iz krasnogo mramora i chernogo labradora, bila izobrajena stoyaщey v polniy rost s podnyatoy rukoy. Po zamislu skulptora monument peredaval moment vistupleniya V. I. Lenina s bashni bronevika v aprelskie dni 1917 goda na Finlyandskom vokzale v Petrograde
- ↑ V 1967 godu s yujnoy storoni ploщadi im. V. I. Lenina bilo postroeno novoe sovremennoe zdanie Soveta Ministrov Uzbekskoy SSR, a v prejnem zdanii stali raspolagatsya razlichnie gosudarstvennie slujbi. V severnoy chasti etogo zdaniya bivshiy aktoviy zal zdaniya Soveta Ministrov Uzbekskoy SSR bil rekonstruirovan i preobrazovan v konsertniy zal, poluchivshiy nazvanie „Baxor“.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Vikiomborda Mustaqillik maydoni haqida turkum mavjud |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |