Nay
Turi |
Puflama musiqa cholgʻulari |
---|---|
Registri | |
1-oktava lya — 4-oktava re | |
Oʻxshash asboblar | |
Fleyta | |
Musiqachilar | |
Abduqodir naychi Ismoilov, Saidjon Kalonov, Abdulaxad Abdurashidov |
Nay (forscha: نى) — puflab chalinadigan oʻzbek milliy cholgʻu asbobi[1]. Shakli jihatidan fleytaga oʻxshaydi[2].
Nay sharq mamlakatlari va Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekistonda ham keng tarqalgan boʻlib, ansamblda, oʻzbek xalq cholgʻu asboblari orkestrida hamda yakka holda ham ijro etiladi[3]. Ovoz hajmi kenglidan xalq kuylarida, maqomlarda qoʻllanadi. Tovush baland boʻlganligidan ansamblda koʻproq boshlovchilik vazifasini bajaradi[4]. Kuy boshlanadigan pardaga bogʻliq holda nayga moslab boshqa cholgʻu asboblar sozlangan. Shuning uchun naydagi barmoqchalgʻich teshikchalar berkitilish soniga qarab milliy sozandalar orasida „besh qoʻl“, „toʻrt qoʻl“, „uch qoʻl“ deb nomlanuvchi sozlash turlari qoʻllangan[manba kerak].
Nay cholgʻu asbobi puflama musiqa cholgʻulari guruhiga kiradi[5]. Mevali yogʻochdan (yogʻoch-nay), bambukdan (bambuk-nay), oq misdan (mis-nay), latundan (brinj-nay) yasaladi. Nayda barmoq bilan bosiladigan 6 ta teshik boʻladi[4][6]. Nayning tovushqatori diatonik boʻlib, ikki yarim oktava (1-oktava lya notasidan 4-oktava re notasigacha) tovush koʻlamiga ega[4][6]. Yogʻoch va gʻarov naylarda asosiy teshiklari orasida 1 ta hamda quyi qismida yana 4 ta teshiklar mavjud. Bularning barchasi nay tovushiga chiroyli tus terish uchun ochilgan.
2-oktava lya notasidan yuqori pardalar nafas bosimini kuchaytirish yoʻli bilan hosil qilinadi. Sozandalar ijro davomida va ayniqsa yuqori tovushlarni hosil qilganda murakkab (asosiy pardalarda oʻrta barmoqlarni ochgan holda „vilochniy“) applikaturani qoʻllaydilar. Nay teshiklarini yarim ochgan holda esa xromatik tovushqator hosil qilish mumkin. Shuningdek, nayning puflanadigan teshigiga ijrochi labini pastroq yoki yuqori qoʻyishi natijasida tovushni yarim pardaga farq qildirish mumkin[6].
Oʻzbekistonda Abduqodir naychi Ismoilov, Saidjon Kalonov, Mahmudjon Muhammedov va bularning davomchilari Halimjon Joʻrayev, Abdulaxad Abdurashidov, Ahmadjon Sobirov, Tohir Qahhorov, Xurshid Oripov kabi sozandalar yetishib chiqqan[6].
Nay Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron va janubiy Xitoyda ham qoʻllanadi[4].
Manbalar
[edit | edit source]- ↑ O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4.
- ↑ Sputnik. „Muzыka Drevney Persii: kak zvuchit uzbekskaya fleyta nay“ (28-avgust 2019-yil). Qaraldi: 2-mart 2024-yil.
- ↑ UzReport.news. „Muzыkalьnыe instrumentы Uzbekistana predstavlenы v Mejdunarodnom karavan-sarae kulьturы Ikuo Xiroyamы“ (Ruscha) (18-aprel 2014-yil). Qaraldi: 2-mart 2024-yil.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 Akbar Ilyosov. Musiqa lug‘ati. Toshkent: "O‘qituvchi" nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN ISBN 5-645-04422-2.
- ↑ 2010; A.Lutfullayev. Cholgʻushunoslik. Toshkent: "Musiqa" nashriyoti — 120-bet.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 6,3 S.Begmatov; M.Matyoqubov. Oʻzbek anʼanaviy cholgʻulari. Toshkent: "Yangi nashr" nashriyoti, 2008 — 72-bet. ISBN 978-9943-330-13-9.
Havolalar
[edit | edit source]Wikimedia Commonsda Nay mavzusiga oid fayllar bor. |