Ahmad Saraxsiy
Ahmad Saraxsiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 835-yil |
Vafoti | 899-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Faylasuf |
Ahmad Saraxsiy (arabcha: احمد سرخسي — Ahmad Saraxsiy — Toʻliq ismi: Abulabbos Ahmad ibn Muhammad ibn Marvon Saraxsiy) — Faylasuf.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ahmad Saraxsiy Ahmad ibn Tayyib nomi bilan ham tanilgan. Baʼzan keyingi nom, yaʼni Ahmad ibn Tayyib olimning islomni yangi qabul qilgan oiladan ekanligini, bu laqab uning musulmon bo‘lmagan ota-onasining ismini yashirish maqsadida qabul qilingan, degan fikrlar ham uchrab turadi. Ahmad Saraxsiy ismidagi Saraxsiy nisbasi uning Turkmanistonning Saraxs deb atalgan shahridan ekanligini bildiradi. Ahmad Saraxsiy 835-yillar atrofida tugʻulgan va asosan xalifalik markazi Bag‘dodda yashab faoliyat ko‘rsatgan. U o‘z davrida falsafa, fizika, tabobat, matematika, astronomiya, astrologiya va musiqa kabi fanlar bilan shug‘ullanib, mashhurlik shohsupasiga ko‘tarilgan. Buyuk arab olimlarining ilmlarini o‘zida mujassam qilgan, maʼrifatli, fasohatli olim bo‘lgan. Ahmad Saraxsiy hadis ham rivoyat qilgan. Hadislarni Amr ibn Muhammad Noqil, Ahmad ibn Hars, Abu Abdulloh Hamdun ibn Ismoil, va boshqalardan rivoyat qilgan. Ahmad Saraxsiy hayoti va faoliyati, ilmiy merosi bugungi kungacha juda kam o‘rganilgan manba hisoblanadi. Xorijiy tadqiqotchilar orasida Ahmad Saraxsiyga bag‘ishlangan maxsus tadqiqot Frans Rozental qalamiga mansub. O‘rta asr manbalarida Ahmad Saraxsiyning Bag‘dodga qanday qilib borib qolganligi haqida maʼlumot uchramaydi, lekin tarjimayi holi bilan bog‘liq bo‘lgan ikki muhim maʼlumot saqlanib qolgan. Ulardan birinchisi, Ahmad Saraxsiyning mashhur qomusiy olim va „arablarning faylasufi“ deb shuhrat qozongan Yoqub Kindiyga shogird bo‘lganligidir. Ustoz va shogird dastlab 850-yillar atrofida Bag‘dodda tanishgani ehtimolga yaqin. Ahmad Saraxsiy o‘sha vaqtda 10-15 yoshlar atrofida bo‘lishi mumkin. adabiyotlarda Ahmad Saraxsiyning olim boʻlib shakllanishida Kindiyning xizmatlari katta bo‘lganligi eʼtirof etiladi. Shu bilan birga geografiya, adabiyot, sanʼat tarixi kabi sohalar borki, ularda Ahmad Saraxsiy o‘z ustozidan baʼzi jihatlari bilan farqlanadi. Maʼlumki, xalifalar Maʼmun va Mu’tasim davrida katta eʼtibor va hurmatga ega allomalar Mutavakkil davriga kelib boshqa diniy va ilmiy arboblar bilan birga taʼqib ostiga olingan. Ahmad Saraxsiy ham bu taʼqiblardan chetda qolmagan. Ahmad Saraxsiy tarjimayi holiga oid ikkinchi maʼlumot shundan iboratki, u Abbosiy xalifalaridan 892-yili xalifalik kursisiga o‘ltirgan Mu’tadadga ustozlik qilish bilan birga asta-sekin xalifaning ham mamlakat, ham shaxsiy ishlaridagi maslahatchisiga aylangan. Ahmad Saraxsiy o‘sha davrning yirik siymolari - shoir Ibn Mu’taz, mashhur olim Sobit ibn Qurra, Mu’tadad vazirining o‘g‘li va otasining vafotidan so‘ng vazir vazifasini egallagan shoir va davlat arbobi Qosim ibn Ubaydulloh ibn Sulaymon va