Kontent qismiga oʻtish

Firdavsiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abulqosim Firdavsiyi Tusiy
Asl ismi فردوسی
Tavalludi 934
Vafoti 1030
Taxallusi Firdavsiy
Ijod qilgan tillari Fors tili[1]
Fuqaroligi Somoniylar davlati va Gʻaznaviylar
Yoʻnalish Nazm

Abulqosim Firdavsiyi Tusiy (forscha: فردوسی, taxminan 934—yilda Tus hozirda Firdavs shoirning nomi bilan atalgan shahrida tavallud topgan – 1030—yilda vafod etgan) – forstojik shoiri va mutafakkiri.

Tus va Nishopur shaharlaridagi madrasalarda tahsil olgan. Zamonasining barcha asosiy ilmlarini egallab, arab va pahlaviy tillarini chuqur oʻrgangan. Oʻz davrining qomusiy olimi boʻlib yetishgani uchun ham uni hakim deb ulugʻlashgan. U Eron, Turon, Yunon va Hindiston olimlarining turli sohadagi asarlaridan yaxshi xabardor boʻlgan. F. yoshligidanoq sheʼrlar mashq qila boshlagan. Bu haqda maʼlumotlar boʻlsada, sheʼrlarining oʻzi yetib kelmagan. Uning „Yusuf va Zulayho“ nomli doston yozganligi xam haligacha munozarali. F. otasidan qolgan yerda dehqonchilik qilib kun kechirgan. Baʼzi manbalarda uning uzoq yillar sarbozlik xizmatida boʻlgani ham aytiladi. F.ning yoshlik yillari somoniylar davlatining gullabyashnagan davriga toʻgʻri keladi. Bu davrda Eron va Turon xalklarining nafakat ijtimoiysiyosiy, balki madaniymaʼnaviy hayotida ham bir koʻtarilish boʻlgan. Oʻzining kimligini anglash va uni boshqalarga ham koʻrsatish maqsadida ular Eron va Turonning shonli tarixini tiklashga intiladilar. Shu maqsadda qad. afsona va rivoyatlar, buyuk shoxlar va bahodirlar tarixi toʻplanadi va yoziladi. Bu boradagi intilishlarni somoniy hukmdorlar qoʻllabquvvatlab turganlar va toʻplangan ulkan materialni sheʼrga solishni Abu Mansur Daqiqiyni soʻraganlar. Lekin shoir endigina ming bayt ijod kilganda, fojiali ravishda oʻddirilgach, Buxoro amiri Nuh ibn Mansur Somoniy F.ni huzuriga chorlab, unga chala qolgan „Shohnoma“ni nihoyasiga yetkazishni buyuradi. Bundan maqsad shonli tarixi va buyuk shaʼnshavkatiga koʻra forsiy xalklarning arablardan kam emasligi, balki ustunligini koʻrsatish va ularga qarshi kurashda foydalanish edi. Vatanga va uning buyuk tarixiga muhabbat ruhida tarbiyalangan, bolalikdan qad. afsona va rivoyatlar, qaxramonlik qissalari, jangnomalarni jon qulogʻi bilan tinglab ulgʻaygan F.ning oʻzi ham xalq ichida yurib, ularni yozib olgan, koʻplab ogʻzaki va yozma materiallar toʻplagan.

Firdavsiy Sulton Mahmud G'aznaviyga „Shohnoma“-ni oʻqib eshittirmoqda

Eron va Turon xalklarining qariyb 3 ming yillik tarixi yuksak mahorat bilan qalamga olingan „Shohnoma“ ustida F. 30 yildan ortiq mehnat qilgan. Tadqiqotchilar asarni 3 qismga boʻladilar: 1boʻlimda eng qad. afsonalar qayta ishlanib, nazm ipiga terilgan boʻlsa, 2 boʻlimda xalq qahramonlari haqidagi rivoyatu qissalar badiiy talqin qilinadi. 3boʻlimda tarixiy shoxlar hayoti tasvirlangan. „Shohnoma“ eng qad. davrlardan boshlanib, sosoniylar shohi Yazdigard III davrida arablarning Eronga bostirib kirishi bilan yakunlanadi. „Shohnoma“ hajmi (60 ming baytni oʻz ichiga oladi), mavzu koʻlami, obrazlar olami, qahramonlarning koʻp va xilma-xilligi, gʻoyaviy motivlari va koʻtarilgan masalalar jihatidan jahon adabiyotidagi eng katta epik asar. 100 dan ortiq dostonlardan tashkil topgan bu asarda mingdan ziyod kattakichik personajlar ishtirok etadi.

„Shohnoma“ garchi shohlar kitobi deb atalib, 50 podshohlikdan iborat 4 sulolaning tarixi ni tadrijiy ravishda yoritgan boʻlsada, barcha kurashlar va qahramonliklar xalq ichidan chiqqan bahodirlar tomonidan amalga oshirilgan. Asarda Vatan va xalq yoʻlida jonini tikkan yuzlab fidoyi qahramonlar obrazi yaratilgan. Podshohlar bahonasida xalq, uning tarixi, qadriyatlari, qahramonliklari ulugʻlangan. Ayni jihatdan „Shohnoma“ – xalq zakovati va jasoratiga qoʻyilgan oʻziga xos nazmiy haykal.

Firdavsiy vafotidan soʻng, „Shohnoma“ jiddiy oʻzgarishlar va buzilishlarga duch keldi.[2] Bizgacha etib kelgan fors tilidagi eng qadimgi Shohnoma roʻyxati 1276-1277-yillarga toʻgʻri keladi. Shunday qilib, u Firdavsiy vafotidan 250 yil oʻtgach tuzilgan.[3]

„Shohnoma“ning asosiy gʻoyasi – vatanni ulugʻlash, xalq qudrati va zakovatini koʻzkoʻz qilish, va shu orqali ularni birgalikka, markazlashgan davlat qurishga chaqirish, vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik va tinchliksevarlikni madh etish, ezgulik, olijanoblik, halollik, mardlik, mehnatni tarannum etib, qonli urushlar, yovuzlik, jabru zulm, adolatsizlik, munofiqlikni qoralashdan iborat. „Shohnoma“dagi Rustam, Suhrob, Siyovush, Bijan, Zoli Zar, Sudoba, Gudarz, Gev, Tuye, Hojir, Gurdofarid, Humoy, Manija singari qahramonlar yer yuzida adolat tantanasi uchun kurashadilar. „Zol va Sudoba“, „Bijan va Manija“ dostonlarida chinakam baynalmilallik gʻoyalari ilgari surilgan. „Isfandiyor“, „Shogʻod“, „Oʻn ikki muhoraba“ dostonlarida esa mamlakatning yaxlitligiga raxna soluvchi, urush olovini yoquvchi zolim va fitnachi shohu sarkardalar keskin qoralanadi. „Siyovush“ dostonida urush va tinchlik masalasi badiiy talqin qilinadi.

„Shohnoma“ chinakam xalq kitobiga aylanib, xalq orasida keng tarkalgandan soʻng muayyan oʻzgarishlarga ham uchragan. Shuning uchun temuriy shahzodalardan Boysunqur Mirzo uning 40 dan ortiq nusxalarini oʻzaro qiyoslab, mukammal matnini tuzdirgan.

Fanda „Shohnoma“ning temuriyzoda Boysunqur nusxasi sifatida mashhur bu matn asarning ishonchli nusxalaridan biri hisoblanadi. „Shohnoma“ning tanqidiy matnlari ichida eng moʻʼtabari Ye. E.Bertels va Abdulhusayn Noʻshin taxriri osida SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti jamoasi tomonidan tayyorlangan 9 jildlikdir.

Shoir jasadi otasidan qolgan bogʻning bir chekkasiga koʻmilgan. 1934-yilda F. tavalludining 1000-yilligi munosabati bilan shoir qabri ustiga maqbara qurilgan va u shoir muxlislarining muqaddas ziyoratgoqiga aylangan.

Sharq mamlakatlarida shohnomaxonlik bir anʼana tusini olgan. F. qahramonlari oʻzbek xalqi orasida ham qadimdan mashhur. „Kitobi Jamshid“, „Kitobi podshoh Afrosiyob“, „Shoh Tahmurasp“ nomli xalq kitoblari, „Rustam va Suhrob“, „Doro va Iskandarbek“ kabi xalq ertaklarida „Shohnoma“ taʼsiri yaqqol koʻzga tashlanadi.

„Shohnoma“ dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Jumladan, 13-asr boshida arab, 15—16-asrlarda turk va gurji, 19-asrda esa fransuz, ingliz, nemis, italyan va rus tillariga oʻgirildi. „Shohnoma“ oʻzbekchaga Shoh Hijron, Xomushiy (18-asr), Nurmuhammad Buxoriy, Ochildimurod Miriy (19-asr), Sh. Shomuhamedov, Hamid Gʻulom, Nazarmat, J. Jabborov (20-asr)lar tomonidan tarjima qilingan boʻlsada, bu tarjimalarning birortasi toʻliq emas. „Shohnoma“ syujetlari asosida „Zahhoki Moron“, „Siyovush“, „Rustam va Suhrob“, „Faridun“ singari sahna asarlari yaratilgan.

  1. (unspecified title)
  2. Bertel’sa Ye. A. Predisloviye // Firdousi. Shakh-name. Kriticheskiy tekst. T.1. Pod redaktsiyey Ye. A.Bertel’sa. M., 1960. S.9
  3. Bertel’sa Ye. A. Predisloviye // Firdousi. Shakh-name. Kriticheskiy tekst. T.1. Pod redaktsiyey Ye. A.Bertel’sa. M., 1960. S.12
  • Ayniy S, Firdavsiy va uning „Shohnoma“si haqida. – Asarlar, 8j., T., 1967;
  • Shomuhamedov Sh., Shohkitob va uning muallifi, T., 1992;
  • Abdurahmon Jomiy, Bahoriston, T., 1997;
  • Homidiy H., Koʻhna Sharq dargʻalari, T., 1999;
  • Ulugʻzoda S, Firdavsiy [roman], T., 1994.
  • Shohnoma [3 j.li], T., 1975-77;
  • Shohnoma T., 1984;
  • Faridun [epos], T., 1987;
  • Rustam va Suhrob, T., 1994.