Prokat shartnomasi
Prokat shartnomasi – mulk ijarasi shartnomasining bir turi. Mulk ijarasining ushbu turi shartnoma maqsadi, sub’ektlar tarkibi, shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari, shartnoma ob’ekti bilan bogʻliq boʻlgan oʻziga xos xususiyatlarga ega[1]. Prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi sifatida tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari – yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirok etishi mumkin. Bunda ijaraga beruvchining faoliyati bir martalik boʻlmasdan, balki tizimli ravishda amalga oshiriladigan faoliyat boʻlishi lozim. Bunda ijaraga beruvchi faoliyati asosiy (masalan, prokat punktlari), shuningdek qoʻshimcha faoliyat (masalan, mehmonxonalar, dam olish zonalari, sport klublari) boʻlishi ham mumkin. Prokat shartnomasining narsasi faqat ko’char mol-mulk hisoblanadi. Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulk qoida tariqasida isteʼmol maqsadida taqdim qilinadi. Ushbu maqsadda masalan, uy-joy anjomlari, maishiy texnika, musiqa asboblari, video va audio texnika vositalari berilishi mumkin. Prokat shartnomasida agar majburiyat mohiyatidan boshqa hol anglashilmasa, mol-mulk isteʼmol maqsadida berilmasligi ham mumkin. Bunday hollarda prokat ob’ekti boʻlib masalan, asboblar, jihozlar hamda boshqa texnika vositalariboʻlishi mumkin.
Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulkni berish maqsadidan kelib chiqib, ijaraga oluvchi sifatida jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda yuridik shaxslar ham ishtirok etishi mumkin. Mazkur shartnoma konsensual, xaq baravariga tuziladigan va ikki tomonlama shartnoma hisoblanadi. Ijara shartnomasi har qanday holatda ham yozma shaklda tuziladi va bu holat uning oʻziga xos xususiyati sanaladi. Odatda, prokat shartnomasi boʻyicha ashyoni berish majburiyati patta taqdim qilish asosida rasmiylashtiriladi.
Prokat shartnomasi ommaviy hisoblanadi. Sababi, doimiy tadbirkorlik faoliyati sifatida mol-mulkni ijaraga berish xizmatini koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor oʻziga murojaat qiladigan har qanday shaxsga ushbu xizmatlarni koʻrsatishga majbur. Aks holda manfaatdor shaxs majburiy tartibda shartnoma tuzishni hamda prokat shartnomasi tuzishni rad etishi natijasida oʻziga etkazilgan zararlarni qoplashni soʻrab sudga murojaat qilishga haqli boʻladi.
Muddati
[edit | edit source]Prokat shartnomasi amal qilishining eng uzoq muddati bir yilni tashkil qiladi. Bu FK 540-moddasi qoidalarini eʼtiborga olgan holda, taraflar prokat shartnomasi muddatini mustaqil ravishda biroq, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga belgilashlari mumkinligini anglatadi. Agar shartnoma bir yildan ortiq muddatga tuzilgan boʻlsa, u holda mazkur shartnoma bir yil muddatga tuzilgan hisoblanadi. Agar prokat shartnomasida muddat belgilanmagan boʻlsa va taraflardan birontasi ham bir yil muddat oʻtgunicha shartnomadan voz kechmasa, u holda shartnoma bir yil oʻtgandan soʻng bekor boʻladi. FK 553-moddasida belgilangan umumiy qoidalardan farqli ravishda, FK 559-moddasiga koʻra ijarachiga prokat shartnomasini yangi muddatga qayta tuzishda imtiyozli huquq berilmaydi. Shuningdek, ijarchiga agar u shartnoma muddati tugagandan keyin ham ijaraga beruvchi tomonidan eʼtiroz boʻlmagan hollarda, mol-mulkdan foydalanishni davom ettirayotgan boʻlsa, unga mulk ijarasi shartnomasini nomuayyan muddatga qaytadan tuzish haqidagi qoidalar qoʻllanilmaydi. Shu bilan birga, prokat shartnomasi muddati tugagandan soʻng ijaraga oluvchi umumiy asoslarda yangi muddatga shartnoma tuzishga haqli.
Shartnomani bekor qilish
[edit | edit source]FKning 237-moddasiga muvofiq, majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Ushbu umumiy qoidadan istisno tariqasida prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchi istagan vaqtda shartnomani bajarishni rad etishga haqli. FKning 382-moddasiga asosan ijaraga oluvchi shartnomadan bir tomonlama bosh tortgan hollarda prokat shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi. Prokat shartnomasini bajarishni bir tomonlama rad qilish qoida tariqasida, mol-mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish amalga oshiriladigan shaklda ifodalanishi lozim. Aks holda shartnomaning amal qilishi davom etadi va bunda ijaraga oluvchi amalda mol-mulkdan foydalanayotganligi yoki foydalanmayotganligi ahamiyatga ega boʻlmaydi hamda mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlash tegishlicha mol-mulk ijaraga oluvchi egaligida boʻlgan butun davr uchun toʻlanishi lozim.
Ijaraga beruvchining qoʻshimcha majburiyatlari
[edit | edit source]FK 558-moddasi birinchi qismiga assosan, prokat shartnoma boʻyicha ijaraga beruvchi oʻz faoliyatini amalga oshirishda mutaxassisi ekanligini hisobga olgan holda, qonun tomonidan unga mol-mulkni ijaraga beruvchiga topshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha majburiyatlarni yuklaydi. Ushbu majburiyatlar birinchi navbatda ijaraga oluvchining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Qoidaga muvofiq, ijaraga oluvchi ijaraga beruvchidan farqli ravishda ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish boʻyicha maxsus bilimlarga ega emas. Ushbu majburiyat shuningdek, murakkab ashyolardan toʻgʻri foydalanishni hamda uni ehtiyotsizlik natijasida shikastlanishini oldini olishni taʼminlashga qaratilgan. Ijaraga oluvchi tomonidan yuqorida koʻrsatilgan qoʻshimcha majburiyatlarni bajarishi ijaraga beruvchi uchun ham, ijaraga oluvchi uchun ham muhim huquqiy ahamiyat kasb etadi. Ijaraga beruvchi tomonidan ushbu majburiyatlarni bajarmaslik, kelgusida kamchiliklar aniqlangan hollarda ushbu kamchiliklar ijaraga oluvchi tomonidan foydalanish va uni saqlash qoidalarini buzilishi natijasida yuzaga kelganligini vaj qilib koʻrsatish huquqidan mahrum qiladi.
Haq toʻlash
[edit | edit source]Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlash ijaraga oluvchining asosiy majburiyatlaridan biri hisoblanadi va qonunda belgilab qoʻyilgan. Bunda shartnoma amalda boʻlgan butun davr mobaynida mol-mulk ijaraga oluvchi egaligida boʻladi. Prokat shartnomasi ommaviy shartnoma boʻlganligi bois, ijaraga beruvchining turli mol-mulklarini ijaraga oluvchilar soni koʻpchilikni tashkil qiladi. Prokat shartnomasi xususiyatidan kelib chiquvchi bu va boshqa holatlar ijaraga beruvchining qonuniy manfaatlari himoyalash zaruriyatini keltirib chiqaradi. Shu boisdan qonunda prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchidan mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqni undirishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan. Undiruv nizosiz tartibda notariusning ustxat yozuvi asosida amalga oshiriladi.
Prokat shartnomasida ikkilamchi ijara
[edit | edit source]Prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulk ikkilamchi ijaraga berilishiga, ijaraga oluvchi prokat shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishiga, bu mol-mulkni bepul foydalanish uchun berib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bundan tashqari, ijaraga oluvchining huquqlarini garovga qoʻyishga va ularni xo’jalik shirkatlari va jamiyatlarining ustav fondiga (kapitaliga) hissa tarzida, ishlab chiqarish kooperativlariga pay badallari tariqasida qoʻshishga ham yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu cheklovlar ham imperativ norma hisoblanadi, yaʼni taraflar kelishuvchi bilan mazkur qoida oʻzgartirilishi mumkin emas.
Qoʻshimcha maʼlumot
[edit | edit source]Prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchi qoida tariqasida, ijaraga olingan mol-mulkni saqlash uchun zarur boʻlgan bilim hamda texnik vositalarga ega boʻlmaydi. Undan farqli ravishda ijaraga beruvchi doimiy ravishda yuridik va jismoniy shaxslarga mol-mulkni ijaraga berish xizmatlarini koʻrsatadi va shu sababli oʻz faoliyati sohasida mutaxassis boʻlishi lozim. Prokat shartnomasiga doir munosabatlar xususiyatidan kelib chiqib, ijaraga topshirilgan mol-mulkni kapital va joriy taʼmirlash ijaraga beruvchi zimmasiga yuklatilgan. Bu imperativ norma boʻlib, prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga topshirilgan mol-mulkni kapital va joriy taʼmirlash ijaraga oluvchi zimmasiga yuklatilishi mumkin emas. Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulk qoida tariqasida, isteʼmol maqsadida, yaʼni ijaraga oluvchi tomonidan shaxsan foydalanishni nazarda tutadi. Shu boisdan qonunda ijaraga oluvchi uchun ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf etish bilan bogʻliq cheklov belgilangan va u FK 546-moddasida belgilangan qoidadan istisno holat boʻlib hisoblanadi.
Manbalar
[edit | edit source]- ↑ Oqyulov O. Fuqarolik huquqi. TDYU nashriyoti, 2015 — 123-126-bet.