Kontent qismiga oʻtish

Sulaymon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sulaymon — Qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri, hukmdor. Mil. av. 965—928 yillarda IsroilIudeya podshohi boʻlgan. Dovudning oʻgʻli. 13 yoshida taxtga oʻtirgan. Yetuk bilimli, har bir ishda hukm chiqarishda otasidan koʻra olimroq boʻlgan. Allohning amriga ko'ra u jamiki insu jin, hayvonlar va parrandalar olamiga podshohlik qilgan, qushlar tilini tushungan. Shamollar ham uning ixtiyorida boʻlib, S. farmoniga koʻra, u xodit bildirgan joyda esardi. Dovudga berilgan moʻʼjizalardan biri mis koni edi, deb zikr qilinadi: paygʻambar izmidagi jinlar oʻsha misdan uning xohlagan narsasini yasab berishar ekan. Jinlarning Sulaymonga qasrlar bunyod etgani, dengiz tubidan duru javohirlar olib chiqib bergani zikr etiladi. Sulaymon oʻz qoʻl ostida bir necha xil qushlarni tarbiya qilardi. Bular orasida hudhud (sassiqpopishak) ham boʻlib, u Yamanning Sabo shahridan quyoshparast malika Bilqis haqida xabar keltiradi. Sulaymon Bilqisga maktub yoʻllab, uni yolgʻiz Allohga itoat etishga daʼvat etadi (Naml surasi, 20—37oyatlar).

Sulaymon otasining vasiyatiga koʻra, Aqso masjidini qurdirdi (qarang Almasjid alAqso). Sharq va Gʻarbda bir qancha mamlakatlarni zabt etib, jahongir boʻldi. Sulaymonning oʻlimi bilan bogʻliq voqea jinlar, devlar gʻaybni — kelajakda roʻy beradigan voqea hodisalarni biladi, degan gumonlarni rad etadi: jon taslim qilgan Sulaymon tayangan hassani uzoq vaqt yogʻoch qurti yeb u yerga qulab tushmaguncha, jinlar Sulaymon vafot etganini bilmaganlar va paygʻambar ularga buyurgan vazifa — baland qasr bino qilish ishini davom ettiraverganlar (Sabaʼ surasi, 14oyat). Sulaymon yahudiy va xristian diniy adabiyotlarida Solomon nomi bilan maʼlum.

Adabiyot

  • Paygʻambarlar qissasi, T., 1993.