Kontent qismiga oʻtish

Granatlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Granatlar (lotincha granatus — donador) — orolsimon silikatlar kichik sinfiga mansub minerallar guruhi. Izomorf qatorlar hosil qiladi. Kub singoniyali. G. kristall-kimyoviy xususiyatlariga qarab 2 turga: magniy-marganestemirli G. — pirop, almandin, spessartin; kalsiyli G. — grossulyar, andradit, uvarovitga boʻlinadi. G. tabiatda, koʻpincha donador agregatlar, qoʻshaloq kristallar, yumshoq, silliq donachalar holida uchraydi. Qattiqligi 6,0—7,5, zichligi 3,2—4,3 g/sm3. G.ning rangsiz, zangori, sariq, yashil, qoʻngʻir, qora, pushti, qizil, qizgʻish-qoʻngʻir ranglari maʼlum. G. metasomatik jinslarda, skarnlarda (andradit, grossulyar), pegmatit yertomirlarda (spessartin, almandin), metamorfik slaneslarda, eklogit va kimberlitlarda hosil boʻladi. Gidrotermal yertomirlarda va sochma holda ham uchraydi. G.ning shaffof va chiroyli turlari (pirop, almandin, demantoid) zargarliqda yarim qimmatbaho tosh, qolgan xillari sanoatda abraziv material sifatida ishlatiladi. G.ning yirik konlari Hindiston, Chexiya, RF (Ural) hamda Jan. Kavkazda topilgan. Markaziy Osiyoda grossulyar va andradit skarnlarda, volfram va magnetit konlarida (Quytosh, Langar va Turlangli), munchoq shaklidagi almandin va spessartin Turkiston va Qoratepa togʻlarida uchraydi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil