Maldiv orollari
Ushbu maqolaning nomi Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida (2000-yil) Maldiv yoki Maldiv Respublikasi deb belgilangan. Uning nomini oʻzgartirish lozim deb hisoblasangiz munozara sahifasida murojaat qoldiring. |
Maldiv Respublikasi ދިވެހިރާއްޖެ (Dhivehi Raa’je) | |
---|---|
Shior: Yoʻq | |
Madhiya: Gavmii mi ekuverikan matii tibegen kuriime salaam (In National Unity Do We Salute Our Nation) | |
Poytaxt | Male |
Rasmiy til(lar) | maldivcha |
Hukumat | Prezidentlik Respublika |
Mohamed Nasheed | |
Mustaqillik (Birlashgan Qirolligidan) | |
• Sana |
26-iyul 1965 |
Maydon | |
• Butun |
298[1] km2 (210-oʻrin) |
• Suv (%) |
≈97% |
Aholi | |
• 2012-yilgi roʻyxat |
324 ming (176-oʻrin) |
• Zichlik | 1,102/km2 |
YIM (XQT) | 2011-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$2,841 mil. (162-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$8,731 |
Pul birligi | Rufiyaa (MVR) |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Qisqartma | MV |
Telefon prefiksi | 960 |
Internet domeni | .mv |
|
Maldiv (mald. ދިވެހިރާއްޖެ, Dhivehi Raa’je), Maldiv Respublikasi (mald. ދިވެހިރާއްޖޭގެ ޖުމުހޫރިއްޔާ, Dhivehi Raajjeyge Jumhooriyyaa) — Janubiy Osiyoda, Hind okeanining shimoli-gʻarbiy qismidagi Maldiv orollarida joylashgan davlat. Shri Lanka orolining janubi-garbida. Maydoni 298 km2. Aholisi 324 ming kishi (2012). Poytaxti — Male shahri. Maʼmuriy jihatdan 20 orollar guruhiga boʻlinadi.
Davlat tuzumi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maldiv — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibida. Amaldagi konstitutsiyasi 1968-yil 11-noyabrda kuchga kirgan, unga 1972 va 1997-yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident, aholi tomonidan 5 yil muddatga saylanadi (1978-yildan Moʻmin Abdul Qayyum). Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali parlament (majlis). Ijroiya hokimiyatni prezident va u tayinlaydigan vazirlar mahkamasi amalga oshiradi.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maldiv arxipelagi 2 mingdan ortiq kichik orol (atoll)dan iborat, shundan 200 tasida odam yashaydi. Orollarning aksariyati marjon qoyalar bilan oʻralgan. Iqlimi ekvatorga xos, mussonli. Havo harorati 24—30°. Yomgʻir koʻp yogʻishiga qaramay (yiliga 2500 mm gacha) chuchuk suv yetishmaydi. Kokos palmasi, banan, sitruszorlar bor. Non daraxti oʻsadi.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisining 99% maldiv (divexi)lar, shuningdek, arablar va malayyalar ham yashaydi. Asosiy dini — islom. Rasmiy tili — maldiv (divexi) tili. Shahar aholisi 30%, birdanbir shahar — Maleda istiqomat qiladi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Miloddan avvalgi 3—1-asrlarda Seylon va Hindistondan singallar, hindlar kelib oʻrnashgan. Ular budda diniga eʼtiqod qilgan. 5—12-asrlarda arablar va forslar kelgach, islom dini Tapqalgan[3], 1153-yilda islom sultonligi vujudga kelib, Didi sulolasi 1968-yilgacha hukmronlik qildi[4]. Sultonlik 1558-yildan portugallarga, 17-asrning 2-yarmidan gollandlarga qaram boʻldi. 1796-yildan Buyuk Britaniya hukmronligi oʻrnatildi, 1887-yil dekabrda uning protektoratiga aylandi. 1965-yilda toʻliq mustaqillikka erishdi. 1968-yil]]da esa ruspublika deb eʼlon qilindi[5]. Maldiva 1965-yildan BMT aʼzosi. Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari yoʻq. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1994-yil 7-dekabrda oʻrnatdi. Milliy bayrami — 26-iyul — Mustaqillik kuni (1965).
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maldiv — iqtisodiy qoloq mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda baliqchilikning ulushi 13 %, sayyoxlik 18 %, xizmat koʻrsatish sohasi 20 %, qishloq xoʻjaligi ulushi 23,7 % va sanoat ulushi 7,7 % ni tashkil etadi. Baliq ovlash flotida 4 mingdan ortiq kema bor. Dengizdan chigʻanoq, marvarid, marjon ham olinadi. Qishloq xoʻjaligining asosi — kokos palmasi. Sholi va sabzavot, sitrus mevalar, mango, banan, batat, yams ham yetishtiriladi. Chorvachiligi yoʻqdarajada: bir oz parranda boqiladi. Sanoati bir necha mayda ustaxonalardan iborat (baliq Maldiv baliqchilari okeanda baliq ovlamoqdalar. ovlash kemalari quriladi, toʻr toʻqiladi, meva konservalari tayyorlanadi, marjonlardan bezaklar qilinadi, kokos yongʻogʻi qayta ishlanadi, baliq uni ishlab chiqariladi, uy-roʻzgʻor asboblari yasaladi va hokazo). Xorijiy sayyoxlik rivojlangan: yiliga 150 mingga yaqin sayyoh kelib-ketadi. Yuklar asosan kemalarda tashiladi. Savdo flotida 60 dan koʻproq kema bor. Asosiy dengiz porti — Male[6][7]. Xulule orolida aeroport bor. Chetga quritilgan va dudlangan baliq, badiiy hunarmandchilik buyumlari, kokos palmasi mahsulotlari sotiladi. Chetdan oziq-ovqat va sanoat mollari, neft mahsulotlari keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Hindiston, AQSh, Tailand, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Singapur, Shri Lanka. Pul birligi — rufiya (Maldiv rupiyasi).
Maorifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mamlakat katta yoshdagi aholisining aksariyati savodsiz. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 5 yil (bolalar 6 yoshdan qabul qilinadi), oʻrta maktabda 5 yoki 6 yil Boshlangʻich maktabda maldiv tilida, oʻrta maktabda ingliz tilida oʻqitiladi. Quyi kasbhunar maktabi ham bor. Oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlari yoʻq. Yoshlar oʻrta maxsus va oliy taʼlim olish uchun Hindiston va Shri Lankaga boradilar.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maldivda nashr etiladigan asosiy gazetalar: „Aafathis“ ["Yangi tong", maldiv (divexi) va ingliz tilidagi kundalik gaz.], „Maldivz nyus bulletin“ („Maldiv yangiliklari byulleteni“, ingliz tilidagi haftanoma), „Xaviru“ ["Oqshom", maldiv (divexi) va ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1979-yildan]. XANS agentligi, yangiliklar mahkamasi, 1989-yil tashkil etilgan. Axborot va radioeshittirish departamenta 1978-yil tuzilgan. Maldivlar ovozi, hukumatning radioeshittirish xizmati, 1962-yil asos solingan. Maldivlar televideniyesi, 1978-yildan koʻrsatuvlar olib boradi.[8]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ CIA - The World Factbook
- ↑ Open Doors UK & Ireland - Country Profiles (Wayback Machine saytida 2012-03-04 sanasida arxivlangan) (Wayback Machine saytida 2012-03-04 sanasida arxivlangan) (ingl.)
- ↑ Maloney, Clarence. „Maldives People“. 2013-yil 10-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 22-iyun.
- ↑ Xavier Romero-Frias, The Maldive Islanders, A Study of the Popular Culture of an Ancient Ocean Kingdom
- ↑ Мальдивская загадка. Тур Хейердал
- ↑ Lang, Olivia „Maldives girl to get 100 lashes for pre-marital sex“. BBC (26-fevral 2013-yil). Qaraldi: 26-fevral 2013-yil.
- ↑ „Maldives government does not agree with flogging rape victim: BBC“ (27-fevral 2013-yil). 2013-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 15-sentyabr. „arxiv nusxasi“. 2013-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 15-sentyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |