Kontent qismiga oʻtish

Gipertrofiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gipertrofiya (giper... va yun. trophe — oziqlanish) — aʼzoning toʻqima elementlari (hujayralar, muskul tolalari) oʻsishi oqibatida shu aʼzo yoki uning biror qismining kattalashib ketishi. Gipertrofiyaga asosan aʼzoning zoʻr berib ishlashi sabab boʻladi. Chin va soxta, fiziologik va patologik gipertrofiya farq qilinadi. Chin gipertrofiya aʼzo parenximasi hisobiga roʻy bersa, soxta gipertrofiya aʼzoda oraliq va yogʻ toʻqima vujudga kelishiga bogʻliq. Soxta gipertrofiyada aʼzo funksiyasi kuchaymay, balki susayadi. Mas, jismoniy ish bilan shugʻullanuvchi sogʻlom kishilarda, shuningdek, sportchilarda doimiy zoʻriqish taʼsirida skelet va yurak muskullari kattalashib ketadi (fiziologik gipertrofiya). Baʼzi patologik gipertrofiya (kasallik oqibatida kelib chiqadigan gipertrofiya) ham yuqoridagiga oʻxshash roʻy beradi. Yurak-tomir sistemasi (yurak poroklari, gipertoniya kasalligi) va baʼzi oʻpka kasalliklarida patologik gipertrofiya kuzatiladi. Juft aʼzolar (mas, buyrak) ning bittasi olib tashlansa ikkinchisi kattalashib, uning vazifasini bajara boshlaydi, yaʼni gipertrofiya boshlanadi (qoplama gipertrofiya). Neyroendokrin buzilishlar ham patologik gipertrofiyaga sabab boʻladi (qarang Akromegamiya, Girsutizm).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil