Aktiniyalar
Aktiniyalar (Actiniaria) — dengiz boʻshliqichlilari turkumi; marjon-poliplar sinfi olti nurlilar kenja sinfiga mansub. Koʻpchilik turlari yakka yashaydi. Tanasi silindr shaklida, yor-qin rangli, koʻndalang kesimi bir necha mm dan 1,5 m gacha, pastki yassi tomoni tovon deyiladi. A. muskulli tovoni yordamida sekin harakatlanishi mumkin. Ayrim turlari suv tubiga yopishib yoki qumga koʻmilib olib harakatsiz yashaydi, suzib yuradigan turlari ham maʼlum. Ta-nasining yuqori uchida juda koʻp paypas-lagichlar bilan oʻralgan ogʻzi joylashgan. A. yirtqich, mayda umurtqasizlar, hatto mayda baliqlar bilan oziqlanadi. Oʻljasini otuvchi hujayralar bilan qurollangan pay-paslagichlar yordamida falajlaydi yoki oʻldiradi. Otuvchi hujayralari zahari odam terisini ham kuydirib, ogʻriq paydo qilishi mumkin. Jinsiy va jinssiz — boʻyiga yoki koʻndalangiga boʻlinish orqali kupayadi. 1500 ga yaqin turi Orol va Kaspiy dengizidan boshqa barcha dengizlarda tarqalgan. Koʻpchilik turlari zohid qisqichbaqalar va boshqa umurtqasizlar bilan simbioz yashaydi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |