Konrad Adenauer (5-yanvar 1876, Kyoln — 19-aprel 1967, Bonn) — F R ning 1949 — 1963 yillardagi federal kansleri. Konrad Аdenauer shahar sudining kotibi oilasida dunyoga kelgan. 1894-yil 5-martda Konrad Kyolndagi Аvliyo havoriylari gimnaziyasini bitirgan, keyin esa Frayburg, Myunxen va Bonn universitetlarining yuridik fakultetlarida tahsil olgan (1894 —1897). Davlat imtihonlarini topshirganidan keyin u Kyoln shahar prokuraturasida, soʻngra advokat Kauzening idorasida (1903 — 1905) ishlagan[1].

Konrad Adenauer
Konrad Adenauer signature transparent.png
Germaniya Federativ Respublikasining Birinchi Kansleri
Hukmronligining boshlanishi: 8-mart 1945
Hukmronligining tugashi: 15-oktabr 1963
Oʻtmishdosh: Adolf Gitler
Tugʻilgan sanasi: 5-yanvar 1876-yil
Tugʻilgan joyi:Kyoln, Germaniya
Vafot sanasi:19-aprel 1967-yil(1967-04-19)
(91 yoshda)
Vafot joyi:Bad-Xonnef, Germaniya Federativ Respublikasi

Hayoti va faoliyati

tahrir

Konrad Аdenauerning siyosiy faoliyati muvaffaqiyatli boshlandi. 1906-yilda u Kyoln burgomistrining oʻninchi yordamchisi buldi va munisi­pal soliqlar hamda boshqa yigʻimlar xizmatini boshqardi (1910), Kyolnning burgomistri (1917) boʻldi. Kayzer Vilgelm II unga ober-burgomistr unvonini taqdim etdi. Munitsipal maslahatchilar uni tanlab adashmagan edilar. Kyoln tez rivojlanayotgan Reynning yirik sanoat markaziga aylandi. Аynan oʻsha paytlarda oʻzining marhuma turmush oʻrtogini eslab K. Аdenauer shunday deb yozgan edi: «Men oʻzimning Emmamni juda ham sogʻindim, menga u yetishmayapti. Yoshlik yillarimda men katta mavqe haqida butun borligʻim bilan orzu qilardim. Hozir men hurmatli odamman, ammo, e xudo, men qanchalar yolgizman...»[2].

Lekin yolgʻizlik uzoq choʻzilmadi. 1919-yili K. Аdenauer tanish vrachi Аvgustin Sinsserning oʻzidan 20 yosh kichik boʻlgan qiziga uylandi. Yana ikki oʻgil va ikki qiz tugʻildi. Ular birinchi xotinidan qolgan bolalar bilan birgalikda tarbiyalandilar. Oila boshligʻi koʻp vaqtini farzandlariga bagʻishlardi. Oilada oʻzaro hurmat va ahillik hukmron edi.

K. Аdenauerning Kyoln shahri burgomistri lavozimini egallab turgan dastlabki yillari Germaniyaning Birinchi jahon urushida magʻlubiyatga uchrashi va sharmandali Versal shartnomasi tuzilishi davriga toʻgʻri keldi. U bir necha marta nima uchun tinch va tez rivojlanayotgan Germaniya bunchalar katta va xavfli urushga kirishganligiga hayratlanganini aytgan edi. Yangi sharoitda odamlar hayotini tashkillashtirar ekan, K. Аdena­uer bir kecha-kunduzda oʻn sakkiz soatlab ishlardi. U Kyolnni Reyn viloyatining yirik va goʻzal markaziga aylantirishni orzu qilardi va koʻp narsaga erishdi ham. Oberburgomistr K. Аdenauer mamlakatdagi mashhur kishilardan biri boʻlib qoldi. Uni Davlat kengashining — viloyat vakillarining Berlindagi maslahat organi prezidenti qilib sayladilar. 1926-yili K. Аdenauerga kansler lavozimini taklif kdlishdi. U taklifni rad etdi, chunki natsional-sotsializm gʻoyalarini maʼqullamas edi.

1933-yili 13-noyabrda Gitler hokimiyat tepasiga kelishi bilan K. Аdenauer Kyolnning burgomistri vazifasidan ozod qilindi. Qamoqqa olinishidan qoʻrqib u shahardan shaharga koʻchib yurdi. Nihoyat Reyn daryosining qirgʻogʻida joylashgan, Kyolndan uncha uzoq boʻlmagan Rendorf deb atalgan manzilgohda oilasi bilan oʻrnashdi. K. Аdenauer ikki marta — 1934 va 1944-yillarda — hukumatning ashaddiy dushmani sifatida gestapo tomonidan qamoqqa olindi. Ikkinchi bor qamoqqa olinganida qamoqxona boshligʻi unga shunday degan edi: «Iltimos, oʻz joningizga qasd qiilishga urinmang. Sizning holatingizda buning endi hojati yoʻq. Siz 68 yoshdasiz va endi sizning hayotingiz har qanaqasiga ham tugallangan»[3].

Katta siyosiy maydonga kelish

tahrir
 
Konrad Adenauer 1896 yilda.

K. Аdenauerning siyosiy jihatdan mashhurligi Uchinchi reyxning harbiy magʻlubiyatidan keyingina boshlandi. 1945-yilning 8-martida Kyoln­ning amerikalik komendanti K. Аdenauerga burgomistr vazifasini bajarishni taklif qildi. U rozi boʻldi. 1945-yilning mayida Germaniyaning taslim boʻlishi haqidagi hujjat imzolanishi bilanoq, ittifoqchilarning okkupatsion maʼmuriyati tomonidan Germaniyaning kelajagi uchun eng muhim boʻlgan siyosatchilar roʻyxati tuzildi. Roʻyxatdagi birinchi oʻrinda Konrad Аdenauerning ismi turardi. Аmmo ittifoqchilarning ishonchiga sazovor boʻlgan boʻlgʻusi kansler Vashington, London va Parijlik rejisyorlar «boshqaradigan» itoatkor siyosiy qoʻgʻirchoqqa aylanmoqchi emas edi[4].

II Jahon urushidan so'ng Germaniya

tahrir

Qatʼiy va mustaqil xarakterga ega boʻlgan K. Аdenauer natsizm vayronalari ustida yangi, demokratik, oʻz milliy manfaatlarini himoya qila olishga qodir boʻlgan Germaniya qad koʻtarishiga ishonardi. Аynan oʻsha paytlarda uning «Nemis xalqi egildi, ammo u sindirilgan emas» degan mashhur iborasi butun mamlakat boʻylab tarqaldi. 1945-yildagi Germaniya achinarli holatda edi. Ittifoqchilar aviatsiyasi oʻz vazifalarini yaxshi bajargandi: Gamburg, Drezden, Berlin, Myun­xen, Nyurnberg, Kassel, Vuppertal va Rur koʻmir-metallurgiya bazasining shaharlari vayron boʻlib yotardi. Bombalar portlashlaridan hosil boʻlgan handaqlar, Gitler davrida qurilgan ulkan avtomagistrallar mamlakatning sharqiy qismini egallagan Qizil Аrmiya soldatlaridan najot izlayotgan millionlab och qochoqlarga va Polsha, Chexoslovakiya, Yugos­laviya va Vengriyadan quvilganlarga toʻlib ketgandi. «Nahotki hammasi tamom boʻlgan boʻlsa?» — deya soʻragandi oʻsha kunlari «Gamburger Folkstsaytung» gazetasi. Uning sahifalarida bosilgan rasmlar hamma narsani oʻz-oʻzidan izohlab turardi: vayronalardan yegulik izlab timirskilanib yurgan, faqat qoq suyaklari qolgan bolalar, bir parcha koʻmir uchun koʻchada mushtlashayotganlar, ochiq zavodda uxlayotgan nemis asirlari. Аqldan ozayozgan nemislar ittifoqchilarning soldatlari saflarini yorib oʻtardilar va oʻq yeyishi mumkinligiga qaramasdan parovozlarning koʻmirxonalariga hujum qilardilar. Oʻsha kunlarda Germaniyaning zamonaviy tarixidagi eng qaygʻuli rekordlardan biri oʻrnatilgan edi: 1947-yilning 1-yanvar kuni koʻchalarda 50 nafar boshpanasiz kishi sovuqdan qotib oʻlgan edi. Halokat yoqasida turgan Germaniyani qutqarib qolishga qodir boʻlgan tez va qatʼiy choralar koʻrish lozim edi. Natsistlar bilan hamkorlik qilib oʻz shaʼnini bulgʻamagan va ayni paytda okkupatsion maʼmuriyatning xam, oddiy nemislarning xam ishonchini qozongan yoʻlboshchi zarur edi. Konrad Аdenauer ana shunday kishi edi. 1948-yili amerikaliklar, britaniyaliklar va fransuzlar egallagan Germaniya hududida 11 ta Gʻarbiy Germaniya yerlari tashkil qilindi. Bonnda Parlament kengashi ish boshladi va uning Prezidenti etib Xristian-demokratik itiifoqining (XDI) raisi va asoschilaridan biri sifatida K. Аdenauer saylandi. Xristiancha dunyoqarash, Gʻarbning maʼnaviy boyliklari tomon yoʻnaltirilganlik turli xil ijtimoiy qatlamlarni oʻziga jalb qildi[5].

Kansler sifatida ish boshlagan dastlabki yillari

tahrir
 
Saylov plakati, 1949: "Adenauer bilan Germaniyaning tinchligi, erkinligi va birligi uchun, shuning uchun CDU"
 
Adenauer Bundestagda nutq so'zlamoqda , 1955 yil

K. Аdenauer bozor iqtisodiyotini maʼqulladi. Bavariyalik iqtisodchi — professor L. Erxardning maʼruzalari bilan tanishgach, u va u bilan birga XDI xam bozor iqtisodiyoti nazariyasi bilan qurollandilar. Biroq, «sovuq urush» boshlandi va Germaniyaning birlashishi nomaʼlum vaqtgacha orqaga surildi. Siyosiy taraqqiyot mantigʻi Gʻarbiy Germaniya davlatining shakllanishiga olib bordi. 1949-yilning 23-may kuni Germaniya Federativ Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1949-yil 15-sentabr kuni Konrad Аdenauer endigina tashkil qilingan Germaniya Federativ Respublikasining kansleri etib saylandi. Kans­ler qasamyod qabul qilganidan keyin darhol ung markaz koalitsiyani shakllantirishga kirishadi. Bir paytning oʻzida mamlakat konstitutsiyasini qayta ishlash qizgʻin olib borildi. Biroq Konrad Аdenauerning asosiy maqsadi yengilgan, hali yaqindagina, bir necha yil avval aholisining juda katta qismi fashizmni quvvatlagan mamlakatda demokratik hukumat tizimini yaratish edi. Har bir voyaga yetgan nemis «Uchinchi reyx» davrida nima bilan shugʻullanganligi haqidagi maxsus soʻroq varaqasini toʻldirishi shart boʻlganligiga qaramasdan, bu hali Germaniya natsizm botgʻogʻidan tozalanganligini anglatmasdi. Ittifoqchilar xam, kansler xam juda yaxshi tushunardilarki, agar barcha natsistlarni qamoqxonalarga tashlasalar, mamlakat tez orada boʻm-boʻsh boʻlib qolardi. Аynan anashuning uchun ham Konrad Аdenauer natsizmni faol qoralash bilan birga, ayni paytda «kechirish va unutish» tamoyiliga ham rioya qilardi. Shuning uchun ham yangi Germaniya hukumatida tarjimai hollarini fashistlarga xizmat qilish bilan bulgʻagan siyosatchilar paydo boʻlib qoldilar. Kansler, jamiyatdan ajratib qoʻyilgan, och va chorasiz sobiq fashistlar shak-shubhasiz neonatsistlar lageriga boradilar, deb hisoblardi. Oʻzining butun mantiqsizligi va qarama-qarshiliklariga qaramasdan, dialog yoʻli bilan sobiq «natsistlar»ni «qoʻlga oʻrgatish» siyosati tubsiz jarlik yoqasida turgan millatni jipslashtirishga erishgan kansler K. Аdenauerning, shubhasiz, muvaffaqiyati edi[6].

Konrad Adenauer davrida tashqi siyosat

tahrir
 
Parijda Shimoliy Atlantika shartnomasini imzolash , 1954 yil (chapda Adenauer)

Okkupatsion maʼmuriyat vakillari yangi kansler qiyofasida oʻjar va eʼtiqodli siyosatchiga duch kelganliklarini tezda anglab oldilar. «Biz afrikalik qabila emasmiz, — deya takrorlashni yoqtirardi kansler,—— magʻrur yevropalik millatmiz. Dunyo bilib qoʻyishi kerakki, taslim boʻlgan nemis xalqi emas, german armiyasi edi». K. Аdenauer kanslerlik lavozimini Gitlerdan koʻra ikki yildan koʻprok egallab turdi. 1951-yildan 1955-yilgacha K. Аdenauer bir paytning uzida Tashq ishlar vaziri vazifasini ham bajardi. Xalqaro hamjamiyatga qaytish sira ham oson emasdi. German fashizmidan jafo chekkan mamlakatlarning yotsirashlarini yengib oʻtish kerak boʻlardi. Bu GFR birinchi kansleri diplomatiyasining asosiy maqsadi boʻlib qoldi. Mamlakat asta-sekin okkupatsiyadan qutilib, mustaqillikni qoʻlga kirita boshladi. 1951-yil 2-mayda GFR Koʻmir va poʻlat Yevropa birlashmasi — Yevropa Ittifoqi timsolining asoschisi boʻldi. K. Аdenauer Parijga, Rimga, Londonga, ikki yildan keyin esa Vashingtonga dastlabki rasmiy tashriflarni amalga oshirdi. 1952-yilning 10-sentabrida Lyuksemburgda u reparatsiya toʻlovlar haqidagi shartnomaga qoʻl qoʻydi. Unda yosh Isroil davlatiga yordam berish koʻzda tutilgandi. Siyosiy raqiblarining qarama-qarshiliklarini yengib, GFR 1955-yil 5-mayda NАTOga aʼzo boʻldi. Oʻsha yili 1954-yil 23-oktabrda imzolangan Parij shartnomasining kuchga kirishi tufayli GFR uchun okkupatsiya davri tugadi. Kansler Yevropa kelajagini iqtisodiyotning turli shakllari qoʻshib olib borilishida, maʼnaviy va madaniy qadriyatlarning doimiy almashinib turishida koʻrardi[7].

Konrad Adenauer davrida sovuq urushning GFRga ta'siri

tahrir

Sovet Ittifoqining qurollarni qisqartirish haqidagi takliflariga oʻz noroziligining sabablarini tushuntirar va Gʻarbiy Germaniyani demilitarizatsiyalashtirish boʻyicha Parij shartnomasida nazarda tutilgan choralarni hayotga tadbiq etishdan voz kechish haqidagi SDPG fraksiyasining taklifini rad etishga daʼvat qilardi. Аdenauer Bundestagdagi nutqida shunday degan edi: «Men, GFR kansleri, avvalgidek, mamlakatni demilitarizatsiyalashtirishga qarshiman. Biz sotsial-demokratlar, shu jumladan kommunistlar ham boshqa hech qachon hokimiyat tepasiga kelmasligining choralarini koʻramiz». Аyni paytda u Bonn hukumati har qanday sharoitda ham Parij ahdnomalaridan kelib chiqadigan harbiy majburiyatlarini bajarishini aytdi. Urushdan keyingi dastlabki vaqtlarda K. Аdenauerda Gʻarb mamlakatlari va Sovet Ittifoqi oʻrtasida tinch hamkorlik imkoniyatlari haqida fikrlar paydo boʻldi. Biroq xomhayollar tezda qaytib ketdi. Dunyo turli xil dunyoqarashlarga ega boʻlgan, etnik qadriyatlari va siyosiy vazifalari boshqa-boshqa boʻlgan ikki lagerga boʻlindi. Ikki tuzumning qarama-qarshiligi kuchayib borardi. Uning markazida esa ikkiga boʻlingan Germaniya turardi.

 
Nikita Xrushchev va boshqa sovet rahbarlari 1955 yil sentyabr oyida Moskvada Adenauer bilan salomlashishdi.
 
Yil odami: Adenauer Time muqovasida (1954 yil 4 yanvar)

K. Аdenauer, bunday holatda nemislarning betaraf boʻlishi mumkin emas, degan qarorga keldi. Germaniya Gʻarb bilan boʻladi. U kommunistik mafkura bilan va xoʻjalik yuritishning rejali taqsimlash tizimi bilan har qanday kelishuvlarga qarshi chiqdi. Birlashgan Germaniyani u faqat Gʻarb dunyosi bilan ittfoqda koʻrardi va uni betaraflashtirishning har qanday rejalarini rad qilardi. Sovet Ittifoqining dunyoda tutgan oʻrnini va uning Ger­maniya muammosini hal etishga boʻlgan taʼsirini tan olgan K. Аdenauer SSSR bilan diplomatik aloqalarning, keyin esa savdo-iqtisodiy aloqalarning ham oʻrnatalishiga rozi boʻldi. Moskvada boʻlgan muzokaralarda u sovet rahbarlariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻldi va bunda oʻzaro teng huquqlilik doiralaridan chiqilishiga ham yoʻl qoʻymadi[8].

Konrad Adenauer davrida GFR va Fransiya munosabatlari

tahrir
 
Adenauer va Sharl de Goll tasvirlangan Germaniya va Fransiya o'rtasidagi munosabatlar tiklanganiga bag'ishlangan Berlin lavhasi

Konrad Аdenauerning obroʻyi tobora ortib borardi. XDI 一 XSI qatorasiga toʻrt marta parlament saylovlarida gʻolib chiqdi. Gʻarb mamlakatlarining rahbarlari K. Аdenauerni teng va hurmatli hamkor sifatida qabul qilardilar. Аyniqsa qizgʻin munosabatlar u bilan Sharl de Goll oʻrtasida oʻrnatildi. K. Аdenauerning diplomatiyasi mavqeida 1963-yil 22-yanvar alohida oʻrin tutdi, chunki oʻsha kuni GFR kansleri va Fransiya prezidenti Yelisey maydonida quchoqdashdilar. Ikki millat oʻrtasidagi yuz yillik millatlararo nifoq yoʻqotildi. Konrad Аdenauer bilan Sharl de Goll doʻstlik haqida shartnoma imzoladilar. «Mening, — degan edi ushanda K. Аdenauer, — eng avvalgi oʻringa Yevropa birligini qoʻyib, faqat shundan keyingina oʻz davlatining manfaatini qoʻyadigan yagona nemis kans­leri ekanligimni unutmang»[9].

Konrad Adenauer davrida iqtisodiy rivojlanish

tahrir
 
Adenauer Fransiya prezidenti Sharl de Goll bilan 1961 yilda Köln Bonn aeroportida

Sharqdan koʻchib kelayotganlar oqimi va kansler K. Аdenauerning hamda iqtisod ministri Erxardning qulay iqtisodiy siyosati Germaniya «Mar­shall rejasi» doirasida olgan salmoqli moliyaviy «darmon» bilan qoʻshilib shunga olib keldiki, 1955-yildayoq mamlakat misli koʻrilmagan taraqqiyotga erishdi. Germaniya eng qisqa tarixiy muddatda urush qoldirgan yaralarni tuzatishga erishdi. Mamlakat urushga qadar mavjud boʻlgan hududining qaryib yarmini va aholisining yigirma besh foizini sharqiy qismida qoldirganiga qaramasdan, 1950-yildayoq, real oylik ish haqining urushdan oldingi darajasiga yetdi. Gʻarbiy nemislar har yili Italiya, Ispaniya va Portugaliya oromgohlariga borishga odatlanib qoldilar. Qaryib har bir oila oʻz avtomobiliga ega boʻldi, televizorlar, muzlatkichlar va kir yuvish mashinalari singari oddiy narsalar haqida esa gapirmasa ham boʻladi[10].

Konred Adenauer davrida yahudiylarga nisbatan yuritilgan siyosat

tahrir

Аna shunday sharoitlarda kansler K. Аdenauer umummilliy qadriyatlarni keskin qayta koʻrib chiqishga olib keluvchi qadam qoʻyadi. Bundes­tagda nutq soʻzlar ekan, kansler birinchi marta millionlab yevropalik yahudiylarning yoʻq qilinishida nemislarning tarixiy masʼuliyatini tan oldi. Аdenauerning soʻzlari faqat nemislarnigina emas, balki boshqalarni ham hayratga soldi. Qizgʻin muzokaralardan keyin 1952-yilning 10-sentabr kuni Lyuksemburgda tovon toʻlash (reparatsiya) haqida shart­noma imzolandi. Unda yosh Isroil davlatiga moddiy yordam koʻrsatish ham nazarda tutilgandi. Isroil bilan GFR oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilgunga qadar Isroil fuqarolariga Germaniyaga borish tavsiya qilinmas edi. Vaziyat K. Аdenauer bilan Isroil bosh vaziri David Ben Gurion oʻrtasidagi toʻgridan-toʻgri muzokaralar natijasida ikki tomonlama munosabatlar normallashganidan soʻng oʻzgardi. Lekin ana shu voqealardan koʻp yillar keyin ham 1928-yilgacha tugʻilgan nemislar Isroilga borish uchun hujjatlarini berar ekanlar, maxsus anketani toʻldirishga majbur edilar. 1960-yili Nyu-Yorkda kansler K. Аdenauer bilan Isroil bosh ministri David Ben Gurionning tarixiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. K. Аdenauer yahudiylarning nemis jamiyatiga integratsiyalashuvini soddalashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga vaʼda berdi. Kansler oʻz vaʼdasini aʼlo darajada bajardi. 1961-yilda K. Аde­nauer shunday degandi: «Bizning maqsadimiz, Yevropa kelajakda barcha yevropaliklar uchun umumiy xonadon boʻlsin, u erkinlik makoni boʻlsin»[11].

 
Adenauer Isroil Prezidenti Zalman Shazar bilan , 1966 yil

Umrining soʻngi yillari

tahrir

German davlatini ajratib turuvchi Berlin devori tiklanishiga qarshilik qilishning iloji boʻlmaganligi K. Аdenauerning yagona yirik omadsizligi boʻldi. 1963-yil 15-oktabrda Аdenauer federal kansler lavozimidan isteʼfoga chiqdi. U mamlakatni 14 yil boshqardi. 1963-yil 15-oktabrda u oʻzining federal kansler sifatidagi soʻnggi nutqini soʻzladi. Undan keyingi hayotining toʻrt yilini Rendorfda oilasi davrasida oʻtkazdi, ammo yana uch yil XDIga rahbarlik qildi. Аdenauer memuarlar yozdi va bogʻiga qarardi— u faqat siyosatchigina emas, qator agronomik yangiliklar muallifi ham edi.

 
Köln soborida Adenauerning dafn marosimi
 
Rondorfdagi Adenauerning qabri

U barcha sohada meʼyorni bilishi, oilasiga eʼtiborni va oʻz-oʻzini qatʼiy nazorat qilishi bilan ajralib turardi. Har kuni ertalab soat 9 dan kechgacha oʻzining Shaumburg saroyidagi kabinetida ishlardi. Saylovoldi kampaniyalarida u mamlakat boʻylab yurardi va odamlar uni qiziqish bi­lan tinglardi. Bu siyosatchi murosaga kela olar, baʼzan ayyorlik qilar, aytganini bajartirar va ishontirar, boshqalarga quloq sola olar, qaror qilgandan soʻng esa, uning bajarilishini qatʼiyat bilan talab qilar, ayni paytda uni diktatorlikda, konstitutsiyani va demokratik normalarni buzganlikda ayblashlari uchun sabab boʻladigan ishlarni qilmas edi. Germaniyada «Millat otasi» yoki oddiy qilib, magʻlub mamlakatning qiyofasini oʻzgartirgan «Der Alte» («Qariya») deyishardi.

Konrad Аdenauer 1967-yil 19-aprel kuni 91 yoshida vafot etdi[12].

Manbalar

tahrir
  1. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 6-bet
  2. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 7-bet
  3. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 8-bet
  4. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 9-bet
  5. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 9-bet
  6. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 10-bet
  7. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 10-bet
  8. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 11-bet
  9. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 11-bet
  10. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 11-bet
  11. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 11-bet
  12. XX asr: takdirlarda aks etgan tarix / Sh. Ergashev, T. Bobomatov;— Toshkent: «Oʻzbekiston», 2015. 12-bet