Kontent qismiga oʻtish

John Dee

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jon Dee Reje - Jon Di tahallusi bilan tanilgan 1527-yil 13 iyulda Angliyada tugʻilgan. Britaniyalik faylasuf, matematik, geograf, astronom, alkimyogari va astrolog-munajjim. Jon Dining faoliyatiga qiziqishni Odam Ato tilining mavjudligi muammosiga boʻlgan qiziqishi uchun olgan. Ushbu tilni oʻrganish uchun u koʻplab folbinlarni jalb qilgan.

John Dee Reje

Noma'lum rassom tomonidan XVI asrda chizilgan portret.
Tavalludi 7-yanvar 1527-yil
Tauer Uard, London, Angliya
Vafoti 26-mart 1609-yil(1609-03-26)
(81 yoshda)
Mortleyk, London, Angliya
Fuqaroligi Angliya
Kasbi faylasuf, matematik, astronom, munajjim, geograf, kartograf, kotib
Dini nasroniy
Turmush oʻrtogʻi Djeyn Di
Bolalari Artur Di
Otasi Roland ap Bedo ap Dafydd Ddû ap John Dee
Onasi Jane ferch William Wilde

Yoshlik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1527-yil 13-iyulda Londonning Tover Ward shahrida tugʻilgan. Joanna Wilde saroyida katta lavozimda faoliyat olib borgan va matolar bilan savdo qilgan Roland Dining yagona oʻgʻli. Dee familiyasi valliy tilidan kelib chiqib, „qora“ degan maʼnoni beradi.

1535-yildan Essex shtatining Chelmsford shahridagi maktabda oʻqiydi. 1542-yil noyabr oyida Kembrijning Avliyo Ioann kollejiga oʻqishga kiradi va u yerda lotin, qadimgi yunon tillari, falsafa, geometriya, arifmetika hamda astronomiyani oʻrganadi[1]. Tarixshunoslarning fikriga koʻra, Di kuniga 18 soatini oʻqishga, toʻrt soatini uyquga va ikki soatini ovqatlanishga bagʻishlagan. Uning asosiy ishtiyoqi matematikada boʻlgan. Shu bilan bir qatorda mexanika, kartografiya va navigatsiyaga ham qiziqgan.

1546-yilda Di astronomik kuzatishlar va astrologik prognozlar qilishni boshladi. Oʻsha yillari Di bakalavr darajasini oladi va kollej kengashi aʼzosiga aylanadi. Dekabr oyida Di yangi tashkil qilingan Trinity kollejining boshqaruv kengashi aʼzosiga aylanadi, keyinchalik bu kollej Kembrijdagi eng katta kollejlarga aylanadi.

Di ramzi, uning maʼnosini u Monas ieroglifi sifatida tushuntirgan.

Angliyadagi ilmiy muhitdan norozi boʻlgan Di 1548-1551 yillarda Yevropa boʻylab sayohat qilishni boshlaydi. 1548-yil 24-iyunda u Yevropadagi eng yirik katolik universitetlaridan biri joylashgan Leven shahriga keladi. U yerda Di, Gemma Frisius va Gerardus Mercator bilan hamkorlikda ishlagan. Tez orada u Merkator bilan yaqin doʻst boʻladi. Keyinchalik Merkator va Di birgalikda koinotning yangi modellarini yaratganlar. Di astronomiya boʻyicha ikki risolasini aynan Leuven shahrida yozgan.

1550-yilda Di Bryusselga matematiklar bilan uchrashib, tajriba almashish uchun yoʻl oladi va u yerda Pedro Nunes bilan doʻstlashadi. Keyinchalik, shu yilning oʻzida Di Parijga boradi va u yerda Yevklidning elementlari haqida maʼruza oʻqiydi. Yosh boʻlishiga qaramay, Di oʻzini tajribali oʻqituvchi sifatida namoyon qiladi. Uning chiqishlari juda mashhur boʻlgan. 1551-yilda, Di Parijda matematika professori lavozimini egallash taklifini oladi, ammo u rad etadi.

Angliyaga qaytib, 1552-yil fevral oyida u Pembrokning 1-grafi va oʻsha yilning oxirida Nortumberlend gertsogi xizmatiga kirdi. Gertsoglik xizmati vaqtida u suv toshqini haqida risola yozgan. Oʻsha yili Di Londonda Gerolamo Kardano bilan uchrashadi, Di ​​va Kardano abadiy harakat muammosi, shuningdek, goʻyoki sehrli xususiyatlarga ega boʻlgan qimmatbaho toshni oʻrganish ustida birga ishlaydilar[2].

1553-yilda katolik Meri Tyudor hokimiyat tepasiga kelgach, Angliyada protestantlarga qarshi repressiyalar boshlandi. Avgust oyida Jon Dining otasi Roland Di hibsga olingan. Tez orada uni ozod qilishdi, biroq moliyaviy jamgʻarmalari musodara qilingan. Diga oziq-ovqat haqida qaygʻurmasdan, umrining oxirigacha oʻzini ilmiy izlanishlarga bagʻishlash imkonini beradigan muhim moliyaviy xavfsizlik yoʻqoladi.

Biroq jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay, 1554-yilda Di Oksford universitetida matematika professori lavozimini egallash taklifini rad etadi. Rad etishning asl sababi esa, Dining Angliyadagi taʼlim tizimidan noroziligi edi. Uning fikriga koʻra, ritorika va grammatika oʻqitishga juda koʻp eʼtibor qaratilgan. Biroq, kvadrivium sanʼati yaʼni arifmetika, geometriya, musiqa va astronomiya eʼtibordan chetda qoldirilgan.

1555-yil 28-mayda Di „hisob-kitoblari“ uchun hibsga olingan – oʻsha davr uchun matematika jamiyat tomonidan jodugarlikka teng qilingan. Ehtimol, ular Di tomonidan Meri Tudor va malika Yelizabetta uchun tuzilgan munajjimlar bashoratini nazarda tutilgan. Shu bilan bir qatorda Diga yana davlatga xiyonat ayblovi ham qoʻyildi. Biroq, Di Yulduzli palata sudi oldida oʻzini oqlashga muvaffaq boʻlgan. Biroq, uni ozod qilish oʻrniga, diniy soʻroq qilish uchun radikal katolik yepiskopi Bonnerga topshirganlar. Protestant boʻlgan Di bu safar ham oʻzini oqlashga muvaffaq boʻldi va avgust oyida uch oylik qamoqdan soʻng ozodlikka chiqdi. Hibsga olinganidan keyin Di qolgan daromad manbalarini barchasini yoʻqotdi. Taxminan shu vaqtda Dining otasi ham vafot etdi va oʻgʻliga deyarli hech qanday meros qoldirmadi.

1556-yil 15-yanvarda Di Meri Tudorga barcha sohalaridagi muhim kitoblar toʻplami boʻlgan Qirollik kutubxonasini tashkil etish rejasini taqdim etadi. Biroq ushbu reja rad etildi va uning oʻrniga olim oʻzi uchun Mortleykdagi uyida shaxsiy kutubxona tuzishga kirishadi. Moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay, Di butun Yevropa boʻylab ilmiy ishlarni ishtiyoq bilan toʻplashni davom etdi. Uning hayoti davomida kitoblari toʻplami Angliyadagi eng katta kutubxonaga aylangan va oʻsha davrning koʻplab olimlarini oʻziga jalb qilgan, shu bilan bir qatorda universitet devorlari tashqarisidagi eng yirik ilmiy markazga aylangan[3].

1558-yilda Mariy I Tyudor vafotidan soʻng angliyalik Yelizaveta taxtga oʻtirdi va Angliyada protestantizmni tikladi. Di tezda yangi qirolichaga juda yoqdi, Yelizabeta Dini oʻzining shaxsiy munajjimi va fan masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimiga tayinladi. Di oʻzi tuzgan munajjimlar bashorati asosida Yelizabetning toj kiyish uchun eng qulay sanani belgilagan.

Taxminlarga koʻra, Di Yelizabeta uchun josuslik bilan ham shugʻullangan. Olimlar va munajjimlar davrasidagi mavqei tufayli u butun Yevropa boʻylab olimlar, ziyolilar va saroy aʼyonlari oʻrtasida keng aloqalar tarmogʻiga ega boʻlgan va bundan maʼlumot toʻplash uchun foydalangan. Di qirolichaga yozgan maktublariga imzo sifatida „007“ raqamidan foydalangan. Ikkita nol Elizabetning koʻzlari anglatadi, 7 esa alkimyogarlar uchun baxtli raqamni anglatgan.

Yetuklik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1561-yilda u Robert Rekordning matematika boʻyicha mashhur kitobi „Sanʼat asoslari“ni toʻldirdi va kengaytirdi. 1564-yilda u oʻzining „Buyuk sehrgar“ maqomini Kabbala va geometrik sehr haqidagi eng mashhur kitobi „Monas ieroglifi“ni nashr etish orqali tasdiqladi. Uning uyi Yelizabeta davridagi germetizm muxlislari uchun norasmiy Akademiyaga aylandi. Ushbu uyda ilmiy asboblarni saqlash uchun xonalar, talabalar uchun turar joy va 5 ga yaqin kutubxona mavjud edi. Jon Di kutubxonasi butun Uygʻonish davrini qamrab olgan va Angliyadagi eng yirik ilmiy kutubxonalardan biri boʻlgan. 1570-yilda Yevklidning inglizcha tarjimasiga soʻzboshi yozgan. 1576-yilda Martin Frobisher bilan birgalikda u Sharqqa afsonaviy shimoliy yoʻlni izlash uchun Atlantika okeanini kesib oʻtdi. 1577-yilda uning „Navigatsiya sanʼati“ kitobi nashr etildi, unda u doimiy Britaniya flotini yaratishni yoqladi.

1588-yilda Di goʻyoki yengilmas Armadani laʼnatlagan, bu esa boʻronga sabab boʻlgan va inglizlarning gʻalaba qozonishiga imkon bergan. Ehtimol, meteorologiya boʻyicha bilimlaridan foydalangan holda, Di boʻron boshlanishini bashorat qilgan va boʻron oʻtmagunga qadar, Ispaniya flotiliyasining qoldiqlari bilan shugʻullanish imkoniyati paydo boʻlmaguncha ingliz kemalarini dengizga olib chiqmaslikni taklif qilgan[4].

Hayotining soʻnggi yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Di 1589-yilda Angliyaga qaytib keladi. Uning yoʻqligi davrida, olti yil davomida Di yaratish uchun koʻp mehnat qilgan Mortleykdagi kutubxonasi talon-taroj qilingani, koʻplab qimmatbaho kitoblar va ilmiy asboblar yoʻqolganini koʻradi[5].

Qaytganiga koʻp oʻtmay, Di Tomas Herriot bilan uchrashadi. Ularning ikkalasi Xarriot va Raliga qarshi ateizm ayblovlarini, shuningdek, matematika va tabiiy fanlardagi turli masalalarni muhokama qilishadi. 1590-yilda Xarriot Diga oʻz asarlaridan birining nusxasini „Mening aziz doʻstimga“ yozuvi bilan yuboradi.

Jon Di yodgorlik taxtasi 2013-yilda Mortleykdagi Bokira Maryam cherkovi ichiga oʻrnatilgan.

Bir necha yillar davomida Di maʼlum bir lavozimga tayinlanishga va Kelli bilan sayohati davomida yetkazilgan moddiy yoʻqotishlarni qoplashga harakat qildi. Avvaliga u Avliyo Ioannning xochi ustasi lavozimiga tayinlanishga intildi. Kenterberi arxiyepiskopi ham rozilik berish sharti bilan Yelizabet bu qarorni maʼqullagan. Biroq, oʻsha davrdagi arxiyepiskop Jon Uitgift qattiq qarshilik koʻrsatgan.

1592-yilda Di vanihoyat Manchesterdagi Xristos kolleji rektori etib tayinlandi. Biroq, u oʻz vazifalarini bajarishda qiynaldi, sabab uning boshqaruvidagi hamkasblar „yovuz sehrgar“ga boʻysunishni xohlamadilar[6].

1603-yilda Yelizabetning oʻlimidan soʻng, Di oʻz homiylarini yoʻqotdi va eʼtibordan chetda qoldi. 1605-yilda Manchesterda vabo tarqalib, Dining rafiqasi va uning bir necha farzandi halok boʻldi. Shundan soʻng Di Londonga koʻchib oʻtdi va u yerda kambagʻallikda 1608-yil oxiri yoki 1609-yil boshida vafot etdi.

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Di uch marta oila qurgan va sakkiz farzandning otasi boʻlgan. Uning katta oʻgʻli Artur Di kabi alkimyo va germetik falsafani oʻrgangan. Jon Obri Dining tashqi koʻrinishini quyidagicha taʼriflaydi: „U baland va ozgʻin edi. U yegni tirsagidan ochilgan, uzun tirqishli, sanʼatkorlar kiyadigan libosga oʻxshash xalat kiyishni xush koʻradi. Yuzi juda tiniq, qip-qizil… uzun sutdek oppoq soqolli, juda chiroyli odam.“

Di dindor nasroniy edi, lekin uning dunyoqarashida Uygʻonish davrida keng tarqalgan germetizm, platonizm va pifagorizm falsafiy taʼlimotlari muhim rol oʻynagan.

Di son koinotdagi barcha narsalarning asosi va oʻlchovi, hatto Xudoning dunyoni yaratishi sababi ham deb hisoblagan. Germetik falsafadan Di inson ilohiy kuchga ega boʻlish imkoniyatiga mavjudligiga ishongan, shu bilan birga, u matematikani mukammal oʻrganish orqali ilohiylikka erishish mumkinligiga ishongan. Di uchun Kabbalada mashq qilish va farishtalarni chaqirish numerologiyaga asoslangan navigatsiya hamda matematikaning boshqa ilgʻor tadqiqotlarini ikki jihatini ifodalagan.

Di oʻzining maqsadini xristianlikning birinchi asrlaridagi murakkab boʻlmagan ilohiyotga murojaat qilish orqali protestant va katolik cherkovlari oʻrtasidagi kelishmovchilikni bartaraf etish va shu tariqa umumjahon dinini yaratishda deb bilgan[7].


  1. Розмари Эллен Гуили.. Энциклопедия магии и алхимии = The Encyclopedia of Magic and Alchemy.. Санкт-Петербург: Азбука , Азбука-Аттикус, 2013 — 178-bet. ISBN ISBN 978-5-389-05695-4.. 
  2. Gerolamo Cardano. De Vita Propria (The Book of My Life). New York: New York Review of Books, 2002. 
  3. „A magical glimpse into the Tudor imagination: Lost library of John Dee to be revealed.“ (2016-yil 18-yanvar). 2021-yil 16-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 25-iyun.
  4. History Revealed. 1527 Birth of John Dee, The Original 007, 2017 — 16--17-bet. 
  5. Fell Smith, Charlotte.. The Life of Dr. John Dee (1527–1608). London: Constable & Co, 1909. ISBN ISBN 9781291940411.. 
  6. Harkness, Deborah E.. John Dee's Conversations with Angels: Cabala, Alchemy, and the End of Nature.. Cambridge University Press., 1999. ISBN ISBN 978-1-107-26859-3.. 
  7. Johnston, Stephen.. "Like Father, Like Son?". John Dee: Interdisciplinary Studies in English Renaissance Thought. International Archives of the History of Ideas/Archives internationales d'histoire des idées. Vol. 193., 2006 — 65-84-bet. DOI:10.1007/1-4020-4246-9_4. ISBN ISBN 1-4020-4245-0..