Kontent qismiga oʻtish

Bastakorlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Bastakorlik — Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida anʼanaviy, mumtoz musiqa uslubi zaminida yuzaga kelgan badiiy anʼana, ijodiy kasb turi, musiqa ijodchiligi. Quyidagi ijod shoxobchalarini oʻz ichiga oladi:

  1. Xalq orasida tanilgan muayyan kuy yoki ashula yoʻlining oʻzgacha mustaqil koʻrinishi (qayta ohangga va usulga solib, mualliflashtirilgan namunasi)ni yaratish. Masalan, Rost maqomining "Ushshoq" shoʻbalari asosida yaratilgan "Ushshoqi Hoji" yoki "Samarqand Ushshogʻi I-II" (Hoji Abdulaziz Abdurasulov), "Toshkent Ushshogʻi I-II" (Mulla Toʻychi Toshmuhamedov), "Ushshoqi Sodirxon" (Sodirxon Bobosharifov) kabi asarlar;
  2. Maʼlum cholgʻu kuylarning — ashula, ashula yoʻllarining — cholgʻu variantlarini yaratish (Imomjon Ikromov ashulalashtirgan "Munojot", "Choʻli Iroq" singari);
  3. Bir necha kuy, qoʻshiq yoki ashulalarni umumlashtirib bir asar yaratish (Hoji Abdulaziz Abdurasulovning "Bozurgoniy", "Bebokcha" asarlari kabi);
  4. Mustaqil asarlar (oʻtmishda asosan kuy, qoʻshiq va ashula yoʻllari, hozirgi davrda boshqa janrlarda ham) ijod etish.

Oʻrta Osiyoda bastakorlik tarixi qadimdan boshlanadi. Isteʼdodli xonanda, sozanda va zamonaviy maʼnodagi bastakorlar Borbad Marviy (6–7-asrlar), Abdurahmon ibn Surayj (?–743), Abduhafz Soʻgʻdiy (?–832) va boshqa Yaqin va Oʻrta Sharqning deyarli barcha mamlakatlarida tanilgan. Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sino singari allomalar ham bastakorlik bilan bevosita shugʻullanishganligi haqida maʼlumotlar bizgacha yetib kelgan(manba keltirish kerak). Bu ularning ilmiy-musiqiy asarlari amaliyot bilan uzviy bogʻlanishiga asos boʻlgan.

Oʻzbek xalqi orasida bastakorlik ayniqsa Amir Temur va temuriylar, xususan, Bobur hamda boburiylar davrida mukammallashib, ilmiy va badiiy adabiyotda atroflicha oʻz tarixi va taʼrifini topgan(manba keltirish kerak).

Bastakorlik anʼanaviy ijrochi (xonanda, ayniqsa sozanda)likdan turtki olib, maqom ijodchiligiga katta taʼsir koʻrsatdi. Dastlab (13-asr) oʻn ikki maqom, soʻngra (16–8-asrlar) uning zaminida Shashmaqom, Xorazm va Fargʻona-Toshkent maqom turkumlari shakllanishiga sabab boʻldi. Maqom turkumlari tarkibida oʻnlab cholgʻu ("Saqili Islimxon", "Saqili Ashkullo", "Murabbai Komil", "Saqili Niyozjonxoʻja" kabi) va ashula ("Samandariy", "Karimqulbegi" singari) yoʻllari yuzaga keldi.

Bastakorlik sanʼati, ayniqsa, 15–6-asrlarda ommaviylashgan: qator shoir, olim va boshqa ayni paytda bastakor ham boʻlgan. Abdurahmon Jomiy "Imoma" naqshi (yoki "Naqshi Mullo")ni, Alisher Navoiy bir qancha naqsh va peshravlar, Bobur "Chorgoh savti" yoʻllaridagi asarini ijod etgan(manba keltirish kerak).

Bu davrga kelib bastakorlikning asosiy janr va shakllari, uslub va usullarining rivoji oʻz qiyomiga yetdi. Manbalarda, ayniqsa Darvishali Changiy (16–17-asrlar)ning musiqaga doir risolalarida (yuqoridagilardan tashqari) amal, qavl, savt, chorzarb hamda jir, kor, tarona koʻrinishlaridagi oʻnlab asarlarning taʼrifi keltirilgan, bularning har birida ijod qilgan koʻplab bastakorlarning nomlari aytib oʻtilgan(manba keltirish kerak).

Samarqand, Buxoro, Hirot, Toshkent, Xoʻjand, Qoʻqon, Xiva kabi shaharlarda xonandalik, aksariyatida sozandalik bilan birga oʻziga xos bastakorlik maktablari yuzaga kelgan. Mazkur ijodiy maktablarning yetuk namoyandalari oʻz asarlarida mahalliy folklor (ayniqsa, marosim va lirik mavzudagi qoʻshiqlar), maqom, katta ashula ijrochiligi va ijodkorligiga xos xususiyatlarni singdirishga institutilganlar.

Bastakorlik ijodi rivojining keyingi bosqichlaridan 19-asrning 2-yarmi va 20-asr boshlanish davri diqqatga sazovor. Mazkur bosqichda Hoji Abdulaziz Abdurasulov kabi anʼanaviy uslubda ijod etgan bastakorlar bilan yonma-yon Hamza Hakimzoda Niyoziy ham oʻzining qoʻshiqlarini yaratdi. Bu qoʻshiqlarda shoir oʻzbek musiqa merosi tabiati, ohang va usullarini xalqaro, qator sharq xalqlari (ozarbayjon, tatar va boshqalar)ning musiqa folklori xususiyatlari bilan uzviy bogʻladi, marsh, vals kabi janrlardan keng foydalandi. 20-asr boshlarida oʻzbek bastakorlari To‘xtasin Jalilov ("Dovruq"), Yunus Rajabiy ("Hammamiz", "Chamanzor" qoʻshiqlari) asarlari oʻzbek bastakorlik ijodining bir-biriga ulanib ketishida ijobiy rol oʻynadi.

1920–1930-yillarda taniqli sozandalarchangchi Matyusuf Harratov, tanburchi A.Umarov, xonanda Komiljon Otaniyozov, gʻijjakchi M. Niyozovlar ham davr ruhini toʻlaqonli ifodalovchi kuy va qoʻshiqlar yaratishdi.

Asrning 2-choragidan bastakorlarimizning Oʻzbekiston musiqa madaniyatiga qoʻshgan hissalari nihoyatda unumli boʻldi. Xususan 1930–1940-yillardan oʻzbek musiqali dramasi va komediyasi shakllanishida, 1950-yillarda opera rivojida To‘xtasin Jalilov va Yunus Rajabiylar hissasi katta. 20-asr oʻzbek qoʻshigʻi taraqqiyoti Komiljon Jabborov, Fahriddin Sodiqov, Imomjon Ikromov, Nabijon Hasanov, Saidjon Kalonov, Muhammadjon Mirzayev, F. Toshmatov, soʻnggi yillarda Fattohxon Mamadaliyev, Abduhoshim Ismoilov, Oʻlmas Rasulov, A. Dadayev kabi bastakorlar ijodida shakl topdi.

Bastakorlik sanʼati asta-sekin musiqa taʼlimi tizimiga kiritilmoqda, atoqli bastakorlar asarlari nashr etilib, bular ijrosi buyicha maxsus koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda, ayrimlarining ijodiga oid ilk tadqiqotlar yaratilmoqda. Baʼzan, asosan koʻp ovozli musiqa sohasida ijod qilgan kompozitor(Doni Zokirov, Sayfi Jalil, Dadaali Soatqulov kabi)lar ham aynan bastakorlik uslublarida kuy va qoʻshiqlar yaratishgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Gafurbekov T., Tvorcheskiye resursi natsionalnoy monodii i ix prelomleniye v oʻzbekskoy sovetskoy muzike, T., 1987;
  • Musiqa ijodiyoti masalalari, T., 1997.