Kontent qismiga oʻtish

Ferma (tizim)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ferma (frans. ferme, lot. fi rmus — mustahkam) — 1) qurilish mexanikasida — geometrik jihatdan uzgarmaydigan sterjenli tizim. Hisoblashlarda barcha tugunlari sharnirli deb qabul qilinadi; 2) tom yopish, bostirmalar qurish va koʻprik qurishda ishlatiladigan qurilish konstruksiyasi. Devor yoki ustunlar oraligʻi katta binolar (mas, kinoteatrlar, bozor pavilonlari, sport zallari, sanoat korxonalari va boshqalar)da tom yopish uchun toʻsinlardan foydalanish iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi. Katta soy va daryolarga quriladigan koʻpriklar ham toʻsinlardan ishlansa, ancha qimmatga tushadi. Shunday hollarda fermadan foydalanish iqtisodiy jihatdan ancha samarali boʻladi. Fermalar toʻsin (balka)larning takomillashgan bir turi boʻlib, ular oʻtaydigan vazifani bajaradi. Materialning xiliga qarab, temirbeton, metall va yogʻoch fermalar boʻladi. Tashqi koʻrinishiga koʻra, parallel tasmali (rayem, a), uchburchak shaklli (rayem, b) va poligonal tasmali.v) fermalarga boʻlinadi. Fermalar panjarasining tuzilishiga qarab ham yana bir necha xillarga boʻlinadi. Vazifasiga koʻra, tom, koʻprik va kran fermalari boʻladi. Koʻprik ferma ichida yukning harakatlanish sathiga qarab yuk ustki yoki pastki tasmada yuradigan fermalar farqlanadi.

Odatda, tashqi kuch (yuk)lar ferma tugunlariga tushadi. Ferma sterjenlari tashqi kuchlar taʼsirida asosan siqilish va choʻzilishga ishlaydi. Fermaning barcha sterjenlari bir tekislikda joylashsa, tekis yoki yassi ferma, har xil tekislikda joylashsa, fazoviy ferma deb ataladi. Ikki tayanch orasidagi masofa quloch (prolyot) deyiladi. Fermaning tashqi konturida joylashgan sterjenlar tasmalar, ular orasida joylashgan sterjenlar panjaralar, panjaralarning tik elementlari ustun, qiya elementlari havon deb ataladi. Firma tugunlari orasidagi gorizontal masofa panel deyiladi.

Ferma materiali qanday boʻlishidan qatʼi nazar tashqi kuchlar (mas, tom plitalari) taʼsirida uning sterjenlarida vujudga keladigan ichki kuchlar qiymati materiallar qarshiligi va qurilish mexanikasi usullari yordamida aniqlanadi. Ichki kuchlar aniklangandan keyir bajariladigan hisoblash ishlari (maye., kesim tanlash, mustahkamligini tekshirish va boshqalar) tatbiqiy fanlarning usul va qoidalari asosida bajariladi.