O'rta Yevropa tekisligi
O‘rta Yevropa tekisligi- g‘arbda Reyn daryosining quyi oqimidan boshlanib, sharqda Sharqiy Yevropa tekisligigacha kenglik bo‘ylab cho‘zilgan. Tekislik shimolda Boltiq va Shimoliy dengizlar bilan, janubda esa Markaziy Yevropa tog‘lari bilan chegaralangan. Bu tekislik boshqa hududlardan relyefining tekisligi va tabiiy-geografik sharoitining bir xilligi bilan ajralib turadi, bu esa uni keng va barqaror hudud qiladi.[1]
Hududiy Bo‘linishi
tahrirO‘rta Yevropa tekisligining geomorfologik va tabiiy geografik ichki farqlari uning hududini uch qismga bo‘lish imkonini beradi.[2]
Shimoliy German pasttekisligi: Bu qism yassi va keng pasttekislikdan iborat bo‘lib, uning balandligi 100 metrdan oshmaydi. Buyuk Polsha pasttekisligi: Bu hududda yassi va biroz tepalikli relyef shakllari ko‘zga tashlanadi. Yutlandiya yarim oroli: Yarim orolning yer yuzasi yassi tekislikdan iborat, eng baland nuqtasi Iding-Skov tepaligida 173 metrgacha yetadi.
Geologik Tarixi
tahrirO‘rta Yevropa tekisligi Boltiq dengizi bilan paleozoyda burmalangan tog‘lar oralig‘idagi bukilmada hosil bo‘lgan. Perm davrida dengiz tagida bo‘lgan bu joylar kontinental rejim bilan bir necha marta almashib turgan. Bo‘r va paleogen davrlarida ham suv ostida qolib, dengiz yotqiziqlari to‘plangan. Neogen davrining oxirida kontinental rejimga o‘tgan.[3] To‘rtlamchi davrda relyefining shakllanishiga materik muzliklari ta’sir ko‘rsatgan. Materik muzligidan keyin yangi tektonik harakatlar natijasida yer yuzasining qaytadan pasayishi va transgressiyalar sodir bo‘lib, Shimoliy va Boltiq dengizlari vujudga kelgan.
Relyefi va Ko‘llar
tahrirShimoliy dengiz sohillarida parallel ravishda G‘arbiy va Sharqiy Friz orollari tizmasi, Yutlandiya yarim orolining g‘arbiy sohiliga yaqin hududlarda Shimoliy Friz orollar tizmasi cho‘zilgan. Friz orollari dyunalar gryadasidan tashkil topgan bo‘lib, ular yaqindagina quruqlikning cho‘kishi natijasida materikdan ajralgan.[4] Hududagi Dollart va Zeyder-Ze ko‘rfazlarining hosil bo‘lishi ham yangi tektonik harakatlar bilan bog‘liq. Tekislikning eng yirik ko‘llari Meklenburg va Mazur ko‘llarbo‘yi mintaqalari hisoblanadi.[5]
Iqlimi
tahrirO‘rta Yevropa tekisligi iqlimi mo‘tadil va dengiz iqlimiga ega. Yillik yog‘in miqdori 500-800 mm oralig‘ida o‘zgaradi. G‘arbda qishi yumshoq, sharqda sovuqroq va yog‘in miqdori kamayadi. G‘arbda qish ancha yumshoq bo‘lib, sovuqli kunlar deyarli bo‘lmaydi. Yanvarning o‘rtacha harorati +1°,-1°S ga, minimal harorat Amsterdamda −27°S kuzatilgan. Yozi salqin, bulutli kunlar ko‘p bo‘ladi. Iyulning o‘rtacha harorati +17°,+18°S. Sharqqa borgan sari yog‘in miqdorining kamayishi bilan birga qishi sovuqroq va yozi nisbatan issiqroq bo‘la boradi. Buyuk Polsha pasttekisligining sharqiy qismida yanvarning o‘rtacha harorati −4°S ni, iyulniki +18°,+19°S ni tashkil etadi. Qishda sovuqli kunlar soni oshadi, daryo suvlari muzlaydi, qor qoplami hosil bo‘ladi.
Gidrografiyasi
tahrirO‘rta Yevropa tekisligida gidrografik to‘r yaxshi rivojlangan. Barcha daryolar uning hududini janubdan shimolga tomon kesib o‘tib, Shimoliy va Boltiq dengizlariga quyiladi. Shimoliy dengizga quyiladigan daryolar estuariylar hosil qiladi, Boltiq dengizi havzasiga qaraydigan daryolar lagunalarga quyiladi. Tekislikning eng yirik daryolari Ems (371 km), Vezer (724 km), Elba (1165 km), Oder (907 km), Visla (1092 km) hisoblanadi. Visla daryosi G‘arbiy Karpat tog‘laridan boshlanib, Boltiq dengizining Gdansk qo‘ltig‘iga quyiladi. Elba daryosi o‘lka hududida emas, balki G‘arbiy Yevropada ham eng uzun daryolardan biri hisoblanadi. Bu daryolar asosan yomg‘ir suvlaridan va qisman tog‘lardagi qorlarning erishidan to‘yinadi. Barcha daryolar bir-biri bilan kanallar orqali tutashtirilib, yagona gidrografik to‘r tizimini hosil qilgan. O‘rta German, Kil, Vidgosh va boshqa kanallar bunga misol bo‘la oladi. Daryolar va kanallar juda katta transport ahamiyatiga ega.
Yovvoyi Hayvonot Dunyosi
tahrirO‘lka hududida o‘rmonlarning kesilishi va yerlarning maksimal darajada o'zlashtirilishi yovvoyi hayvonlar sonining keskin kamayishiga va ayrim turlarning yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lgan. Dashtlarga o‘xshash ochiq yerlarda esa kemiruvchi mayda cho‘l hayvonlarining soni ko‘payadi. Hozirgi paytda yovvoyi hayvonlarning ko‘plab turlari va ularning vakillari qo‘riqxonalarda va milliy bog‘larda muhofaza qilinmoqda.
Manbalar
tahrir- ↑ „Regions of Europe: Eastern Europe“ (2021-yil 10-may). 2023-yil 25-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 1-iyun.
- ↑ „Jordan Europa Regional“ (2014-yil 4-aprel). 2014-yil 4-aprelda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ „Population Division, DESA, United Nations: World Population Ageing 1950-2050“. 2022-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ Inge Lise Pedersen. „Jysk som litteratursprog“ [Jutlandic as literary language] (da). Peter Skautrup Centret.
- ↑ Bo Poulsen. „Stormfloden i 1825, Thyborøn Kanal og kystsikring“ [The flood in 1825, Thyborøn Channel and coastal protection] (da). danmarkshistorien.dk. Aarhus University (2019-yil 22-avgust). Qaraldi: 2020-yil 13-iyun.