Kolumbiya
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kolumbiya Respublikasi República de Colombia
| |
---|---|
Shior: Libertad y orden (Ispancha: Ozodlik va Intizom) | |
Madhiya: ¡Oh, Gloria Inmarcesible! | |
Poytaxt | Bogota |
Rasmiy til(lar) | Ispancha |
Hukumat | Prezidentlik Respublika |
Juan Manuel Santos | |
Mustaqillik (Ispaniyadan) | |
• Sana |
20-iyul 1810 |
Maydon | |
• Butun |
1,138,910 km2 (26-oʻrin) |
• Suv (%) |
8.8 |
Aholi | |
• 2002-yilgi roʻyxat |
42,954,279 (28-oʻrin) |
• Zichlik | 37/km2 |
YIM (XQT) | 2005-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$303,700 mil. (31-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$7,070 |
Pul birligi | Unidad de Valor Real (COU) |
Vaqt mintaqasi | UTC−5 |
• Yoz (DST) |
UTC−5 |
Qisqartma | CO |
Telefon prefiksi | 57 |
Internet domeni | .co |
|
Kolumbiya (Colombia), Kolumbiya Respublikasi (República de Colombia) — Janubiy Amerikaning shimoli-gʻarbida joylashgan davlat. Maydoni 1138,9 ming km². Aholisi 46,370 mln. kishi (2012). Poytaxti — Bogota (Santa-Fe-de-Bogota) shahri. Maʼmuriy jihatdan 32 departament va poytaxt okrugiga boʻlinadi.
Davlat tuzumi
K. — unitar respublika. Amaldagi Siyosiy konstitutsiyasi 1991-yil 4-iyulda qabul qilingan. Davlat va hukumat boshligʻi — prezident. U umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 4 yil muddatga saylanadi. Ikkinchi muddatga saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni kongress amalga oshiradi. Kongress ikki palata: senat va vakillar palatasidan iborat. Ijrochi hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati
K.ning sharqiy va shimoliy qismi pasttekislik, gʻarbida And togʻ tizmalari bor. And togʻlarining K.dagi qismi 3 asosiy tizma (Gʻarbiy, Markaziy va Sharqiy Kordilyera) dan iborat. Ularni Magdalena daryosi (Kauka va Patiya irmoqlari bilan) bir-biridan ajratib turadi. K.ning eng baland joyi — Kristobal-Kolon togʻi (5800 m). And togʻlarining gʻarb va shimoliy da Tinch okean va Karib boʻyi botqoqlashgan pasttekisliklari bor. Sharqiy qismidagi pastroq platolar Amazonka pasttekisligiga tutashib ketadi. Bir necha sungan va soʻnmagan vulkanlar (Uila 5750 m, Ruis 5400 m, Tolima 5215 m va boshqalar) bor. K.da neft, tabiiy gaz, toshkoʻmir, mis va temir rudalar, rangli va asil metallar, uran, zumrad konlari koʻp.
K. ekvatorial iqlim mintaqasida joylashgan. Pasttekisliklarda oʻrtacha oylik temperatura 29°, 1000–2000 m balandlikdagi togʻlarda 17—22°, 4000 m dan balandda 7° dan oshmaydi. Yillik yogʻin 1000–4000 mm. Shimoli-sharqida 200 mm gacha, Tinch okean pasttekisligida va unga tutash togʻ etaklarida 10000 mm gacha. Daryo koʻp, yiriklari: Magdalena, Kaketa, Putumayo, Guavyare, Meta va boshqa Yuklarning 95% Magdalena daryosida tashiladi. Pasttekislik va togʻ etaqlaridagi qizilsariq laterit tuproqli yerlarda nam tropik oʻrmonlar bor, qizil tuproqli yerlar savanna (lyanos) bilan qoplangan. Shimoli-sharqda buta va kaktuslar oʻsadi. Togʻ tepalarida oʻtloqlar (paramos), choʻqqilarida doimiy qorlar bor. Oʻrmonlarda maymun, yaguar, chumolixoʻr, tapir, yalqov, kaltakesak; qushlardan tunan, kolibri va toʻtilar, daryolarda timsoh uchraydi. Milliy bogʻlari: Chiribikete, Paramilo, Syerra-Nevada-de-Santa-Marta.
Aholisining aksari kolumbiylar. Ular indeys, ispan, negrlarning qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Keyinroq Italiya, Germaniya va Gʻarbiy Yevropaning boshqa mamlakatlaridan kelgan muhojirlar qoʻshilgan. 700 mingga yaqin indeys bor. Rasmiy tili — ispan tili. Xristianlikning katolik mazhabiga eʼtiqod qiladi. Aholining 67% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Bogota, Medelin, Kali, Kartaxena.
Tarixi
Hozirgi K. hududida qadimdan indeys qabilalari yashab kelgan. K. hududiga 1499-yilda ispanlar kelgan. 1530-yillarda ular K.ni bosib olib, mustamlaka tartibini oʻrnatdilar va mamlakatni Yangi Granada deb atadilar. 1718-yildan Yangi Granada vitse-qirolligiga aylantirildi. 1739-yil Yangi Granada vitse-qirolligi K.dan tashqari hozirgi Ekvador, Panama va Venesuela hududlarini qoʻshib oldi. Mahalliy aholi ispan bosqinchilariga qarshi bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtardi. Shulardan eng yirigi 1781-yilgi qoʻzgʻolon boʻldi. Mustaqillik uchun kurash 1810-yildan yanada kuchaydi. 1816-yil may oyida ispan armiyasi qoʻzgʻolonni shafqatsiz bostirdi. Birok, qoʻzgʻolonchilar 1819-yil fevralda mustaqillikka erishgan Venesuela vatanparvarlari yerdamida ispan qoʻshinlarini tor-mor etdilar. 1819-yil dekabrda Yangi Granada, Venesuela va Ekvador birlashib, Buyuk Kolumbiya federativ respublikasi tuzilganligi S. Bolivar prezident) eʼlon qilindi. 1830-yil Buyuk Kolumbiya federativ respublikasi parchalandi, Venesuela, Ekvador va Yangi Granada (Panama bilan birga) mustaqil davlatlari tashkil topdi. 40-yillarda mamlakatda Konservativ (yirik zamindorlar) va Liberal (burjua) siyosiy partiyalar vujudga keldi.
1851-yil Yangi Granadada qulchilik bekor qilindi. 1863-yildan mamlakat K. Qoʻshma Shtatlari, 1886-yildan K. Respublikasi deb ataldi. Partiyalar oʻrtasidagi raqobat mamlakatda fuqarolar urushiga ("Ming kunlik urush", 1899— 1902) sabab boʻldi. 1903-yil Panama K.dan ajralib, mustaqil davlatga aylandi. 1929—33 yilgi jahon iqtisodiy turgʻunligi K. iktisodiyotiga ancha putur yet-kazdi. 1934-yil K.da baʼzi ilgʻor islohotlar (bepul taʼlim va boshqalar) oʻtkazildi. 1946-yildan K.da terrorchi diktatura oʻrnatildi. Barcha demokratik kuchlar qattiq taʼqib qilindi. Xalqning demokratik gʻalabalarini tugatish siyosati oʻtkazila boshladi. 1948-yilda xalq qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻzgʻolon bostirilgach, konservatorlar hukumati liberallarga qarshi fuqarolik urushi boshladi, natijada 200 ming kishi nobud boʻldi. Maʼmurlar terroriga qarshi partizanlik harakati kuchaydi. Konservatorlar hokimiyatni saqlab qolishga intilib, 1953-yil davlat toʻntarishi uyushtirdi va harbiy diktatura oʻrnatdi. 1957-yilda umumxalq kurashi natijasida diktatura barham topdi.
Konservatorlar bilan liberallar "sherikchilik" asosida "Milliy jabha" blokini tuzdilar (1957—74). Ammo ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hal boʻlmay qolaverdi. Liberallar hukumati 1974—78 yillarda bir qator ilgʻor islohotlar oʻtkazdi. 1978-yil saylovda liberallar rahbari X.S.Turbay Ayyala gʻalaba qozonib, prezident lavozimini egalladi. 1998-yil prezident saylovida konservatorlar vakili A.P.Arango prezident, liberallar vakili G.B.Lesmus esa vitse-prezident etib saylandi. K. — 1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 20-iyul — Mustaqillik kuni (1810).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari
Liberal partiya, 1815-yilda asos solingan; Sotsial-konservativ partiya, 1848-yilda tuzilgan; K. kommunistik partiyasi, 1930-yilda asos solingan; Milliy najot harakati partiyasi, 1990-yilda Sotsial-konservativ partiyadan chiqqan siyosiy arboblar tomonidan tuzilgan; Milliy xalq ittifoqi, 1964-yilda asos solingan; Demokratik alyans partiyasi, 1990-yilda tuzilgan. Kasaba uyushma birlashmalari: Demokrat mehnatkashlar umumiy konfederatsiyasi, 1971-yilda tuzilgan; K. demokrat mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1988-yilda tuzilgan; K. mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1934-yilda tuzilgan; Mehnatkashlar unitar kasaba uyushma markazi, 1986-yilda tuzilgan.
Xoʻjaligi
K. — agrar-industrial mamlakat. Janubiy Amerikadagi iqtisodiy barqaror, uzluksiz rivojlanayotgan mamlakatlardan biri. Oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturida importga erk berish, samarasiz davlat korxonalarini xususiylashtirish, xorijiy sarmoyani jalb etish koʻzda tutilgan. Mehnatga layoqatli aholining 33% qishloq xoʻjaligida, 23% sanoatda, 20% xizmat sohasida mashgʻul. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 27%, qishloq xoʻjaligining ulushi 22%.
Sanoati
K.ning boy tabiiy resurslari asosida konchilik sanoati rivojlangan. Neft va temir rudasi qazib olish yetakchi sanoat tarmoqlaridir. Tabiiy gaz, toshkoʻmir, oltingugurt, nikel, oltin, platina, kumush, zumrad ham qazib olinadi (jahondagi zumradning 90%). Oziq-ovqat sanoati, asosan, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, poyabzal, ichimlik ishlab chiqarish sohalari, tikuvchilik, toʻqimachilik, metallni qayta ishlash alohida oʻrin oladi. Metallurgiya, neftni qayta ishlash, kimyo va neft kimyosi sanoati rivojlangan. Avtomobil, televizor va radiopriyomniklar yigʻadigan, stanok, sement, qogʻoz ishlab chiqaradigan zavodlar bor. Hunarmandchilikning ham salmogʻi katta. Oʻrmonlarda qimmatbaho nav yogʻoch tayyorlanadi. Yiliga 25,6 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Hosil qilinadigan elektr energiyaning 75% gidroelektr styalariga, 25% koʻmir bilan ishlovchi elektr stansiyalariga toʻgʻri keladi.
Qishloq xoʻjaligi
Dehqonchilik — qishloq xoʻjaligining asosi. Kofe — mamlakat qishloq xoʻjaligining muhim mahsuloti. Kofe eksport qilish sohasida dunyoda Braziliyadan keyin 2-oʻrinda turadi. Mamlakat mehnatga layoqatli aholisining salkam 40% kofe yetishtirish bilan bevosita yoki bavosita bogʻliq tarmoqlarda band. Eksport uchun kakao doni, paxta, banan, tamaki, mahalliy ehtiyoj uchun makkajoʻxori, kartoshka, sholi, bugʻdoy, arpa, maniok, soya, noʻxot, shakarqamish yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, koʻy, choʻchqa boqiladi. Baliq ovlanadi. Qishloq xoʻjaligi mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirmaydi.
K.da asosiy transport turi — avtomobil. Transport yoʻli uzunligi — 3,4 ming km, avtomobil yoʻli oʻz. — 129 ming km. Asosiy dengiz portlari: Barrankilya Buenaventura, Tumako, Kartaxena, Santa-Marta. Bogotada Eldorado xalqaro aeroporti bor.
K. chetga kofedan tashqari neft va neft mahsulotlari, kimyoviy mollar, qora metallurgiya mahsulotlari, zumrad chiqaradi. Chetdan sanoat asbob-uskunalari, transport vositalari, xom ashyo, isteʼmol va oziq-ovqat mahsulotlari keltiradi. Savdo-sotikdagi asosiy mijozlari: AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, Lotin Amerikasi mamlakatlari. Pul birligi —K. pesosi.
Tibbiy xizmati
Bemorlarga, asosan, xususiy tarzda xizmat koʻrsatiladi. Vrachlar 9 ta oliy oʻquv yurtining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari
7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarning oʻqishi bepul va majburiy. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 5 yil, oʻrta maktabda 6 yil Davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham mavjud. Mutaxassislar hunar-texnika bilim yurtlari va ped. oʻquv yurtlarida, oliy oʻquv yurtlarida tayyorlanadi. Mamlakatda 200 dan koʻproq oliy oʻquv yurti, shu jumladan, 25 davlat va 35 xususiy universitet bor. Eng yirik oliy oʻquv yurtlari: Bogotada K. Milliy universiteti (1867-yilda asos solingan), Valye universiteti (1945), Xaverian xususiy katolik universiteti va boshqa Ilmiy muassasalari: K. tarix akademiyasi(1902), K. yuridik fanlar akademiyasi (1894), Tibbiyot fanlari akademiyasi (1890) — hammasi Bogotada; Kartaxena, Medelin, Tunxa va boshqa shaharlarda tarix akademiyalari, bir qancha ilmiy jamiyatlar ishlaydi. Bogotada Milliy kutubxona, Medelinda universitet kutubxonasi, Bogotada Milliy universitet kutubxonasi va boshqa bor. Muzeylari: Milliy, Mustamlaka davri sanʼati, Milliy antropologiya, Milliy arxeologiya muzeylari, Oltin buyumlar muzeyi, S. Bolivar muzeyi — (hammasi Bogotada), Medelindagi tabiiy fanlar muzeyi va universitet muzeyi.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. K.da 30 ga yaqin kundalik gaz. nashr etiladi. Eng yiriklari: "Ekspektador" ("Kuzatuvchi", 1887-yildan), "Tyempo" ("Vaqt", 1911-yildan), "Pays" ("Mamlakat", 1950-yildan), "Nuevo siglo" ("Yangi asr", 1932-yildan), "Kolombiano" ("Kolumbiyalik", 1912-yildan). Ankol hukumat axborot agentligi ishlaydi. Kolprensa milliy axborot agentligiga 1980-yilda asos so-lingan. Radioeshittirish 1929-yil dan, telekursatuv (toʻla davlat tasarrufida) 1954-yildan ishlaydi. Mamlakatda hammasi boʻlib 200 ga yaqin radiostansiya, 50 telestudiya bor.
Adabiyoti ispan tilida. Dastlabki yilnoma va hikoyalar 1519-yilda paydo boʻlgan. Adabiyot, ayniqsa, 19-asr boshlarida gurkirab rivojlandi. Milliy ozodlik va mustaqillik uchun kurash yillari (1810—26)da vatanparvarlik ruhidagi klassitsizm adabiyoti ravnaq topdi (K. Torres, L. Vargas Texad, X.M.Salasar va boshqa ijodi). X. X. Ortiye, X.E.Karo, X.Arboled, R.Pombo, F.Peres, X.M.Samper va boshqa yozuvchilar indeys qabilalarining oʻtmish hayotini madh etuvchi asarlar yozdilar. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida "Yelkan ramzi", "Arboledlar jamiyati" va boshqa toʻgaraqlarda uyushgan X.A.Silva, M.A.Osodio va boshqa shoirlar ijodida modernistik mayllar qaror topdi. Birinchi jahon urushidan soʻng K. adabiyotida "avangardizm" paydo boʻldi. "Konrod epopeyasi" dostonining muallifi — A.M.Mutis, L.K.Lopes va boshqa ijtimoiy sheʼriyat anʼanalarini rivojlantirdilar. Nasrda ijtimoiy tanqidchilik kuchaydi. A.Lopes de Mesa, X.Restrepo Karamilo, D. Arango Vems va boshqa ijodida kishilarning tabiat bilan toʻqnashuvini tasvirlash asosiy mavzu boʻldi. X.A.Osorio Lisarasoning shaxtyorlar hayoti hamda mehnatini tasvirlovchi "Yer ostidagi odam" va taraqqiyparvar arbob Gaytan oʻlimi toʻgʻrisidagi "Nafrat kuni" romanlari K. nasrining yutugʻihisoblanadi. 50-yillarda koʻproq partizanlar qarakatiga bagʻishlangan asarlar turkumi ("zoʻravonlik haqida romanlar") paydo boʻldi. G.G.Markesning "Yolgʻizlikning yuz yili" romani K. nasri rivojida muqim rol oʻynaydi. X.Pardo Gersia, K.Kastro Saavedra va boshqa oʻz asarlari bilan K. sheʼriyatiga salmoqli hissa qoʻshdilar.
Meʼmorligi
Hozirgi K. hududida toshdan qurilgan ibodatxona va istehkomlarning vayronalari topilgan. K. ispanlar tomonidan bosib olingach, 15-asr oxiri va 16-asrda indeys manzilgohlari oʻrnida Kartaxena, Bogota, Tunxa kabi shaharlar barpo etildi, ularning markazida toʻgʻri burchaqli kucha va maydonlar qurildi, shaqlan koʻrimli va sipo binolar tiklandi. 16-asr oʻrtasidan 17-asr oʻrtalarigacha italyan uygʻonish davri meʼmorligi "mudehar" uslubi unsurlari bilan birga qoʻshildi. 16—18-asrlarda gʻishtin uyli, toʻgʻri koʻchali shaharlar, monastir cherkovlari barokko va yangi mudehar uslubida qurildi. 20-asr boshlarida sanoat rivoji natijasida shaharlar koʻpaydi. 1930-yillardan AQSH va Braziliya meʼmorlik maktablari taʼsirida zamonaviy binolar koʻplab qurila boshladi. 1940— 70 yillarda yangi kvartallar, sanoat majmualari, bank, firma binolari, stadion, bozorlar koʻpgina shaharlarning koʻrkiga koʻrk qoʻshdi (Kartaxenadagi stadion, Bogotadagi Moderno gimnaziyasining kapellasi va boshqalar). Pekin mamlakatdagi turar joylarning koʻpchiligini loy va qamishdan ishlangan kulbalar tashkil etadi. Zamonaviy inshootlar orasida Bogotadagi "Tekendama" mehmonxonasi, "Filips Kolobiana" firmasining binosi ajralib turadi.
Tasviriy sanʼati
K. hududida qadimdan indeyslar madaniyati (kulollik buyumlari, oltin, kumush haykallar, tilla taqinchoqlar tayyorlash) rivojlangan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik va milodiy 1-ming yillik boshlarida San-Agustin madaniyati (Janubiy K. oʻrmonlaridagi tosh qaykalchalar, boʻrtma tasvirlar), bu madaniyatga yaqin Tyerradentro, Narino, Kalima madaniyatlari ham mavjud boʻlgan. 16-asrgacha markaziy va shimoliy viloyatlarda chibcha indeyslari madaniyati ravnaq topgan (oltin, mis, kumush zeb-ziynat buyumlari, haykalchalar, idishlar, toʻqimachilik, oʻymakorlik namunalari). 16—17-asrlarda mahalliy rassomlik maktabi vujudga keldi, diniy va hayotiy mavzularda asarlar yaratildi (portretlar, devoriy rasmlar). 19—20-asr boshlarida P.X.Figeroa, X.M.Espinosa kabi rassomlar xalqning mustaqillik uchun kurashi mavzularida asarlar yaratdilar. Keyingi yillarda ijtimoiy muammolarga qiziqish kuchaydi. P.N.Gomes Agudelo, I.Gomes Haramilo, M.Dias-Vargas, E.Martines, X.Rodriges Asevedo, L.A.Akunya kabi rassomlar, X.O.Betankur, R.Roso va boshqa haykaltaroshlar mashhur. 1930-yilda asos solingan K. Badiiy akademiyasi keyinchalik Bogota nafis sanʼat maktabiga aylantirildi.
Musiqasi
Ispan istilochilarining xotiralaridan maʼlum boʻlishicha, hozirgi Kolumbiya hududida yashagan indeyslarda harbiy musiqa yaxshi rivojlangan, ular gʻalabani musiqa va qoʻshiqlar bilan nishonlagan. Motam marosimlarida marhumning botirligini taʼriflovchi qoʻshiqlar aytilgan. Hosil yigʻimi, qabila boshligʻi uchun saroy qurilishi ommaviy raqs va qoʻshiq bilan yakunlangan. Bosqinchilar kelgach, indeys musiqasiga yevropacha unsurlar taʼsir eta boshladi.
K. musiqasida kreol, indeys, negr ohanglari qorishib ketgan. 17-asr boshlarida professional musiqa vujudga keldi va 18-asr oxiridan dunyoviy musiqa rivojlana boshladi. 1784-yil Bogotada birinchi puflama sozlar orkestri tuzildi. 19-asrning 40-yillarida K. musiqa sanʼatining rivojlanishida Italiya opera truppalari va K.da yashovchi Yevropa kompozitorlarining roli katta boʻldi. 19-asr boshlarida K.da yashagan ingliz E. Prays K. Filarmonik konsert jamiyatini, uning oʻgʻli J.Prays Milliy musiqa akademiyasini tashkil etdi (1882; 1910-yildan Milliy konservatoriya). A.Velasko, E.Salas, O.Sindichi (milliy madhiya muallifi), "Ester" va "Florinda" operalarining muallifi X. M. Ponse de Leon 19-asrning mashhur kompozitorlari hisoblanadi. Milliy simfonik orkestrning asoschisi — dirijyor G. Espinosa, kompozitorlar G. Uribe Olgin, A. Mariya Valensiya, qoʻshiqchi L. Masia, musiqashunos X. I. Pendromo Eskobar, X. B. Silva va boshqa 20-asrda K. musiqa madaniyatini rivojlantirgan ijodkorlardir. Bogotada opera teatri, milliy konservatoriya, folklorni oʻrganuvchi ilmiy tadqiqot markazi, "Folklor baleti" bor. K. milliy radiosi mumtoz va milliy musiqani targʻib qilish sohasida katta ish olib borayotir.
Teatri
18-asr oxirlarida Bogotada ilk bor teatr tomoshalari koʻrsatilgan. X.M.Salasar, L.Vargastexada, S.Peres, A.L.Gomes, A.Alvares Lyeras, L.E.Osorno va boshqa 19-asrda hamda 20-asr 1-yarmida koʻzga koʻringan K. dramaturglari hisoblanadi. 50-yillar oʻrtalarida K. teatrining faoliyati yaxshilandi, truppalar paydo boʻldi, festivallar oʻtkazildi. Milliy drama sanʼati maktablari tashkil qilindi. Zamonaviy teatr madaniyatining rivojlanishida Kalidagi Tajriba teatri, madaniyat uyi va "La mama" truppalari, shuningdek, Bogotadagi Xalq teatri muhim rol oʻynaydi. Universitet teatrlari ham keng yoʻlga qoʻyilgan (ular 1966-yildan festival oʻtkazib turadi). Zamonaviy mashhur dramaturglardan O.Dias, X.Salamea, K.X.Reyes va teatr arboblaridan E. Buenaventur, S. Garsia hozirgi K. teatri sanʼatini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshgan.
Kinosi
K.da dastlabki hujjatli filmlar ("San-Kristobal manzarasi", "Bogotada harbiy parad") 1907-yilda suratga olindi. 1910-yillarda voqeiy filmlar yaratishga kirishildi. 1914-yilda rejissyor F.Markoning "Ishonch tantanasi" toʻla metrajli yarim hujjatli filmi chiqarildi. "Aura yoki gunafshalar" (1923), "Antyokiya osmoni ostida" (1924), "Kondorlar uyasi" (1925) koʻngilochar va xajviy kinolentalari bilan badiiy filmlar yaratishga asos solindi. 1937-yilda aka-uka Aseveolar birinchi ovozli hujjatdi filmni yaratdilar. 1939-yildagi "Vodiy gullari" filmi dastlabki ovozli badiiy film boʻldi. 50-yillar oxiri va 60-yillarda milliy kino sanʼati yuksala boshladi. Ilgor ijtimoiy yoʻnalishdagi filmlar ("Tosh ildizlar", "Kolumbiyaning uch tarixi", "Achchiq yer", "Donaso" va boshqalar) yaratildi. Hujjatli kino rejissyorlaridan K.Alvares, X.Alvares, M.Bergas, G.Samper, X.Morante faoliyati milliy kinoning shakllanib, kamol topishiga katta taʼsir oʻtkazdi ("Kunlardan bir kun", "Demokratiya nima" va boshqa filmlar). Keyingi yillarda "Qachongacha" (rejissyor B.Ventura), "Firibgarlik" (rejissyor L.Sanches), "Toza qon" (rejissyor L.Ospina), "Diyorimiz ovo-zi: oʻtmish va kelajak" (rejissyor M. Rodriges, X.Silva) va boshqa filmlar muvaffaqiyat qozondi. 1960-yildan Kartaxenada Xalqaro kinofestivallar oʻtkazib turiladi. 1971-yil Bogotada kinematografiya instituti tashkil qilingan. Unda rejissyorlar, ssenariychilar, operatorlar tayyorlanadi. K.da 650 kinoteatr bor.[1]
Manbalar
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |