Jump to content

Bilak tendovaginiti

From Vikipediya
Τενοντοθηκίτις_Αντίχειρος_De_Quervain,_ανατομία
Τενοντοθηκίτις_Αντίχειρος_De_Quervain,_ανατομία

Bilak tendovaginiti – tayanch-harakat apparatining keng uchraydihgan kasb kasalliklaridan biri hisoblanadi. U odatda, bir taxlitda tez takrorlanadigan, bir xil harakat qilib ishlovchi kishilarda kuzatiladi. Xastalik bir maromda qoʻl, panja harakati talab qiladigan chilangar, tokar, sayqallovchi, sut sogʻuvchilarda rivojlanadi[1]. Tendovaginit oʻng bilakning egiluvchan sathi yuzasida, koʻproq boldirning old yuzasida va mushaklarning surunkali zararlanishi natijasida axill paylar sohasida rivojlanadi[2].

Klinik manzarasi

[edit | edit source]

Kasallikning uch xil belgisi – bilak sohasidagi ogʻriq, shish va krepitatsiya belgilari farq qilinadi. Barmoqlar va bilak faoliyati susayadi[3]. Kasallikning boshlanishida qoʻl qattiq ogʻriydi, bemor charchab, holsizlanadi. Keyin bilakning ichki tarafida shish paydo boladi. Baʼzan birorta mushak zoʻriqqanda (masalan, dastak bilan ishlaganda) kasallik ogʻirlashadi. Bunda bilakda toʻsatdan shish paydo boʻlib, noxush alomat – krepitatsiya aniqlanadi va qoʻ1 ishlamay qoladi. Kasallik odatda bir aʼzo (aksariyat oʻng qoʻl)da rivojlanadi va 10- 15 kunga choʻziladi. Kasallik qaytalanish (retsidiv)ga moyil boʻlib, surunkali turiga, yaʼni fibroplastik tendomiozitga oʻtadi va mehnat qobiliyatining turgʻun pasayishiga olib keladi.

Davolash usuli

[edit | edit source]

Asosiy davo qoʻlni ehtiyot qilish, yaʼni uni maʼlum vaqtga qadar harakatlantirmay qoʻyish (immobilizatsiya)dir. Shu maqsadda 10-12 qavat qilingan gipsli bint bilan gipsli langet qoʻyish tavsiya etiladi. Bogʻlam bilak va barmoqlarning tirsak yuzasiga qoʻyiladi. Bu kasallikni davolashda M. A. Elkin[4] ishlab chiqqan quyidagi bosqichma-bosqichli sxema qoʻllanadi:

  1. Kasallik aniqlangan zahoti bilakka 0,5 foiz 8 – 10 ml novakain eritmasidan yuborilib (novokainli blokada), gipsli bogʻlam qoʻyiladi.
  2. 2 – 3 kun oʻtgach ogʻriq bosilmasa, ogʻriq bezovta qilaversa va krepitatsiya yoʻqolmasa, takror novokainli blokada qilinadi[5].
  3. 3 – 4 kundan boshlab issiq qoʻyish (isituvchi kompress) va UVCH tavsiya etiladi, bunda vaqtinchalik gipsli bogʻlam olib tashlanadi, 4 – 6 marta parafin yopishtiriladi.
  4. 5 – 6 kundan boshlab qisqa muddatli panja-bilak boʻgimi va barmoqlar harakat qildiriladi.
  5. 6 – 7-kunlari gipsli bogʻlam qoʻyiladi va barmoqlar kuchliroq harakat qildiriladi.
  6. 7 – 9-kunlari barcha kasallik belgilari yoʻqolgan bemorlarga ishga chiqishga ruxsat beriladi va 5 – 1 0 kun yengil vazifalarda ishlash tavsiya etiladi.

Vrachlik maslahat komissiyasining maʼlumotnomasi boʻyicha bemor butunlay tuzalib ketgandagina avvalgi vazifasida ishlashga ruxsat beriladi.

Profilaktikasi

[edit | edit source]

Eng avval ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish lozim. Dam olish va ishlash tartibiga qatʼiy rioya qilish, ish vaqtida oz boʻlsa-da dam olib turish, ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shugʻullanish, mehnatni toʻgʻri tashkil qilish yaxshi natija beradi.

Manbalar

[edit | edit source]