Jabra (branchtae), oyquloq — suv hayvonlarining gaz almashinuv organi. Kelib chiqishi va tuzilishi har xil boʻlgan tana oʻsimtasidan iborat. Jabrada qon (yoki limfa) tomirlari qalin toʻr shaklida tarmoqlangan. Tomirlarning yupqa devori orqali qon yoki tana suyukligidan atrof muhitga SO2 ajralib, undan O2 yutiladi. Halqali chuvalchanglar jabrasi juda oddiy tuzilgan boʻlib, parapodiylarida (erkin oʻrmalab yashovchilar) yoki boshida (nay ichida yashovchilar), koʻpchilik yuksak qisqichbaqasimonlarda esa koʻkrak oyoqlari asosida yoki tanasining ikki yonida joylashgan. Hasharotlar suvda yashaydigan lichinkalarining traxeya jabralari yupqa devorli oʻsimtadan iborat boʻlib, tananing har xil joyida oʻrnashgan oʻsimtaga uchi berk traxeya naychalari kirib turadi. Mollyuskalar jabrasi ktenidiy yoki plastinkasimon. Ignaterililarniki (dengiz tipratikanlari va yulduzlari)niki ichi suyuqlik bilan toʻlgan teri oʻsimtalaridan iborat.

Suvda yashovchi xordalilar halqumi devorida bevosita yoki jabra oldi boʻshligʻi orqali tashqi muhitga ochiladigan jabra yoriklari boʻladi. Ichak bilan nafas oluvchilar, qobiklilar va bosh qutisizlar jabra yoriklari oraligʻidagi toʻsiq qon kapillyarlari bilan taʼminlangan. Jabra yoriqlari orqali suv bilan qon oʻrtasida gaz almashinuvi roʻy beradi. Balikdar jabra yoriklari jabra yoylari bilan toʻsilgan. Togʻayli baliklar jabra yoylarida jabra varaklari joylashgan. Suyakli va ayrim togʻayli baliklar jabra varaklari 2 qator boʻlib sirtdan jabra qopqoqlari bilan yopilgan. Bu qopqoqlar ogʻiz bilan bir vaqtda ochilib yopiladi. Jabra varaklari sirtidagi yupqa burmalar jabraning nafas olish yuzasini kengaytiradi. Faol suzadigan baliklar jabra yuzasi kam harakat baliqlarga nisbatan ancha keng. Suvda va quruklikda yashovchilar lichinkalarida tashqi jabra boʻladi. Jabra suvtuz almashinuvi, suv va tuz ionlarini shimib olish va ajratishda hamda ammiak va mochevina ionlarini ajratib yuborishda muhim ahamiyatga ega.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil