Kurdiston ustoni
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Uston | |
---|---|
Maʼmuriy markazi | Sanandaj |
Yirik shahari | Sanandaj |
Boshqa yirik shaharlari | Saqqiz, Marivon |
Rasmiy tili | forscha |
Aholi (2011) | 1 493 645 |
Zichligi | 51 kishi./km² |
Millatlar tarkibi | asosan kurdlar, ozarbayjonlar va forslar |
Dinlar tarkibi | asosan musulmonlar |
Maydoni | 29 137 km² |
Vaqt mintaqasi | UTC+3:30 |
Xaritada | |
35°43′40″N 46°58′1″E / 35.72778°N 46.96694°E |
Kurdiston (forscha: کردستان / Kordestân) — Eron ustonlaridan biri. Kurdiston viloyatining nomi kurd va iston soʻzlaridan tashkil topgan boʻlib, kurdlar yashaydigan makon maʼnosini anglatadi. Bu soʻz rasmiy ravishda saljuqiylar davrida qoʻllangan. Eronning shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan. Maʼmuriy markazi — Sanandaj shahri. Aholisi soni — 1 493 000dan ziyod. Shimoldan Gʻarbiy va Sharqiy Ozarbayjon ustonlari, janubdan Karmonshoh, gʻarbdan Hamadon va Zanjon ustoni, gʻarbdan Iroq hududi bilan chegaradosh[1].
Shahristonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kurdiston ustoni 10 ta shahriston (viloyat), 27 ta tuman, 84 ta qishloq va 23 ta shaharga boʻlingan: Quyida ushbu shahristonlar roʻyxati keltirilgan:
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]2011-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Kurdiston ustonida 1 493 645 kishi istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismini kurdlar va ozarbayjonlar tashkil etadi. Ustonda shunigdek forslar, armanlar va boshqa millat vakillari istiqomat qiladi. Aholi dindorlarining asosiy qismi musulmonlardir (ushbu ustonda asosan shialik mazhabi tarqalgan). Uston rasmiy tili — forscha. Kurd va ozarbayjon tillari norasmiy maqomga ega.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kurdistonda bahor va yoz oylari havo iliq va moʻtadil, qish va kuz oylarida esa havo sovuqdir. Sanandej havosi yilning olti oyida sayohat uchun qulaydir. Issiq va sovuq havo oqimlari viloyatda turlicha ob-havoni vujudga keltiradi. Eng yuqori yogʻin miqdori viloyatning gʻarbida boʻlib, 800 mm.gacha yetadi va yogʻinning eng past miqdori viloyat sharqida boʻlib, 400 mm.ni tashkil etadi. Yomgʻirlar suvi viloyat oʻsimliklar olamini sugʻoradi. Viloyat gʻarbida Bona va Marivon shaharlari atrofida quyuq oʻrmonlar joylashgan. Bu oʻrmonlar gʻarbdan sharqqa tomon yurgan sayin yogʻin miqdori kamayishi hisobiga siyraklashib boradi. Bulardan tashqari, viloyatda Saqqez va Sanandej hududida oʻrmonlar mavjud. Kurdiston viloyatining yogʻin miqdori yiliga 500 mm.ni tashkil etadi. Viloyatning suv manbalari yer usti va yer osti suv havzalariga boʻlinadi. Geografik joylashuvi tufayli viloyat hududida koʻplab daryolar va oqar suvlar oqadi. Zarinarud, Siminarud, Zobi kuchak, Siravon daryolari va Karxa daryosining bir qismi viloyatning yer osti suv manbalari hisoblanadi. Marivon, Chorduli, Qarvi, Dahgalon va Komiyoron dashtlarida muhim yer osti suv manbalari joylashgandir.
Togʻlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kurdiston viloyati togʻli mintaqa boʻlib, dengiz sathidan 1373,4 metr balandlikda joylashgan va mamlakatning balandlikda joylashgan viloyatlari qatoriga kiradi. Ushbu viloyatda asosan, Zagros togʻ tizmasining togʻlari joylashgandir. Viloyatning eng baland va eng past nuqtasi orasidagi farq 2400 metrni tashkil etadi. Masalan, janubi-gʻarbda joylashgan Shohu togʻining balandligi 3390 m. boʻlib, viloyatning eng baland nuqtasi va Olut mintaqasining balandligi 900 m. boʻlib, viloyatning eng past nuqtasi hisoblanadi. Viloyat maydoni sathidagi bunday oʻzgarishlar albatta, viloyat iqlimiga taʼsir koʻrsatadi [2].
Kurdiston musiqa madaniyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kurd musiqa madaniyati alohida eʼtiborga egadir. Kurdiston viloyati kuylar va qoʻshiqlar oʻlkasi hisoblanib, uning har bir goʻshasida yuzlab qoʻshiqlar, musiqalar, alla kuylari mavjud. Shu jihatdan, Kurdistonni Eron musiqa madaniyati beshigi, desak mubolagʻa qilmaymiz. Zero, kurd musiqasi qadimiy Eron qoʻshiqlari bilan uygʻunlikka egadir. Kurd musiqasi durdonalari ichida „hoʻvare“ va „shamshol“ musiqalari eng qadimiy musiqa namunalaridan hisoblanadi. Baʼzi Eron musiqa madaniyati namunalarining tarixi ming yillar, Islom dini tarqalishidan oldingi davrlarga borib taqaladi. Kurd musiqa madaniyati durdonalarini qadimiyligi jihatidan ikki guruhga taqsimlash mumkin. Bular — qadimiy musiqalar guruhi va maqom musiqalari guruhi. Mintaqaning qadimiy musiqa namunalari „hure“, „mure“, „lure“, „siyochmone“ (qora koʻzlar) va milliy musiqa nomlari bilan yuritilib keladi [3].
Diqqatga sazovor joylari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kurdiston ustonining diqqatga sazovor joylari Zarivor koʻli, Chixilchashma, Xusravobodlardir.
Hunarmandchilik
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hunarmandchilik sohasi kurdlar orasida qadimdan rivojlangan sohalardan hisoblanadi. Mintaqaning geografik joylashuvidan kelib chiqib, bu sohaning rang-barang turlari vujudga kelgan. Ishlab chiqarilgan hunarmandchilik mahsulotlari ham aholining maishiy va kundalik hayotida, ham mintaqa aholisi hayotining iqtisodiy holatini yaxshilashda oʻzining ijobiy jiddiy taʼsirini oʻtqazgan. Kurdiston viloyatining eng asl milliy amaliy sanʼat namunalariga qoʻlda tikilgan mahsulotlar, gilamlar, sholchalar, palaslar, joynamozlar, sharf tikish, junli matolarni tayyorlash, give tikish, oʻymakorlikning har xil turlari, sopolsozlik, milliy zargarlik, kashtachilik, gʻaltaksozlik, qoʻllobbofi, gul solish, manjuqduzi (biser tikish), tunika va savat tayyorlash, chodir tikish, temirchilik va boshqalarning mahsulotlarini keltirish mumkin. Mintaqadagi mavjud tabiiy muhit turli xil chiroyli va betakror amaliy sanʼat mahsulotlarini yasash va tayyorlashga sabab boʻlgan [4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Iran Provinces „Iran Provinces“. //www.statoids.com.
- ↑ Mostafaviy, Hamid. Tasvirlarda Eron bo'ylab sayohat, 2013, SOKHANVARAN PUB. — 186-194-bet. ISBN 978-600-9675-31-3.
- ↑ Mostafaviy, Hamid. Tasvirlarda Eron bo'ylab sayohat, 2013, SOKHANVARAN PUB. — 192-193-bet. ISBN 978-600-9675-31-3.
- ↑ Mostafaviy, Hamid. Tasvirlarda Eron bo'ylab sayohat, 2013, SOKHANVARAN PUB. — 194-bet. ISBN 978-600-9675-31-3.