Olxoʻri
Olxoʻri, olu (Prunus) — raʼnodoshlar oilasiga mansub danakli meva daraxti yoki buta. 30 dan ortiq turi maʼlum. Eng koʻp tarqalgan turi oddiy O. boʻlib, togʻolcha bilan yovvoyi olxoʻri (tern)ning tabiiy chatishishidan kelib chiqqan deb taxmin kilinadi. Vatani — Kichik Osiyo, Kavkaz, Shimoliy Eron. Oʻzbekistonga Eron orqali keltirilgan. Hozir Oʻrta Osiyoda dastlab keltirilgan oq olu, sariq olu, qora olu va ulardan kelib chiqqan navlar tarqalgan. O. joy tanlamaydi. 2000 ga yaqin (Oʻzbekistonda 200 dan ortiq) navi bor. Oʻzbekistonda ekilish maydoni jihatidan danakli meva daraxtlari orasida oʻrikdan keyin turadi. Barglari ketma-ket, gullari yakka yoki 2—3 tadan oʻrnashgan, oq yoki koʻkish.
O. mevasi dumaloq, tuxumsimon, choʻzinchoq, 60—100 g, sariq, yashil, qizil, koʻkimtir-qora; mumgʻubor bilan qoplangan. Tarkibida 14—21% qand, 0,5—1,2% kislota, azotli moddalar va vitaminlar mavjud. Yangiligida yeyiladi, qoqi, konserva qilinadi, shar-batli ichimliklar, jem, murabbo, qiyom va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi.
O., asosan, payvandlab hamda ildiz bachkisidan koʻpaytiriladi. O. uchun eng yaxshi payvandtag togʻolcha. Koʻchati oʻt-qazilgach, 4—6-yili hosilga kiradi. Oʻzbekistonda mart-apr.da gullaydi, mevasi iyunning ikkinchi yarmidan sentabr oxirigacha pishadi. 20—25 yil yaxshi hosil beradi (daraxti 30–50 kg, ayrimlari 100 kg gacha); sovuqqa chidamli. Parvarishi danakli meva daraxtlarinikiga oʻxshash. Oʻzbekistonda Vengerka, Berton, Ispolin olxoʻrisi, Samarqand qora olusi, Vashington va boshqa navlari ekiladi.
Zararkunandalari: olxoʻri qurti, olma qurti.
Kasalliklari: klyasterosporioz va boshqa
Adabiyot
tahrir- Pomologiya Uzbekistana, T., 1983;
- Ribakov A. A., Ostrouxova S. A., Ozbekistan mevaçiligi, T., 1967.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |