Buyer
Buyer (gollandcha boeir — xona) — konki yoki gʻildiraklarga oʻrnatilgan maxsus yengil konstruksiyali uchburchak shakldagi xona, yelkanli platforma; muz ustida uchishga moʻljallanadi. Aviatsiyaga ishlatiladigan fanera, oliy sifatli qattiq daraxtlar, alyuminiy va poʻlatdan quriladi. B. oʻquvmashgʻulot hamda sayr qilish uchun 5—10 kishi sigʻadigan ochiq maydonchali qilib ham yasaladi. Sport B.i tana (korpus), aylanadigan machta, har ikki yondagi konkilarga oʻrnatilgan shoti, boshqaruvchi rul qurilmasi va konkilardan iborat boʻladi. B.ning sirgʻalib uchishi uchun silliq muz, sekundiga 3– 5 m tezlik bilan esib turuvchi shamol boʻlishi kerak. Uning uchish tezligi soatiga 100 km ga boradi. Dastlabki B.lar 18-asrda Rossiyada paydo boʻlib, ulardan shim. koʻllarda baliqchilar foydalanishgan. Turli yuk va odamlarni muz ustidan tashib oʻtishda qoʻl kelgan. Xususan, Ikkinchi jahon urushi paytida B.dan razvedka, aloqa va transport vositasi sifatida foydalanilgan, qamaldagi Leningrad bilan Ladoga koʻli orqali aloqa bogʻlab turilgan. B.larda muz ustida oʻtkaziladigan poyga B. sporti deyiladi. U AQSH, Kanada, Yevropaning bir necha mamlakatlarida ommalashgan. B. sporti boʻyicha 1964-yildan jahon va Yevropa birinchiliklari oʻtkaziladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |