Noma
Noma (fors. — xat, maktub) — 1) xat, maktub, farmon, rasmiy yozishma yoki yozilgan narsa; 2) adabiy janr; Sharq mumtoz adabiyoti, xususan, oʻzbek va fors mumtoz adabiyotlarida yaratilgan, real yoki xayoliy toʻqima shaxsga asosan sheʼriy maktub tarzida yozilgan badiiy asar turi; 3) biror tarixiy shaxs yoki asar qahramonining sarguzashtlari, safar taassurotlari, ichki kechinmalari nazm yoki nasrda bayon etilgan har qanday (badiiy, ilmiy, memuar va boshqalar) asar turi. Masalan, Boburning Boburnoma, Muqimiyning Sayohatnoma, Shayxzodaning "Toshkentnoma" asarlari; 4) mazmunan murakkab, yirik epik asar; doston. Masalan, Firdavsiyning Shohnoma, Nizomiyning Iskandarnoma, Muhammad Solihning „Shayboniynoma“ asarlari[1][2].
Paydo boʻlishi (janr sifatida)
Faxriddin Gurgoniy (11-asr), Avhadiy Marogʻiy (1274—1338), Xoja Imod Kirmoniylar (14-asr) fors adabiyotida Noma janriga asos solib, uni rivojlantirganlar. Oʻzbek mumtoz adabiyotida Noma janrining paydo boʻlishi Xorazmiy nomi bilan bogʻliq. Uning "Muhabbatnoma" asari (1353—54) oshiqning maʼshuqaga yoʻllagan gʻazal shaklidagi 10 ta ishqiy maktubidan iborat. Keyinchalik Xorazmiyning „Muhabbatnoma“si taʼsirida yaratilgan Xoʻjandiyning „Latofatnoma“, Sayid Ahmadning „Taashshuqnoma“, Yusuf Amiriynnig "Dahnoma" asarlarida ham Noma janri anʼanalariga rioya qilingan: ularning barchasi bir xil vaznda, masnaviy shaklida yozilgan; barchasi ham 10 nomadan iborat. „Muhabbatnoma“, „Latofatnoma“, „Taashshuqnoma“ asarlarida Nomalar oshiq tilidan yozilgan bo‘lsa, „Dahnoma“dagi Nomalar ham oshiq, ham maʼshuqa nomidan yoʻllangan.
Alisher Navoiy va Zokirjon Furqatning oʻz doʻstlari va ustozlariga yozgan sheʼriy maktublarini ham keng maʼnoda Noma janriga kiritish mumkin[2].
Turkiy ildizlari
Nomaning ildizlarini xalq og‘zaki ijodida ko‘rish mumkin. „Alpomish“ dostonida nomaning ilk namunasi mavjud. Qalmoqlar yurtida qolgan Barchin o‘zining nochor ahvolini bayon etib, Hakimbekdan yordam so‘rab, unga noma yozadi va bu nomasini o‘nta navkar orqali yuboradi.
Noma janridan maʼlum tarixiy va ijtimoiy-siyosiy voqealar jarayonida ham istifoda etilgan. Miloddan oldingi III asrda Markaziy Osiyoda hukmdorlik qilgan Boting tangriqutning Xitoy malikasiga yozgan maktublari va malikaning Botir tangriqutga yozga javoblari maʼlum. Noma eski o‘zbek tilida bildirguluk so‘zi bilan ham ifodalangan. „O‘g‘uznoma“ dostonida O‘g‘uz xoqon barcha ellarning hukmdorlariga bildirguluk, yaʼni noma yuborib, bo‘ysunishni va o‘lpon to‘lashni talab etadi. Shu tariqa maʼlum ehtiyojlar tufayli paydo bo‘lgan xabarni ifodalash shakllari ham nomaning shakllanishiga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
O‘zbek adabiyotida
XIV asr oxiri va XV asr boshlarida oʻzbek mumtoz adabiyotida nomachilik janri keng rivojlandi. Maʼlumki, noma janri dastlab forsiy adabiyotda shakllangan. Misol sifatida diniy-tarixiy asar „Xudoynoma“, „Shohnoma“ kabilarini keltirish mumkin. Shundan keyin o‘zbek mumtoz adabiyotida ham noma janri keng qo‘llanila boshlandi. Dastlab, Xorazmiyning dunyoviy lirikani tarannum etgan „Muhabbatnoma“ asari dunyoga keldi. O‘zbek mumtoz adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, unda nomachilik janri faqat ishq-muhabbat tarannum etiladigan janr bo‘lib emas, axloqiy-taʼlimiy (didaktik) masalalar ham qalamga olingan. Xorazmiyning „Muhabbatnoma“ asari juda ko‘p sharqshunos olimlarning eʼtiborini o‘ziga qaratadi. Jumladan, A. M. Samoylovich, M. F. Ko‘prulizoda, A. M. Sherbak kabi xorij tadqiqotchilari bu borada qiziqarli ilmiy izlanishlar olib borishdi. Shuningdek, o‘zbek adabiyotshunoslaridan S.Qosimov 1950-yilda Xorazmiy ijodi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bulardan tashqari, N.Mallaevning „O‘zbek adabiyoti tarixi“da va boshqa manbalarda shoir haqida maʼlumot beriladi. Xorazmiy asardagi nomalar sonining oʻndan iborat bo‘lishini qayd etadi hamda „Muhabbatnoma“ning 2-bobi (nomasi)ni forsiy tilda yozishini taʼkidlaydi.
Asarning uyg‘ur yozuvidagi nusxasida o‘n birinchi noma mavjud emas. Asarning arab yozuvidagi qo‘lyozmasiga tayangan adabiyotshunos N.Mallaev „Muhabbatnoma“ning o‘n bir nomadan tuzilganligini qayd etadi. Darhaqiqat, „Muhabbatnoma“ning chop etilgan nusxalari o‘n bir nomadan tarkib topgan va ulardan uchtasi 4-, 8- hamda 11-nomalari fors-tojik, qolgan sakkiz maktub o‘zbek tilida. Aksariyat nomalar masnaviy nomadan tashqari, g‘azal, kichik soqiynomalarni ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, asar xotimasida „G‘azal“, „Munojot“, „Qitʼa“, „Xotimatul-kitob“, mustaqil mazmunga ega „Hikoyat“, „Iltimosin aytur“ kabi sarlavhalar ostidagi parchalar uchraydi. Asar fard bilan yakun topadi. Profesoor Natan Mallaev fikricha, birinchi noma tarkibida kelgan g‘azal Muhammad Xo‘jabek tilidan aytilgan ko‘rinadi[3].
Manbalar
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |