Saratov viloyati
Rossiya Federatsiyasi subyekti | |
Саратовская область Saratov viloyati | |
---|---|
Saratov viloyati bayrogʻi | Saratov viloyati gerbi |
Administrativ markaz | Saratov |
Maydon | 101 240 km² (32-chi) |
- suv qismi | 2,05% |
Aholi | 2 503,6 ming kishi (20-chi) |
- maʼlumot olingan vaqt | 2013 |
- zichlik | 24,7 kishi / km² |
YaIM | 369,6 mlrd rub. (25-chi) |
- maʼlumot olingan vaqt | 2010 |
- jon boshiga | 128,2 ming rub. |
Federal okrug | Privoljsk |
Iqtisodiy tuman | Privoljsk |
Gubernator | Valeriy Radayev |
RF subyekti kodi | 64, 164 |
Vaqt mintaqasi | MSK+4 (UTC+8) |
Saratov viloyati – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1934-yil10-yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 100,2 ming km². Aholisi 2669,3 ming kishi (2002) asosan, ruslar (85,6%), shuningdek, ukrain, tatar, qozoq, mordva, chuvash, belorus, nemis va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi – 73,2%. Saratov viloyatida 38 maʼmuriy tuman, 18 shahar, 30 shaharcha bor. Markazi – Saratov sh.
Saratov viloyati Sharqiy Yevropa tekisligining janubi-sharqida, Quyi Volga boʻyida, Volga daryosining har ikkala soxilida joylashgan. Eng baland joyi 370 m. Foydali qazilmalardan tabiiy gaz, neft, yonuvchi slanetslar, kurilish materiallari bor. Ikdimi kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi–12°, iyulniki 22°. Yiliga 250–450 mm yogʻin yogʻadi. Vegetatsiya davri 127–150 kun. Asosiy daryosi – Volga va uning irmoklari: Tereshka, Katta Irgaz; Volgograd va Saratov suv omborlari bor. Saratov viloyati oʻrmonli dasht va chala choʻl zonalarida joylashgan.
Tuproklari asosan, qoratuproq, toʻq kashtan va kashtan tuproklar. Hududining 5% oʻrmon (qayragʻoch, dub, qayin). Yovvoyi hayvonlardan yumronqoziq, dala sichqoni, qoʻshoyoq, olaxurjun, malla tovushqon, tulki, boʻri, sassiqkoʻzan, oʻrmonlarda los, dashtlarda saygʻoq yashaydi. Ondatra, yenotsimon it, bobr, vixuxol, qobon, norka, xoldor bugʻu iqlimlashtirilgan. Daryolarda laqqa, leshch, sudak va boshqa baliqlar bor. Viloyat hududida Xvalin milliy bogʻi joylashgan.
Sanoatining asosiy tarmoqlari: mashinasozlik va metallni qayta ishlash (aviatsiya zavodi; trolleybus, podshipnik zavodlari, avtotraktor pritseplari, sovitkich va muzlatkich, metall kesuvchi stanoklar, priborlar, avtomatlashtirish vositalari va ular uchun ehtiyot qismlar, yoʻl mashinalari ishlab chiqarish), oziq-ovqat, kimyo va neft kimyosi (mineral oʻgʻitlar, sulfat kislotasi, kimyo tolasi va iplari, „Balvisko“ va „Ximvolokno“ korxonasi), texnik rezina buyumlari („Balakovorezinotexnika“ korxonasi), yengil (tikuvchilik, trikotaj, poyabzal, ipak va ip gazlamalar) sanoatlari korxonalari ishlab turibdi. Qurilish materiallari, taxta tilish va yogʻochsozlik, toʻqimachilik sanoati tarmoqdari mavjud. Neft va gaz qazib olinadi. Saratov GES, Balakov AESlari qurilgan. Asosiy sanoat markazlari: Saratov, Balakovo, Balashov, Volsk shahlari.
Saratov viloyati – Rossiyaning muhim qishloq xoʻjaligi rayonlaridan biri. Gʻalla, texnika ekinlari (kungaboqar, qand lavlagi), kartoshka, sabzavot, poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Chorvachiligi goʻsht va sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Koramol, choʻchqa, qoʻy, parranda boqiladi. Volga daryosi va Volgograd suv omborida kemalar qatnaydi. Saratov – Moskva, Saratov –Penza, Nijniy Novgorod – Cherepovets, Oʻrta Osiyo – Markaz gaz quvurlari oʻtgan. Transport yoʻli uzunligi 2299 km, qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari uzunligi 9998 km (2002). Saratov shahrida xalqaro aeroport bor. 12 oliy oʻquv yurti, 13 muzey, 7 teatr, filarmoniya, sirk faoliyat koʻrsatadi. Kurort bor.[1]
Vikiomborda Saratov viloyati haqida turkum mavjud |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |