Kontent qismiga oʻtish

Chennay

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Chennay (1996-yilgacha Madras) -Hindistonning janubiy qismidagi shahar, Bengaliya qoʻltigʻi sohilida. Tamilnad shtatining maʼmuriy markazi. Aholisi 6,8 mln. kishi (2001).

Iqlimi issiq, yanvarning oʻrtacha temperaturasi 24°, iyulniki 32°. Yiliga oʻrtacha 1200 mm yogʻin yogʻadi. Tez-tez boʻlib turadigan tropik siklonlar shaharga katta zarar keltiradi. Chennay kattaligi jihatdan mamlakatda Mumbay, Dehli, Kalkuttadan keyin 4-oʻrinda turadi. Chennay – Hindistonning eng katta portlaridan. Transport yoʻllarining yirik chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yirik sanoat, savdo-moliya va madaniyat markazi. Chennayda mamlakat sanoat mahsulotining asosiy qismi ishlab chiqariladi. Toʻqimachilik (ip gazlama), mashinasozlik (jumladan vagonsozlik, harbiy), metallsozlik sanoatlari rivojlangan. Neft qayta ishlanadi. Oziq-ovqat, tamaki, poligrafiya, elektronika, sement, koʻn poyabzal sanoati korxonalari mavjud. Universitet (1857), Hindiston geografiyasi jamiyati, ilmiy tadqiqot institutlari, texnika instituti, musiqa akademiyasi, markaziy kutubxona, davlat muzeyi, Milliy badiiy galereya, teatr, kinostudiya, rasadxona va boshqalar bor. Chennay oʻrnidaXVII -asr boshlarida baliqchilarning Madraspatam nomli qishlogʻi boʻlgan. Angliyaning Ost-Indiya kompaniyasi bu yerda qalʼa qurib (1639-1640), bosh qarorgohini koʻchirib keltirgan. Oʻsha vaqtdan Chennay inglizlarning Hindistondagi harbiy tayanch bazasi va savdo punkti hisoblanadi. 1746-1749 – yillarda fransuzlar qoʻl ostida boʻlgan. XVIII-asrning 2-yarmi va XIX-asr boshida Chennay inglizlarning Hindistonning janubi-sharqiy qismidagi bosib olgan yerlarining siyosiy-maʼmuriy markazi. Hindiston mustaqillikka erishgach (1947), Chennay Madras (1969-yildan Tamilnad) shtatining maʼmuriy markazi. Chennay yaqinida tamil meʼmorligi yodgorliklaridan Maqabalipuram majmuasi saqlangan.