boshqalar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan. Kup o‘tmay Mu’tadad va Ahmad Saraxsiy munosabatlariga putur yetib, xalifa uni 896-yil bandi qiladi va 899-yil vazir Qosimning xayrixohligida qatl ettiradi. Ahmad Saraxsiy haqidagi maʼlumotlar O‘rta asr mualliflaridan Ibn Nadim, Ibn Qiftiy, Ibn Abu Usayba, Bar Ebrey, Yoqut Hamaviy, Hoji Xaliyfa va boshqalarda uchraydi. Xususan, Ibn Qiftiy u haqda quyidagi so‘zlarni keltiradi: „Ahmad ibn Muhammad ibn Marvon ibn Tayyib Saraxsiy islom dunyosidagi faylasuflardan biri boʻlib, u Yoqub Kindiyning shogirdi edi. Binobarin, u falsafiy ilmlardagi noyob isteʼdod sohiblaridan hisoblanib, mantiq, musiqaga oid yirik asarlarning muallifi, qadimiy yunon va arab ilmlarining aksariyatida nodir salohiyat egasi, shu bilan birga juda bilimdon, yuksak qobiliyatli, o‘ta notiq va qalami o‘tkir bir inson edi. U avvaliga xalifa Mu’tadadga ustozlik qilgan, so‘ngra uning hamrohi (nadim) va do‘stiga aylangan. Mu’tadad Ahmad Saraxsiyga yaqin sirlarini ham aytib, davlatni idora etish ishlarida u bilan maslahatlashar edi…“.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn Qiftiy olim qalamiga mansub yigirmadan ortiq asarlarning nomini keltiradiki, bu ro‘yxatni to‘liq deb bo‘lmaydi va uni boshqa mualliflar, jumladan, Ibn Nadim, Yoqut Hamaviy, Xoja Xaliyfalarning maʼlumotlari bilan to‘ldirish mumkin. Ahmad Saraxsiyning barcha risolalarining nomlarini zikr etish imkoniyati bo‘lmagani uchun, uning falsafa, fizika, musiqa, tabobat kabi fanlarga oid baʼzi asarlarining nomini keltirish mumkin: „Arkanu-l-falsafa“ („Falsafa prinsiplari“), „Kitob fi-ahdasi-l-javv“ („Atmosfera hodisalari haqida kitob“), „Kitob fi kavni-d-dabab“ („Tumanning mohiyati haqida kitob“), „Kitab manfaʼatu-l-jibal“ („Tog‘larning foydasi haqida kitob“), „Kitabu-l-masalik va-l-mamolik“ („Yo‘llar va mamlakatlar haqida kitob“), „Al-madxal ila sinaʼati-n-nujum“ („Astronomiyaga kirish“). Ahmad Saraxsiyning Bakuda saqlanayotgan bu risolasidagi Zuhal va Mirrix sayyoralarining bir-biri bilan uchrashish joyi haqida mulohazalari Abu Rayhon Beruniyning „Xronologiya“ asarida iqtibos qilinib, tanqid ostiga olingan. („Kitabu-l-arismatiqa fi-l-aʼdad“ „Arifmetika kitobi“), „Kitabu-l-musiqati-l-kabir“ („Musiqa haqida katta kitob“), „Kitabu-d-dalala ala asrori-l-g‘ina“ („Ashula aytish sirlariga yo‘riqlar“), „Al-madxal ila sinaʼati-t-tibb“ („Tabobatga kirish“). Ahmad Saraxsiyning 50dan ortiq asarlari maʼlum, ammo, ko‘pchiligi bizgacha yetib kelmagan.[1]
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Arkanu-l-falsafa“,
- „Kitob fi-ahdasi-l-javv“,
- „Kitob fi kavni-d-dabab“,
- „Kitab manfaʼatu-l-jibal“,
- „Kitabu-l-masalik va-l-mamolik“,
- „Al-madxal ila sinaʼati-n-nujum“,
- „Kitabu-l-arismatiqa fi-l-aʼdad“,
- „Kitabu-l-musiqati-l-kabir“,
- „Kitabu-d-dalalati ala asrori-l-g‘ina“,
- „Al-madxal ila sinaʼati-t-tibb“
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 600-602.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |