Nasha
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Nasha yoki Cannabis (lotincha: Cánnabis) — nashadoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻt oʻsimliklar turkumi; yigiriladigan lub tolali, moyli ekin. Vatani — Markaziy Osiyo. Tolasi va moyi uchun miloddan avvalgi 1-ming yillikdan ekib kelingan. Bir-biriga juda yaqin 3 turi bor: madaniy yoki ekma nasha (C.sativa) — tola olish uchun Rossiya, Belarus, Ukraina, Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida, Hindistonda ekiladi, yovvoyi holda Mongoliya, Afgʻoniston, Hindiston, Pokiston, Xitoyda oʻsadi; hind nashasi (C.indica) — Eron, Turkiya, Suriya va boshqa mamlakatlarda urugʻidan quyuq moy olish uchun, bargi hamda poyasi chekiladigan nasha (narkotik mahsulot — gashish) va urgʻochi toʻpgulidan marixuana olish uchun yetishtiriladi, yovvoyi holda Oʻrta Osiyo, Pokiston, Afgʻoniston va boshqa mamlakatlarda oʻsadi; yovvoyi nasha (C.ruderalis) — Oʻrta Osiyo, Gʻarbiy Sibir, Volgaboʻyida bahorgi ekinlar orasida, partov yerlarda begona oʻt sifatida koʻp oʻsadi.
Madaniy nashaning ildizi oʻq ildizdir. U 1,5—2,0 m chuqurlikka kirib boradi. Poyasi 1–5 m gacha yetadi, diametri 10– 30 mm, 7—8 boʻgʻinli, nisbatan issiq-sevar, namsevar oʻsimlik. Naviga qarab vegetatsiya davri 65—160 kun. Ikki uyli (erkak va urgʻochi oʻsimlikka boʻlinadi), chetdan changlanadi. Barglari panjasimon, yashil, bandlari qizgʻish-binafsharang. Gultoʻplami shingil, urgʻochi oʻsimliklarida gʻuj, barg qoʻltiqlarida, erkak oʻsimliklarida esa yon shoxlarining uchlarida joylashadi. Gullash davri 15—25 kun davom etib, erkak oʻsimlik gullari urgʻochi oʻsimlik gullaridan 4—7 kundan keyin ochiladi. Mevasi ikki pallali, bir urugʻli yongʻoqcha, yuzasi silliq, diametri 2–5 mm. 1000 dona urugʻi vazni 10—26 g. Urugʻi 1—2° da unib chiqadi, 8—10° da maysalanadi, —5, —6° sovuqqa chidaydi, 19—25° da yaxshi rivojlanadi. Shonalash-gullash davrida suvni koʻp talab qiladi. Erkak oʻsimliklari erta yetiladi. Tolasi poya poʻstlogʻida joylashadi, dagʻal, yoʻgʻon, ammo juda pishiq, nam oʻtkazmaydi. Poyasida 27% gacha tola bulib, undan dagʻal gazlamalar, qop-qanor, arqon tayyorlanadi. Urugʻida 30—35% moy, 18— 23% oqsil mavjud. Moyi qandolatchilikda, konserva, qayta ishlash, lok-boʻyoq sanoatida, sovun tayyorlashda ishlatiladi. Kunjarasi mollarga beriladi. Tola olish uchun yoppasiga qatorlab, urugʻ olish uchun keng qatorlab ekiladi. Tolasi uchun gullash davrida uriladi. Suvda ivitilib, quritiladi va tolasi ajratib olinadi. Oʻrta Osiyoda qadimdan narkotik modda beradigan hind nashasi chilim tayyorlash uchun ekilgan[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |