Kontent qismiga oʻtish

Hamlet

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Hamlet

1605-yilgi nashrning titul beti
Asl nomi Hamlet
Muallif(lar) William Shakespeare
Tarjimon(lar) Maqsud Shayxzoda
Jamol Kamol
Til inglizcha
Janr(lar)i pyesa
Nashr etilgan sanasi 1603
Nashriyot Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti (Maqsud Shayxzoda tarjimasi)
„Fan“ (Jamol Kamol tarjimasi)
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1983 (Maqsud Shayxzoda tarjimasi)
2007 (Jamol Kamol tarjimasi)

„Hamlet“ (ayrim manbalarda rus tili taʼsirida Gamlet oʻlaroq yoziladi) (inglizcha: Hamlet), toʻliq nomi „Daniya shahzodasi Hamlet tragediyasi“ (inglizcha: The Tragedy of Hamlet, Prince of Denmark) — William Shakespeare 1599–1602-yillar oʻrtasida yozgan tragediya. Pyesadagi hodisalar Daniya qirolligida sodir boʻladi. Hamletning otasi Qirol Hamletning ruhi oʻgʻlini amakisi Claudiusdan (Klavdiy) oʻch olishga chorlaydi. Claudius oʻz akasini oʻldirib, taxtni qoʻlga kiritgan boʻladi va akasining bevasiga uylanadi. „Hamlet“ Shakespearening eng uzun pyesasi boʻlib, ingliz adabiyotidagi eng kuchli va taʼsirli tragediyalardan biri hisoblanadi. Pyesa koʻp marta qayta hikoya qilingan, oʻzgartirilgan. „Hamlet“ Shakespeare tirikligidagi eng mashhur pyesalardan biri boʻlib, hozirgi kunda ham muallifning eng koʻp sahnalashtirilgan asarlaridan biridir. Asar 1879-yildan beri Qirolli Shakespeare kompaniyasi va Stratford-upon-Avondagi avvalgi teatrlarning eng mashhur pyesalari roʻyxatida birinchi oʻrinni egallab keladi. Asar oʻnlab yozuvchi, jumladan, Johann Wolfgang von Goethe, Charles Dickens, James Joyce va Iris Murdochlarni ilhomlantirgan va „Cinderella“dan keyin eng koʻp ekranlashtirilgan hikoya oʻlaroq taʼriflanadi. „Hamlet“dagi kabi otasi oʻlimi uchun oʻch olgan qahramonlar haqida asarlar Shakespearedqn oldin yozilgan koʻplab asarda uchraydi, jumladan, „Amleth“ afsonasida. Bu afsona 13-asrda yashab oʻtgan Saxo Grammaticusning „Gesta Danorum“ asarida saqlab qolingan, 16-asrda olim François de Belleforest uni qayta hikoya qilgan. Shakespeare asarni yozishda Elizabeth I davrida yozilgan, hozirgi kunda „Ur-Hamlet“ nomi bilan maʼlum boʻlgan asarga tayangan boʻlishi mumkin, lekin ayrim tadqiqotchilar „Ur-Hamlet“ni ham Shakespearening oʻzi yozgan, keyinroq bizga maʼlum boʻlgan shaklga keltirgan, deb ishonadi. Shakespeare bosh qahramon obrazini oʻsha paytda eng yaxshi aktyorlardan biri hisoblangan Richard Burbage uchun moslashtirib yozgan. Pyesa yozilganidan beri oʻtgan 400 yil ichida Hamlet rolini bir necha muvaffaqiyatli aktyor ijro etgan.

Asarning dastlabki uch versiyasi saqlanib qolgan: Birinchi kvarto (K1, 1603); Ikkinchi kvarto (K2, 1604); hamda Birinchi infolio (I1, 1623). Har bir versiyasida boshqasida yoʻq misralar va sahnalar bor. Pyesaning strukturasi va qahramonlari keng oʻrganilgan. Shularning biri Hamletning amakisini oʻldirishga ikkilanishi haqida bir necha asrdan beri davom etib kelayotgan munozaralardir. Ayrimlar bundan maqsad pyesani uzaytirish boʻlgan, deb hisoblasa, boshqalar bu hol qotillik qilish, rejalashtirilgan qasos hamda soʻngan istak bilan bogʻliq murakkab falsafiy va axloqiy tushunchalarning ifoda etishdir, deb hisoblaydi. Keyingi yillarda tanqidchilar Hamletning yashirin istaklarini oʻrganib chiqishdi, feministlar esa koʻpincha salbiy tarzda koʻrsatilgan Ophelia (Ofeliya) hamda Gertrude (Gertruda) obrazlarini qayta baholab, tiklashga urinishdi.

„Hamlet“ pyesasini rus tilidan oʻzbek tiliga ilk bor 1934-yilda Abdulhamid Choʻlpon tarjima qilgan[1][2][3]. Asarning 1948-yilda Maqsud Shayxzoda tomonidan rus tilidan oʻzbek tiliga qilingan tarjimasi[4] ham xalq orasida keng ommalashgan. Keyinchalik pyesani 1991-yili Jamol Kamol asliyatdan, yaʼni ingliz tilidan oʻzbek tiliga oʻgirgan[1][5][6]. Pyesa oʻzbek tilida bir necha marta, jumladan, bir jildi „Pyesalar“ (1960), besh jildli „Tanlangan asarlar“ (1983) (3-jild) hamda uch jildli „Saylanma“ (2007) (1-jild) asarlarida bosilib chiqqan.

  1. 1,0 1,1 Muhammadjon Xolbekov. „Shekspir bepoyon“. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi, №9, 2009. (2014-yil 28-fevral). 2023-yil 7-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-mart.
  2. Naim Karimov. Choʻlpon (maʼrifiy roman), Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2003 — 464-bet. 
  3. Dilmurod Quronov. Choʻlpon hayoti va ijodiy merosi. Toshkent: „Oʻqituvchi“ nashriyoti, 1997 — 80-bet. 
  4. Shahnoza Nazarova. „Elimga tanitmoq istayman“. „Jahon adabiyoti“ jurnali, №11, 2011 (2017-yil 20-dekabr). 2023-yil 7-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-mart.
  5. Jamo Kamol. „Adabiyot — nurli soʻz“. „Yoshlik“ jurnali, №10, 2011. (2014-yil 13-may). 2023-yil 7-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-mart.
  6. „Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamol vafot etdi“ (27-sentyabr 2022-yil). 2023-yil 7-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-mart.